Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
542
marta koʻrilgan.
Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

 

Latifa

Zulayho majoziy edi, u oʻz aybini yigitga yukladi. Ayollarsiz tiriklik yoʻq va ular bilan tinchlik ham yoʻq. Yusufni baloga giriftor etdi va yana oʻldirib qoʻymasin deb  zindonga tashlash fikrini  oʻrgatdi.

–  Seni xotiningga yomonlik ravo koʻrgan odamning jazosi faqatgina zindonga solinishidir, – deb yoʻl koʻrsatdi.

Aziz Yusufga dedi: “Men seni sotib oldim. Biroq quldek ishlatmadim. Oʻz oʻgʻlimdek koʻrdim. Ezgulikka javobing shumi?” Yigit javob qildi: “Menda gunoh yoʻq. Zulayho menga qoʻl  uzatdi. Qochib chiqdim.” Aziz soʻradi: “ Pokligingga guvoh bormi?”

Zulayhoning Talxon degan  joriyasi bor edi. Uning toʻrt oylik bolasi beshikda yotardi.  Yusuf unga ishorat qildi.

– Ey, Yusuf gunoh qilding, yana yolgʻon ham suylaysan. Toʻrt oylik bola gapiradimi? –  dedi Aziz.

 Beshikdan un keldi: “Menga yaqin kel, zero soʻzimdan xursand boʻlarsan”. Goʻdakni tingladi: “Agar uning koʻylagi orqa tomonidan yirtilgan boʻlsa, unda xotin yolgʻon gapirgan boʻladi. Va erkak rostgoʻylardan boʻladi”.

 Savol: Nega goʻdak Yusuf aybsiz, Zulayho aybdor deb toʻgʻridan toʻgʻri aytmadi. Ishora bilan aytganida qanday hikmat bor? Ikki xil guvohlik boʻladi: toʻgʻri va yolgʻon. Beshikdagi goʻdak Mavlo Azza Jalla nazdida suyukli musulmon bandasi edi. Suyukli bandalar birovning aybini ochmaslar. Shuning uchun ishorat bilan gapirdi. Yolgʻon gapirish gunoh, toʻgʻrisini ochiq aytsa, birovning aybini ochgan boʻlardi. Shuning uchun ishorat ila  ilmoqli gapirdi. Mushohadaga izn qoldirdi. Aziz Misrning oʻzi angladi. Tangri taolo oʻzining maʼsum paygʻambarini maʼsum goʻdak orqali oqladi.

Endi qachon-ki, (Zulayxoning eri Yusufning) koʻylagi orqa tomonidan  yirtilganini koʻrgach: ”Ey, ayollar, albatta bu ish sizlarning makru-hiylalaringdandir. Darhaqiqat sizlarning makrlaringiz juda zoʻrdir. Yusuf sen bu ishni unitgin, sen esa (Ey, Zulayho) qilgan gunohingga istigʻfor ayt, tavba qil. Chunki, sen adashgan kimsalardan boʻlding,” –  dedi. (Qurʼoni karim, Yusuf surasi, 28-29 oyat).

 Aytishlaricha, ayollarning makri shaytonning  vasvasasidan kuchlidir. Chunki, Qurʼon oyatlari oʻqilsa Shayton chekinar, ayol chekinmas. Shayton yomonlik qilar paytida yolgʻizdir. Ayol makr ishlatayotgan paytda shaytonga suyanadi. Ular ikkov boʻladi.

 Odamlar bu holatdan xabar topdilar. Misr eli ulugʻlarining xotinlari eshitdi. Ular olti kishi edilar. Zulayho ular bilan bordi-keldi qilardi. Keyingi paytda oshiq boʻlib, sirim ochilmasin deb bormay qoʻydi. Ular Zulayho qulga oshiq boʻlibdi, qul esa qaramas ekan deb, malomat qildilar. Bu gap-soʻzlar Zulayhoga yetib keldi. Misr ulugʻlarining ayollaridan qirq nafarini uyiga chorladi. Mazali taomlar pishirdi. Olti xotin ular ichida edi. Olti pichoq bilan olti lagan goʻsht keltirdi. Ularning oldiga qoʻydi. ”Azizlarim uzoq yillik doʻstmiz. Bugun sizlarga bir tilagim bor. Yuzlaringizni yopinglar. Chodirlaringizni kiyinglar, pichoqni qoʻlingizga olinglar. Doʻstim Yusuf kelganida mening koʻnglim uchun yemaklardan kesib, uning ogʻziga solinglar. Kim katta kesib tezroq yedirsa, unga sovgʻa bergayman, – dedi Zulayho.

Yusuf Zulayho soʻzini sindirmayin deb, mehmonxonaga kirdi.

 Xotinlar Yusufni koʻrdilar, gʻoyatda hayratda qoldilar. Ular kunduz kuni quyoshni koʻrganday boʻldilar.

Rasul alayhissalom Meʼroj tunida toʻlin oydek goʻzal Yusufni koʻrganini, uni yuziga boqsa, oʻz yuzini koʻzguda koʻrgandek boʻlganini, tishlari billurdek yarqiraganini aytadilar.

Ayollarning koʻzlari Yusufni koʻrar, tillari olqish aytar, qoʻlidagi pichoq bilan qoʻllarini kesar edilar va uni sezmasdilar.

(Davomi bor).

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.