Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.
– Bu odam bolasi emas, ulugʻ bir farishtadir, deya har biri hamdu sano ayta boshladilar.
Eng ilki tishi(ayol) aytdi:
Toʻlin oyni koʻrsang tugʻar koʻmiyur,
Arigʻ hurni koʻrdi ulash oʻnayur.
Ikkinchi tishi aytdi:
Hamul oyni koʻrgan yagʻiz yer uza,
Ayoqin yurirda koʻngil bulgʻayor.
Uchinchi tishi aytdi:
Adiz koʻkda oyni yaratdi izi,
Bu kun koʻrsa oygʻa kelib tunayur.
Toʻrtinchi tishi aytdi:
Tishilarni olalar Misr elinda,
Tutib qiynayurda koʻzi qaynayur.
Beshinchi tishi aytdi:
Bu oʻgʻlonni sotmish qarindoshlari,
Bu kuchni muhosib qachon sinayur.
Oltinchi tishi aytdi:
Yalovoch urugʻi uchun bu origʻ,
Aning muncha tenglik izi sinayur.
Zulayho ularning qoʻllarini kesishlarini koʻrdi va kuldi. Yusufga ketishga ruxsat berdi. Zulayho dedi: “Qoʻllaringizga qarang”. Ular qoʻllariga boqdilar, barcha barmoqlari kesilgan, bilak va liboslari qonga bulgʻangan edi.
– Sizlar bir daqiqa koʻrib, hushingizni yoʻqotdingiz. Men har daqiqa yonidaman, qanday oshiq boʻlmasligim mumkin. Malomat qilganlar malomat ostida qoldilar.
– Oʻz gʻulomiga oshiq boʻldi deb malomat qoldingiz. Unga oshiqman, Yusufni chorladim. Eshiklarni berkitdim. Toʻni etagini yirtdim, u koʻnmadi. U ham koʻrklik, ham toʻgʻri soʻzlik, ham zohirdir. Uni deb yuzim shuvut boʻldi. Aytganimni qilmasa zindonga tashlataman.
Olti ayol ham unga koʻmaklashar boʻldi. Yusuf Ollohga yolvordi: – Ular endi yetti ayol boʻldi. Ularning gapiga koʻngandan koʻra zindon afzalroqdir.
Zulayho men koʻrmasam boshqalar ham koʻrmasin deb Yusufni zindonga tashlatdi. Yusufni zindonga keltirganida toʻnini yechar boʻldilar. Zulayho unamadi. “Bu yigit zindonga tushadigan emas, biz uni xaloyiqdan yashirurmiz”.
Zindonni tozalatdilar, bezatdilar, bisotlar toʻshadilar, taxt qoʻydirdilar. Yusuf zindonga kirgach, u yer yorishdi. Zindon xalqi sevindi. Yusuf doimo bir burchakda namoz oʻqir va oʻqib boʻlgach yigʻlar edi. Zindondagi kishilar ham qoʻshilib yigʻlashardi. Kunduz roʻza tutar va namoz oʻqirdi. Saharda oʻlgan onasining yodi xotirasiga duo qilardi va otasi uchun yigʻlardi. Kim tush koʻrsa taʼbirini bildirardi.
Savol: tush taʼbirini zindonda qanday bildi?
Javob: Olloh taolo Jabroil farishtani yubordi. Yusuf namoz oʻqiyotganida, uzumga oʻxshash meva olib kelib, uni Yusufning yelkasiga qoʻydi. U erib barcha tomirlariga yoyildi. Yusuf tushlar karomatini karomat orqali bildi. Misr eli turli tuman taomlar olib, Yusufni koʻrgani kelishar edi. U yemishlarni zindon ahliga tarqatardi. Zindon ahli dedi: “Ey, Yusuf, biz seni suyarmiz.”
Yusuf aytdi: “Otam meni suydi, quduqqa tushdim. Ozod edim, qul boʻldim. Zulayho suydi, zindonga tushdim. Sizlar suysangiz endi boshimda nimalar bor ekan?”
Ertalab namozdan soʻng zindon ahliga ilm oʻrgatar edi. Zindonga ikki yigitni keltirdilar, biri Misr shohining oshpazi–Malsa, biri soqiysi–Samvo edi.
Savol: U ikkovining zindonga tushganidan maqsad ne edi? Javob: Abdulloh ibn Abbos aytishicha, Rum shohi Misr shohiga elchi yuborib, bizga xiroj toʻla va bizning nomimizdan pul zarb qil, mamlakat bizga qolsin, deya topshiriq beradi. Elchi Misrga keldi. Bir kampir eshik tagida oʻtirardi. “Qoʻnoq olasizmi?” – deb soʻradi.
– Menday qari kampirning uyi maʼqul kelsa tushgin.
Qoʻnoq tushib osh yedi, biroq ot bogʻlaydigan joyni topa olmadi. U kampir Misr podshosini qargʻadi. “Podshohni qargʻash xosiyatsiz boʻladi”, dedi mehmon. “Uyim yonida otamdan meros ochiq maydonim bor edi. Uni mendan tortib oldi. Bugun ot bogʻlashga ham joyim yoʻq”. Mehmon bildikim, kampir Rayyondan rozi emas. “Podshohga ikkalamiz ogʻu bersak boʻladimi?”deb soʻradi.
Kampir maslahat berdi: “Podshohning bir soqiysi va bir navvoyi bor. Ular ikkalasi meni onadek koʻrarlar. Ular kelganida mol-dunyo berib koʻndir”.
Ular kelganida maqsadini aytdi. Soqiy koʻnmadi, oshpaz rozi boʻldi. Mehmondan mol olishga borayotganida, kampir oʻylanib qoldi: “Podshoh oʻlsa, Rumdan lak-lak qoʻshin keladi, odamlar oʻlar, mening oxiratim na boʻlar”.
U Rayyon malikka voqeani aytdi. Ikkalasini zindonga soldi. Ular kelganida Yusuf tushga taʼbir aytardi. Qani biz ham tush koʻrdik, deb aytamiz, nima derkan deb ikkovi kelishib oldilar. Yusufga salom berdilar. Soqiy aytdi: “Tushimda uzumning mevalarini yeb, uch donasini ekdim. Gurkirab oʻsib, koʻp meva berdi. Uni siqib, sharob tayyorlatganimni koʻrdim”. Navvoy aytdi: “Tushimda uch tandir koʻrdim. Biri oq, biri qora, biri qizil. Ularda non pishrdim va boshimda koʻtarib turganmishman. Qushlar ularni yeb ketayotganmish”.
Yusuf soqiydan soʻradi: “Uzum oqmi, qizilmi, achchiqmi, chuchukmi edi? Idishi qanday edi?”
– Meva idishi qandayligining nima farqi bor. Bularni sen qayerdan oʻrganding?
Yusuf aytdi: “Kofirlikni qoʻydim”.
Ular soʻradilar: “Kofirlikni qoʻysang, qaysi yoʻldan yurasan?”
– Otam Ibrohim, Isʼhoq va Yoqub yoʻlidan yuraman. Siz butlarni oʻz qoʻlingiz bilan yasab unga sigʻinasiz. Siz zalolatdadirsiz. Alloh yolgʻiz, unga imon keltiring. Endi. tushga kelsak: Soqiyga uch kundan keyin zindondan chiqib yana soqiylik qilishini aytdi. Navvoyga esa gapirmay jim qarab qoldi. Navvoy tushini taʼbirini qistab qayta soʻradi.
– Men gapirmoqchi emasdim, Seni ham uch kundan keyin zindondan chiqarurlar, dorga osurlar, qurt-qushlar seni yerlar.
Ular aytdilar: “Bu tushlarni yolgʻon aytgan edik”. “Aytdingiz, soʻradingiz. Taʼbir qildim hukm yurdi, qazo yetildi, endi oʻzgacha boʻlmas”. Uch kun oʻtdi, soqiyni chiqarib, yana oʻz ishiga qoʻydilar. Navvoyni osib oʻldirdilar. Yusuf soqiy chiqib ketayotganida shohga oʻzi haqida aytib qoʻyishni soʻradi. Oʻsha daqiqa Jabroil keldi: Ey Yusuf seni otangga kim yetkazadi?
– Olloh taolo.
– Seni qarindoshlaring qoʻlidan kim qutqardi?
– Olloh taolo.
– Ayol kishi makridan kim asradi?
– Olloh taolo.
– Olloh taolodan shuncha ezgulik koʻrding. Nega bandadan najot tilarsan? Ushbu ishing uchun soqiydan seni unutishga izn beraman.
Davomi bor.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi