Yusuf Siddiq alayhissalom

0
308
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Kelishib olishgach, ular otalariga aytdilar: “Ey ota, issiq kunlar boshlandi. Bugun kun Hut otli qishlovdan Hamal otli yozga oʻtdi. Ulugʻvor koʻk yigʻlar, yagʻir yer kular bulutlar yosh oqizsa, yosh oʻgʻlon onadan tugʻilgandek oshini oshab boʻlgan qora yerdan koʻkatlar unar”

 Bayt. Bahoriyot

Mavlono Nosiruddin Rabgʻuziy:

Qad jaʼat al-azharu baʼda favtiha

Va gʻannat at tayru bi aʼlo savtiha.

Fa unzur ila aassari rahmatillahi,

Kayfa yuhiy al-arza baʼda mavtiha.

 Kun hamalga kirdi ersa keldi olam navroʻzi,

Kechda bahman zamharir qish qolmadi qaro buzi.

 Kun kelu ming koʻrki ortib tirilur oʻlmish jahon,

Tong badizlab naqshi birla bezanur bu yer yuzi.

 Tong otardi esnayur toʻrt bulungdin shamol, ziyo,

Kun tuzar kindik yipor yizlanur yobon yozi.

 Yorligʻi yepkun-bagʻirdin obugʻi yashil, qizil,

Orasi butoq, yaburgʻoq, tol chechaklar tub tuzi.

 Oʻrlasa bulutlari gulchirar bogʻu boʻston,

Tol yigʻochlar yeng solishur oʻynayurtek qoʻy-qoʻzi.

 Kirshani qor qani englik boqsa togʻlar suvrati,

Toʻngligʻi tangsuq yipordan Rum xitoy atlas, choʻzi.

 Lola sagʻroqin icharda sayrar usrub sanduvoch,

Turna un tortib oʻtarda sakrashur baqlan qoʻzi.

 Koʻkda oʻynar qoʻl solishur qoʻgʻu qoz qargʻuloch,

Yerda yugrub juft olishur os, tiying, qish kunduzi.

Tol yigʻochlar minbarinda toʻti qush majlis tutar,

Qumri, bulbul, mukri boʻlib un tuzar tun kunduzi.

 Yagʻiz yer, koʻk tengizlik yashnayur maydon boʻlib,

Ogʻrushim oytak chechaklar tegrasinda yulduzi.

Huri in ujmoq ichinda yeng solib tahsin qilur,

Yoz uza mundogʻ gʻazallar aytishda Nosir Rabgʻuziy.

 Ana shunday kunda oʻgay ogʻalari yana aytdilar: ”Ey, ota, ana shunday safoli kunda sabo nuridan emgan komil Yusufni biz bilan birga joʻnat. Choʻl yozini koʻrsin, qoʻy-qoʻzilarni quvib yurib, qaygʻulari sochilsin, dili yanada ochilsin”, – deb yolgʻon ila otalarini avradilar. Yoqub yalovach aytdi.”Oʻgʻillarim siz bilarsiz, men Yusufsiz suvsizlikda qolgan baliqdekman”. “Nima boʻldi senga, bizga ishonmassan. Biz ham uni sendan kam yaxshi koʻrmasmiz. Uni oramizda uchayotgan qushdek olib yuramiz”. Yoqub aytdi: ”Koʻnglim bezovta, uni olib ketishinglar meni xafa qiladi. Va sizlar gʻaflatda qolib, uni boʻri yeb ketadi, deb qoʻrqaman”.

Savol: Yoqub yalovoch nega Yusufni boʻri yeyishidan qoʻrqaman deb dadil aytdi? Javob:Yalavochimiz Muhammad  Mustafo alayhissalom aytadiki, qachon Mavlo Azza va Jalla Yusufni oʻldirganlar yoki uzoqqa tashlaganlar Yoqub yalavochni Yusuf firoqi bilan yigʻlatmoqni taqdiriga bitganida. Yoqubning koʻngliga xavf dahshatini soldi. Yoqub qirq kun-tun uxlamadi. Toat-ibodat qilib, Ollohga yolboradi. Qirq tun tamom boʻlganida uni gʻaflat bosib uxlab qoladi. Yusuf Yoqubning qoʻynidaligida tush koʻrdi. Oʻzini togʻning boshida, Yusufni daryoning qurigan oʻzanida koʻrdi. Unga oʻn nafar boʻri jonini olmoqqa shaylanib, halok qilgudek hamla qilmoqda edi. Yoqub togʻ tepasidan boqar, yana boʻrilar uni quvardi. Yusuf boʻridan xalos boʻlishida yer yoriladi va u yer ostiga tushib ketadi, uch kundan keyin yana chiqadi. Yoqub qoʻrqib uygʻonadi.

Akalari otasi ruxsat bermasligini bilib, Yusufni avradilar. Yusuf otasiga yalindi: “Meni akalarim bilan joʻnat, dala — dashtni, qoʻy — qoʻzilarni koʻrib koʻnglim yozilsin”.

Yoqub dedi:

– Ey, koʻzimning nuri, koʻnglimning toʻqligii, bagʻrimning parchasi, yuragimni quvonchi. Men sen bilan yuksakman, sensiz yashay olmayman.

Yusuf aytdi:

– Bilaman meni qattiq suyasan, uning alomati shuki, mahbubning istagini bajarish. Mening tilagim ogʻa-inimlar bilan bormoq.

Yoqub uni eshtib, ingrandi, va dedi: “Ey, koʻrkam yuzli Yusufim, soʻzingni sindirolmayman. Istagingga roziman. Qarindoshlaring birla borgil kechqurun yana bagʻrimga quchib goʻzal koʻzingni begʻam koʻrayin”.

Qarindoshlari kelib Yusufni olib ketayotganida Yoqub yigʻlab, dedi: “Ey oʻgʻlonlarim, meni Yusufsiz qoʻymang, unga yaxshi boqing, ogʻrisa yelkangizga oling, och boʻlsa osh, suvsasa suv bering”.

Ular aytdilar: Ey, ota, bu nasihatlarni yot kishiga qilgin, biz ukamizni och va suvsiz qoʻymaymiz.

Yoqub yigʻlab Yusufning boshini yuvdi, sochini taradi, undan keyin qoʻlini duoga koʻtardi va Ollohga iltijo qildi: “Ollohim, Yusufni senga topshirdim, menga tirik qaytargil. Firoq oʻti bilan meni yondirmagil”.

 Keyin Yusufni ularga berdi. Otasining yonida Rubil Yusufni yelkasiga oldi, Keyin Yahudo, Shamʼun, Loviy uni yelkadan yelkaga oldilar. Yoqub Yusufni kuzatib chiqdi. Baland tepadan oshguncha kuzatib turdi. Yusufning qorasi koʻrinmas boʻlganida boʻtalogʻini yoʻqotgan tuyadek boʻzladi. Yigʻlab-yigʻlab uyiga qaytdi.

Otalaridan yiroqlashgach ogʻaolari Yusufni yerga qoʻydilar va aytdilar: “Ey, Rahil oʻgʻli, yolgʻon gapirishing yetmaganmidi? Yana boʻynimizga minib olibsan, ozroq yurgil.

Issiq qumda yalang oyoq qoʻydilar. Yusufning oyogʻi kuydi, chanqadi, charchadi. Rahm-shafqat tilab qarindoshlarining yuziga bir-bir termildi. Rahm qilmadilar. Qattiq chanqadi, yurarga madori qolmadi, yolborib dedi: “ Ey, akalarim juda ochqadim, chanqadim”. “Borgil yolgʻon tushinga aytgil osh, suv bersin, – dedilar.

Yusuf och, suvsiz zor-zor yigʻlab yoʻlida davom etdi. Ular Yusufni qanday yoʻqotishni kelishib olish uchun oldinroq ketib, bir tepaga koʻtarildilar. Biri tosh bilan yanchishni, biri pichoq sanchishni, biri yerni chuqur qazib tiriklayin koʻmishning maslaxatini berdilar.

Qarindoshlari Yusufga taom, suv bermay, uch yigʻochlik (bir yigʻoch–taxminan 9 km keladigan masofa birligi) yergacha bordilar. Yusuf ularga yaqin kelsa, fitnani qoʻyib boshqa mavzuga oʻtar edilar. Yusuf ularga yaqin kelsa, fitnani kilib boshqa mavzuga oʻtar edilar. Yusuf ularning yozuv niyatlarini angladi. Rubilning oyogʻi ostiga yiqilib, boʻzladi: “Ey, qarindoshim koʻrmaysanmi, meni oʻldirish qasdiga tushdilar. Menga rahm qilmasang, otamga rahm qil, uni kuydirma. Otam oʻrniga otamsan. Meni qutqargil. Rubil oʻzidan itarib, dedi: Bor, tushingga ayt, seni ular qutqarsin”.

Yusuf undan ezgu soʻz eshitmagach, Shaʼmunning yoniga bordi, yolbordi. U ham rahm qilmadi. Itarib tashladi. U yuzi bilan tushdi, yonoqi qum boʻldi. Yuqori boqdi, koʻk uzoq, yerga boqdi, yer qatiq yana un koʻtardi. Yaxudoning oyogʻiga yopishib yigʻladi. “Ey Yaxudo barchadan sen mehribonroq eding, qarindoshlarimni insofga chaqir Menga rahm qilgin”.

Yusufning nordek yonoqidan joʻshqin anxordek yoshlar qoʻyildi. Yolvorishini eshitib, Yaxudoning mehri toblandi. Ey, qarindosh, menga yaqin kelmagin, sen bilan gaplashganimni koʻrishsa meni ham oʻldiradilar.

Barcha qarindoshlar yigʻilib maslahatlashayotganda Yaxudo dedi: ”Ey, qarindoshlarim, odam oʻldirish katta gunox. Ulugʻ kun soʻrov kunida ne deb javob bergaysiz? Otamizni ham oʻylang, unga yovuzlik qilmang”. Yaxudoga qattiq soʻzladilar. Yahudo aytdi: “Uni oʻldirib bizga necha yer keng qolgay, oyoq-qoʻlin bogʻlab, qorongʻi quduqqa tashlaylik”.

 Savol: anbiyo, paygʻambarlar urugʻiga, qon toʻkish mumkinmi? Javob: Ular eʼtiqod bilan qon toʻkmoqni joiz, halol koʻrmadilar. Agar halol koʻrishsa kufr boʻlishardi. Yalavochlar kufrdan maʼsumdirlar.

Yana bir javob: Imom Abdulhasan Shofiʼiy rahmatullohi alayhi «Usmatul anbiyo» asarida keltirishicha, Yusufning qarindoshlari Yusufga zulm qilayotganda yalavoch emas edilar.

Yusufni quduqning boshiga sudrab keldilar. Yusuf ularning yuzlariga termulib yolvordi:

– Ey, qarindoshlarim, menga rahm qiling. Menga rahm qilmasangiz keksa otamga rahm qiling. Tangridan qoʻrqing.

– Bu soʻzni soʻzlaguncha toʻningni yech, – dedilar.

Yusuf yana yolbordi:

– Ey qarindoshlarim, otam haqi koʻylagimni menga bagʻishlang, tirik qolsam avratimni bekitaman, oʻlsam kafan boʻladi. Yana iltimosim qoʻlimni bogʻlamang. quduqdagi qush, ilonlarni quvlayman.

– Tushingdagi oy, quyosh va oʻn bir yulduzga aytgil, toʻn va koʻylak bersin, – deb unamadilar.

(Davomi bor).

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.