Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
359
marta koʻrilgan.

Yusuf yetti yil zindon ichida qoldi. Savol: Undan, yaʼni Yusufning iltimosini soqiyning unitishidan maqsad nima edi? Javob: agar oʻsha paytda zindondan chiqsa soqiy ham, Misr malikasi ham men ozod qildim, deb minnat qilardilar. Olloh taolo buni istamas edi.

Jabroil keldi, duo oʻrgatdi: Ey, barcha ulugʻlarning ulugʻi, ey, ul zotki, uning na sherigi bordir, na oʻxshashi bor va ul zotki, u hamma narsaga qodir. Ey, quyosh va yorugʻ oyning yaratuvchisi, yosh goʻdakka  rizq berguvchi, ulugʻ yoshli moʻysafidga rahm qiluvchi va oʻliklarni tiriltirguvchi bu ish unga juda ham osondir. Ey, har bir qiyin ishni yengillashtiruvchi meni ishimni yengillashtirib, bu mushkuldan chiqish yoʻlini koʻrsatgil.

Yusuf ushbu duoni oʻqigach, farishta xabar yetkazdi: Rayyon malik tush koʻradi, uni hech kim taʼbirlay olmaydi.

Qurʼoni karimda shunday deyiladi. Va sen Olloh taoloning fazli bilan zindondan chiqasan, birovlarning minnati bilan emas.

Misr mamlakatining shohi Rayyon tush koʻrdi. Uni taʼbirini aytib berish uchun ulamolarni chaqirdi: “Men tushimda yettita semiz sigirni yettita oriq sigir yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga qurigan yetti boshoqni ham koʻrdim. Quruq boshoqlar yosh boshoqlarni chulgʻab quritmoqchi boʻlyapti. Shu payt shamol turib, u yetti quruq boshoq va oriq sigirni yoʻq qildi. Uni koʻrib qoʻrqib uygʻondim”.

Muabbirlardan tushini taʼbirlashni soʻradi. Ular taʼbirlay olmadilar. Uch kun muhlat soʻradilar. Uch kun oʻtgach, ular tushni taʼbirlay olmaganligini tan olishdi

Shu kecha Yusuf tush koʻrdi.  Tushida kimdir koʻkdan inib, Misr  mollarini qoʻyniga  solardi. Yusuf esa unga dedi: “Barchasini ularga bering”.

 Yusuf uygʻonib ketdi. Zindonbandlarga aytdi: “Sizlarga xushxabar yetdi, barchangiz zindondan qutulursiz, Misr xalqi sizning xizmatingizda boʻladi. Ular och, siz toʻq boʻlasiz”.

Zulayho ham ul kecha tush koʻrdi. Yusuf taxt uzra oʻtirar, Zulayho Yusufning oyogʻi tagida yastanib yotardi, Yusuf uni itarardi, Zulayho esa ingranardi.

Malik Rayyon ham tush koʻrdi. Taʼbirchilarni chorlab, fikrini soʻradi. Ular koʻnglidagidek qilib yechib berisha olmadi. U taʼbirchilardan xafa boʻldi. ”Nonimni, oshimni yeb, bu tushing aloq-chaloq tushlar ekan, deysiz” deb ulardan dargʻazab boʻlib, baʼzilarini oʻlimga mahkum etdi, baʼzilarini yurtdan chiqarib yubordi.

Oʻshanda soqiyning yodiga Yusuf tushdi: “Uning taʼbirini sizlarga men aytib berarman, faqat meni zindonga yuboringlar”. U Yusufga dedi: “Ey, rostgoʻy zot, bizga malik Rayyonning tushi taʼbirini bildirgil” deb boʻlgan voqeani gapirib berdi.

Yusufning javobi shunday boʻldi: “Sizlar paydar pay yetti yil don ekinglar. Keyin oʻrib olgan  hosilingizni oʻz boshogʻida qoldiringlar, faqat ehtiyojingizni yanchib oling. Mamlakatda serhosil yetti yildan keyin yetti yil qahatchilik boʻladi. U yillar barcha zahiradagi don yeb tugatiladi. Faqat urugʻlik uchun asrab qoʻyilgan donlargina qoladi. Undan keyingi yil yogʻingarchilik koʻp boʻlib, mevalardan sharoblar tayyorlab olurlar”.

Soqiy shohning yoniga kelib, Yusufning taʼbirini aytdi. Shohga maʼqul keldi. Yusufni zindondan keltirishni buyurdi. Yusufning oldiga shohning elchisi kelganida u darhol rozi boʻlmadi. “Xoʻjangning oldiga qaytib borib, undan oʻz qoʻllarini kesgan ayollar nima boʻlganini soʻrab kel. Ularning yetakchisi Zulayho edi” –  deb javob berdi.

Yusufning ushbu tadbirdan, maqsadi ul edikim,  voqeani bilmaguncha chiqsam, zindonga nega tushganimni soʻraydi.  Men ayollar harakatini, soʻzini etaversam koʻngli qolishi mumkin. Avval pokligimni bilsin, soʻngra chiqarman.

Rasul alayhissalom dedilar: “Agar Yusuf oʻrnida men boʻlsam, zindonni tark etardim. Ammo qarindoshim toʻgʻri ish qilgan Rayyon malik koʻngli tamom erisin deb chiqmagan”.

Soqiy kelib Rayyon malikka Yusufni soʻzlarini yetkazdi. U barcha ayollarni yigʻdirdi. Malik barcha gapdan xabardor ekan deb oʻylab, ular aytdilar: “Ey, Malik, Yusuf pokdamon zot edi, biz unga tuhmat qildik. Unga oʻzimiz gap otdik, u bizga boqmadi, mayl ham bildirmadi. Biz unda hech ayb koʻrmadik”.

Davomi bor.

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.