Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
333
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi  “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

 Azizi Misr taxt uzra oy koʻrdi. Uning nuridan hayratlanib, oh deya otdan yiqilib, yuzi bilan tushdi. Ulkan otdan taqir yerga koʻrkli yuzi bilan tushsada, aqli qochib, unga sajda qila boshladi.

Yusuf dedi: “Menga sajda qilish ravo boʻlmas. Hay, hay men bunga mustahiq emasman”.

“Osor”da (“Yodnoma” kitobi) yozilishicha, Agar Olloh inson ruhini shakllantirib koʻrsatganda edi, uni koʻrgan odam sajda qilgan boʻlardi. Izi Azza  va Jalla hikmati bilan ruhni koʻzlardan yashirdi. Haqiqatga suvrat niqobini qoʻydi, mendan boshqaga sajda qilmasin, xaloyiq fitnaga uchramasin degan niyatda.

 Nasorolar yaʼni xristianlar Isoni Ollohning oʻgʻli dedilar. Ammo Yusufga hijob kiydirmadilar. Siyratni hijob ichida yashirmadilar. Shuning uchun uning yuzida quyosh, oy va oʻn ikki yulduzni koʻrib, Aziz Rayyon sajda qildi.

Bayt:

Bu koʻnglim murodgʻa tekinmoq tilar,

Telim xalqlar aro oʻkunmoq tilar.

Kun, oy sajda qilgʻay arigʻ yuzga man,

Bu kun otdin inib yukinmak tilar.

  Azizi Misr Yusufni sotib olishni istadi. Malik  Zaʼr aytdi: “Hali bozorga kirmadik, bozor narxini koʻrmadik,  qulni sotishni oʻylamadik.  Ertaga ne istasangiz shunday qilaylik”, – deb  Azizi Misrni tinchlantirdi. Eratasiga Molik Zaʼr Yusufga maliklar sarposini kiydirdi. Gavharu qimmatbaho toshlar bilan bezangan kamarni beliga bogʻladi. Asl maqsadini yashirib, qilichini mahkam bogʻlab, malohat bilan gavdasini tik koʻtarib, jonlarni hayratda qoldirgani, ellarni talagani, koʻngillarni oʻgʻirlagani toza toʻnlar kiydirib, toza otlar mindirib Misrga dabdaba bilan kirib keldilar. Yusufni taxtga oʻtkazdi.

Jarchi aytdi: – Mana bu oqil, dono qulni kim oladi ?

 Yusuf aytdi: – Mana bu gʻarib qulni kim oladi ?

 Jarchi aytdi: –  Mana bu nodir qulni kim oladi ?

Yusuf aytdi: –  Mana bu haydalgan qulni kim oladi ?

Jarchi aytdi: –  Mana bu latofatli qulni kim oladi?

Yusuf aytdi: –  Mana bu zaif qulni kim oladi ?

 Jarchi gʻulomning narxini oshirish uchun maqtar, Yusufning yoshi injudek toʻkilardi.  U holda Jabroilga Olloh taolodan yorliq boʻldi. U aytdi: «Ey Yusuf, qaygʻurma, Ollohim haqqi — hurmati seni menga qul boʻlsin deb orzulaganlarning oʻzini senga qul qilmaguncha bu shahardan chiqarmas».  Yaratgan egam unga Misrda ana shunday martaba berdi.

 Rivoyatda aytilishicha: Vahob ibn Munabbah Raziyallohu anhu deydi: «Yusufning bahosi toʻrt yuz ratl oltin, toʻrt yuz ratl kumush, toʻrt yuz ratl inju, gavharga baholandi”.

 Zulayho Azizi Misrga xabar joʻnatdi: “U oʻgʻlonni sen sotib olgin, u bizga qul boʻlsin».

Yana bir rivoyatda Zulayho tuyaga oʻtirib, tomoshadan qaytayotganda Yusufga yoʻliqdi, koʻngli ketdi. Azizi Misrga aytdi. «Bu oʻgʻlonni sotib olgin». Aziz aytdi: «Bizning molimiz yoʻq. Uning narxi baland.» Zulayho aytdi: «Bor molimizni beraylik, berkitilganlarni ham beraylik. Unda ham yetmasa boʻynimdagi, qulogʻimdagilarni chiqarib beraman.»

 Aziz aytdi: “Ey,  Zulayho, men malikdan vakil boʻlib Yusufni malik uchun sotib olgʻali keldim. Sening uchun netak soʻzlayin”.

  Zulayho aytdi: «Men borayin, malikni koʻrayin, urfga koʻra Yusufni sotib olayin.»

Yorliq boʻldi: Zulayho boʻgʻirsoqdek vujudini oʻtga otdi, qul olaman deb oʻzini qullikka sotdi. Yoʻli Yusufga tushdi. Koʻzi koʻrlikka tushdi. Olaman deb toʻrga ilindi. Koʻzim bilan koʻraman deb koʻnglini oldirdi. Balandga, uzoqqa yuguraman deb, tuzoqqa chalkashdi. Tutqun boʻldi, aqli qochib, otdan tushdi, chechak yangligʻ yuzi soʻldi, pana yerga oʻtib, joriyalariga dardli-dardli gapira boshladi.

Sheʼr

Yo subh al-vajhi yo zuʼ an-nahor-mushtahar,

Anta ruhi vajhuq al-maymunu shams av al qamar.

Elingiz chin toʻlinoytek qinayur qirgʻu qaroq,

Yuzingiz kundan yorugʻroq koʻrkingiz kun yo qamar.

Talat al-axzon va dahran fal habibu qad jafo,

Abduhu lam yaat bil-kufran yavman bal shakar.

Laʼlin ochsa yinjulardin toʻklunur turluk latif,

Ul erinning totigʻinda qayga yetsun bol shakar.

Ruxuk er-rayxon nashran qad yaʼuju bi-r-rajo,

Lafzuk al- mamzuju shaxdan saro al-ahl va-l-amr.

Koʻrkungizni kusayurmen erta goh bir kun boʻlur,

Emgakim yavloq telim bor emgagan oxir emas.

Kuntu fi-d-daʼva muhiqqan lo bal ant al-xokim,

Yo habibi hokazo abd al-hazini qad aqtar.

Koʻrkungga munligʻ boʻlubon koʻrkini men kusayur,

Oʻrtanur bagʻrim yoqildi yoshginam yoʻltek oqar.

Zoka zabyun mustatilun fa-l-asvadu sinvuxu,

Qad agʻora al-qalbu minni summa aynohu asarr.

Qush bulunglarni terarda tekma bir er zulfdin,

Kin borar kidik yipor rihus-sabo boʻlub esar.

Layluno sorat nahoran vajhahi an yankashif,

Va-n-naxoru mustaniru sora-laylan an basar.

 Ki yuraklik bek er erdim man eltib bulnadi,

Koʻp cherikni bosti xonlar ishq cherikni kim bosar.

Kullamo tolabtu minhi bi-intiholin qublatan,

Lam yuhib illo sabab soqa qalbi va-n-kasar.

Rabgʻuziy Nosir kqrursa yuz uvurmas ishqdin,

Bek necha bushub soʻkarsa qul qachon koʻnglin kesar.

Zulayho boshqa iloji boʻlmagach, Yusufni olmoq uchun Azizi Misrga soʻzi oʻtmagach, malikka-Misr shohiga borib iltimos qildi, ijobat boʻldi. Yusufni oldi.

 Aytmishlar: Qachon Yusufning kelib chiqishi, ajdodlarining otini eshitgach, Malik Zaʼr uni sotish fikridan qaytadi. Yusufni olib Kanʼonga elitmoq boʻldi, biroq unamadilar.

 Taqdirda yozilganini Malik Zaʼr buzolmadi. U Yusufga kelib dedi: Ey paygʻambarlar avlodining lolasi, saodat ramzi, odamiylar goʻzali. Koshki u kun toʻgʻrisini aytsang sotib olmas edim. Olsamda Qanʼonga eltib topshirardim. Endi erk mendan ketdi. Narxing baland, sotib olishga oʻzimda ham buncha mol-mulk yoʻq. Hiyla qilay desam imkonim yoʻq, kim bilan kengashayin.

Yusuf javob qildi: Boshqa ish qilarga imkoning boʻlmasa, bori bahomga ber va ozod odamlarni sotuvchi boʻlma. Malik Zaʼr Yusufning soʻzini qabul qildi, baho aytib, yana barchani kuydira berdi.

(Davomi bor)

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.