Zulayhoni nozik harir kiyimlarda koʻrib, yigit yuz oʻgirdi. Orqaga qaradi, oʻz suvratini koʻrdi. Zulayho bilan quchoqlashib tomda turardi. Oʻngga, chapga, tepaga, pastga qaradi. Barchasida Yusuf bilan Zulayho mehr-muhabbat bilan tasvirlangan edi. Soʻngra Zulayhoga qaradi. Tasvirlardan-da goʻzal edi. Aytishlaricha Momo Havodan buyon Zulayhodek goʻzal ayol boʻlmagan. Koʻngli yumshadi.
Savol: Zulayho Yusufni avradi, Yusuf Zulayhoni emas. Nega? Chunki, Yusuf paygʻambarlardan edi. Paygʻambarlarga zino qilish mumkin emas. Zulayhoda ragʻbat bor, Yusufda esa mardlik, jasorat bor. Yaʼni paygʻambarlarga xos oʻz nafsini tiya olish qudrati mavjud.
“Ehson al-bayon” hikoyatida keltirilishicha Madina shahrida Sulaymon ibn Yasar nomli xushsuvrat kishi bor edi. Madinalik xotinlarning koʻpi unga oshiq boʻldilar. Sulaymon ibn Yasar bu holni bilib qolib, baloga uchramay deb u yerdan qochdi. Shomga borib joylashdi. Yetti yildan keyin tushida Yusufni koʻrdi.
– Nimaga Zulayhoga koʻngling ketdi, yaʼni xotinga mayling keldi, biroq qasd qilmading?
– Sen nega Madina ayollariga mayl bildirmading, qochding? Bundan kelib chiqdiki, uning mayli boʻlgan, biroq zinodan qoʻrqqan. Qurʼoni karimda shunday deyiladi: Agar parvardigorimiz moʻjizalarini, ochiq hujjat alomatini koʻrmaganida edi Yusufning ham Zulayhoga mayli boʻlardi. Yusufdan yomonlik va buzuqlikni chetlatish uchun mana shunday qildik. Zero, u pokiza bandalarimizdandir (Yusuf surasi 24-oyat).
Paygʻambar alayhissalom debdilar: «Menga dunyolaringizdan uch narsa suyuklidir: biri xushboʻy narsalar, ikkinchisi musulmon xotin zoti, uchinchisi namozda koʻzimning yorugʻ boʻlishi».
Hikoyat:
Bir ayol imom Muhammad ibn Hasan Shayboniyga oshiq boʻldi. Uni kutib oʻtirdi. Imom Muhammad kelganida unga aytdi: “Ey moʻminlar imomi, senda bir maslahatli ishim bor, uyga kiraylik”. Imom Muhammad uyga kirdi. Undan keyin ayol kirdi va eshikni berkitdi. Imomga yopishdi. Imom nasihat qildi, boʻlmadi. Imom aytdi: “Meni hojatim bor. Ruxsat ber, tashqariga chiqib kelayin” – dedi.
Imom hojatga chiqdi, vujudidan chiqqan axlatni boʻyniga, yuziga surtdi. Ayol uni koʻrib ijirgʻandi, koʻngli sovudi. Imom uyiga bordi. Ming tanga sadaqa berdi. Ollohga shukr aytdi.
Qissadan hissa, odamzoddan ikki narsa qolur – ezgulik va essizlik. Zulayho oʻldi. yillar oʻtdi. Uning essiz ishini hamon aytib kelarlar. Yusuf ham dunyodan oʻtdi. Ezgu nomi dillardan tillarga koʻchib yuradi.
Yana Zulayhoga qaytsak. Yusufni uyga chorlagach, u kirgandan keyin eshiklarni temir zanjir bilan berkitdi. Yusuf uni sezib tizza toʻnini bogʻichlar bilan tugdi. Zulayho uni koʻrib, tizza toʻnini yechyapti deb, oʻyladi va uy toʻrida but bor edi uni chodir bilan yopdi.
– U yopganing nima edi, – soʻradi Yusuf.
– Men sigʻinadigan maʼbudam. Undan uyalarman, – javob qildi Zulayho.
– Sen sanamingdan uyalyapsan, men nega oʻz Ollohimdan uyalmayin?
Baʼzilar aytishicha, Yusuf ushbu ishni qilaymi, yoʻqmi deb oʻylandi. Zero, qulning oʻz erki, murodi boʻlmaydi. Biroq, burxon(dalil) koʻrindi. U dalil nima edi? Bunda turli xil rivoyatlar gapiradilar.
”Yusuf qanoti yulingan qushlardek boʻlasan. Barcha qushlar uchib ketsa, sen yerda qolasan, – degan ishorani koʻrsatdi Olloh. Yana aytadilar-ki, shipda Yoqub yalavoch suvratini koʻrdi va eshitdi: “Yalavochlar avlodi, ushbu ahmoq ishni qilmagaylar”.
Yana aytarlar, uyning shipida bitik koʻrdi. Unda ”Zino qilma” deyilgan edi.
Yana aytarlar, Azizi Misriyni koʻrdi. Yana aytmishlar Zulayhoga boqqanida uni koʻrksiz koʻrdi. Burnining teshiklari keng, koʻzlari chaqir, yuzlari habashiy erkaklardek edi. Uni koʻrib Yusuf yuz oʻgirdi.
Zulayho yigitni avramoqchi boʻldi, kuyladi. Bir soʻz aytayin deb gʻazalni oh tortib oʻqidi.
Gʻazal
Jilva birla solnu ol yanoqligʻ yoni qor,
Koʻzlari yulduz, yuzi kun, olini koʻkning oyidin.
Koʻrsayurman koʻrkungizni koʻrgu boʻlmas koʻzginam,
Koʻrk zakot berki vojib qilsa koʻrkning boyidan.
Qosh otib koʻnglimni olgʻan jon qoʻlarsiz berayin,
U netak oshiq boʻlurkim qaytsa maʼshuq rayidin.
Nogahon bir qubla qoʻlsam oʻfqa birla hoyqirar,
Jon berib oʻlgay telim ul jumla qilgʻan hoyidan.
Rabgʻuziy qul Nosiruddin tabʼi turluk soʻz tuzar,
Gulchirab usruk oʻlay koʻz boqsa quymoch qoshidin.
Yusuf Zulayhodan qochdi. Zulayho quvdi. Qaysi eshikka yetsa, Ollohning qudrati bilan zanjirlar ochilar edi. Yusuf oldinda Zulayho ketida yettinchi eshikka yetganda Zulayho Yusufning ort etagini tutib tortdi. Toʻnining etagi yirtilib bir parchasi qoʻlida qoldi. Ikkalasi sochlari yoyilgan, quvalashib tashqari eshikka chiqqanida darvoza oldida xotinning erini uchratib qoldilar. Xotin barcha aybni yigitga yukladi.
U dedi: “Seni xotiningga yomonlikni ravo koʻrgan odamning jazosi nima boʻladi?”
– Aziz soʻradi: Mening uyimda mening ayolimga kim yovuzlik qildi, yomon koʻz bilan qaradi?
– Men uyda yolgʻiz yotgan edim. Yusuf kirdi, meni koʻrdi, shirin soʻzlar bilan maqtadi, bagʻriga olmoq boʻldi. Achchiqlandim. Quva chiqdim. Seni bu yerda koʻrdim, – dedi Zulayho.
Olloh taolo Yusuf surasida ikkisidan xabar beradi: “ U xotin dedi: Seni xotiningga yomonlik ravo koʻrgan odamning jazosi faqatgina…”
(Davomi bor).
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi