Mumtoz adabiyotning beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Ip bilan belini bogʻlab quduqqa tushirdilar. Quduqning yarmiga yetganda ipni kesdilar. Yusuf quduqning tubiga yetmasdan Jabroil farishtaga «Bandamning madadiga yetib bor» degan buyruq boʻldi. Jabroil bir qanot qoqib, quduq tubidagi ulugʻ toshni suv yuziga chiqardi. Yana bir qanot qoqqanida, u ipakdek yumshoq boʻldi. Yana jannatdan joynamoz, koʻylak keltirib, Yusufga kiydirdi va aytdi: – Ey, Yusuf, Olloh senga durud birla duo yoʻlladi. Yalavochlik nasib etdi. Olloh hukmiga sabr qil, Yaratganning oʻzi senga najot beradi, Misr eliga malik qiladi. Otang Yoqubga salomat yetishtiradi.
U kuni Yusuf oʻn ikki yoshda edi. Jabroil unga ushbu duoni oʻrgatdi: «Ey, bor Xudo! Ey, har bir qaygʻuni ketgazguvchi! Va ey, duolarni eshitguvchi! Va ey, bor mavjudodning ustasi! Va ey, har bir siniqni tuzatguvchi! Va ey, gʻariblarning hamnishini! Va ey, yolgʻizlarning munisi! Va ey, har bir siru suhbatning guvohi! Va ey, bandaning boshiga tushgan balolardan xabardor! Va ey, pok parvardigor, sendan oʻzga biror maʼbud yoʻq, boʻlmagan! Sendan bu tashvishdan chiqish joyini menga oson va yengil qilishingni soʻrayman va mening qalbimga oʻz muhabbatingni solib qoʻyishingni iltijo qilamanki, menda sendan boshqa zikr va qaygʻu boʻlmasin va meni marxamatingga olishinigni soʻrayman. Ey, mehribonlarning mehribonrogʻi, menga rahm qilishingni soʻrayman».
Aytadilarki, kim berk yerga kirsa, yo baloga ilinsa bu duoni oʻqisa Olloh madad bergay, najot bergay.
Jabroil jannat neʼmatlarini keltira berdi. Qanoti bilan quduq ichida boʻstondek haram paydo qildi. U quduq Qanʼonga uch yigʻochlik yerda, Oʻrdun degan joyda boʻlib, Nux yalavoch oʻgʻli Som qazigan edi. Quduqning oti -«Hubbul-axyor», yaʼni ezgu quduq demakdir. Quduqning suvi shoʻr edi. totli boʻldi, qorongʻi edi, yorugʻ boʻldi. Jabroil Yusufning qoʻllarini yechdi. behi berdi. Yusuf uni yedi, toʻydi. Aytishlaricha, u quduqda tuproqqa qorishib yotgan bir ilon bor edi. Yusufning ingrashini eshitib, uni yegani yaqinlashdi. Jabroil bir qattiq un qiladi. Sasdan ilonning qulogʻi sagʻir boʻldi. Koʻzli ilon koʻzsiz boʻlmasa, Yusuf jamolini koʻrib, yeyishga shaylanmasdi.
RIVOYAT:
Shayh Basriy aytishicha, Yusuf quduqqa tushganida yetti yoshli edi. Malik boʻlib sakson yil umr kechirdi, bir yuz yigirma yoshida vafot etdi.
Yana bir rivoyatda aytilishicha, Muhammad paygʻambarimiz Jabroildan soʻradi: – Koʻkdan Yerga koʻcharda mashaqqat tortarmisan?
– Yo Rasululloh, toʻrt marta mashaqqat tortdim. Biri Ibrohim paygʻambarni palohmonga qoʻyib oʻtga otishganida, yetti qat osmonda oʻsuvchi sidratul muntahodindan (jannat daraxti) qanot toʻqib, oʻtga tushirmasdan uni ilib olishda. Ikkinchisi -Ibrohim paygʻambar Ismoilni qurbon qilayotganda pichoqni oʻtmas qilgan deb yorliq boʻlganida, sidratul muntahodindan (jannatdagi daraxt) Yerga inib, pichoq yuzin oʻtmas qilib orqasiga qayirdim. Uchinchisi-Yusufni qarindoshlari belin bogʻlab quduqqa yuborganida, ipni kesganlarida jannat daraxtidan indim. Toʻrtinchisi, Uxud urushidan sening muborak tishingga tosh tegib qon oqmishda qon yerga tushmasin, deb yorliq boʻldi. Qon yerga tushsa, u yerda qiyomatga qadar oʻt-oʻlan oʻsmasdi. Qon tomchilayotganda qanotimni tutdim. Bu toʻrt yorliqni bajarishda mashaqqat tortdim, – dedi.
Savol: Yusufni quduqqa tashlab, yana chiqarib olmoqdan maqsad ne edi? Ollohning tilagi ikki habashiy oʻgʻlonning imon keltirishi edi. Ularning biri Bashir, biri Bushro. Olloh ikkalasini Molik Zaʼrga 40 yil qul qildi. Ular qulluq qildilar, imon keltirdilar. Qachon qirq yil tamom boʻlganida Yusufga quduq ichida oʻtirganiga toʻrt kun boʻldi. Zaʼr Misrdan Shomga safar qildi. Mavlo qudrati bilan karvon Qanʼon viloyatida Yusuf yotgan quduq yonida toʻxtadi. Zaʼr Bashir va Bushro otliq qullarni suv keltirgani yuboradi. Ular chelakni quduqqa tashlaganida, Mavlo buyrugʻi bilan Yusuf ikki oyogʻini chelakka qoʻydi. Bashir tortdi. Chelakda oydan, kundan goʻzal Yusufni koʻrib, u hayratdan baqirib yubordi: – Bushro, quduqdan bir bola chiqdi!
Yusufning quduqqa tushmagiga hikmat bor edi. Yoqub yalavoch oʻgʻillari Yusufni quduqqa tashlab ketganidan keyin bir kiyikni boʻgʻizlab, Yusufning koʻylagini uning qoniga bulgʻadilar. Kechqurun dardli oʻgʻlonlardek boʻzlab otasining huzuriga keldilar: – Ey ota, biz yilqilarni oʻtloqqa xaydash uchun Yusufni oʻtovda yolgʻiz qoldirdik. Biz kelguncha Yusufni boʻri yebdi. Biz qancha toʻgʻri soʻzlasak ham siz ishonmassiz. Ular yigʻlashib qonli koʻylakni otaning yoniga qoʻydilar. Yoqub yalavoch xabarni eshitib faryod qildi, hushidan ketdi. Qachon oʻziga kelganida Yusufning qonli koʻylagini qoʻliga oldi va uni butun koʻrdi: – Qanday mehribon va gʻamxoʻr boʻri ekanki, goʻzal Yusufni koʻrib koʻylagini yirtmabdi. Boʻri Yusufni koʻylagi uchun oʻldirgan boʻlsa, nega uni olib ketmadi?
Yalavoch Yusufni boʻri yedi degan gapni oʻz qulogʻi bilan eshitdi, qonli koʻylakni koʻrdi. Yetti kun choʻl dashtni kezdi, nola qildi. “Ey, meni suyukli oʻgʻlim, ey, koʻzimning qarochigʻi va ey, dilimning mevasi, qaysi quduqqa seni tashladilar ekan, qaysi daryoga seni gʻarq qildilar ekan, qaysi qilich bilan seni oʻldirdilar ekan va qaysi yerga koʻmdilar ekan. Ey Yusufim, boʻriga yem boʻlayotganda joning ogʻriganda qanday chidading. Ey, koshki seni yegan boʻrini koʻrsam edim, oyogʻining tuprogʻini koʻzimga toʻtiyo qilardim. U boʻrini yonimdan ketgazmasdim”. Zor-zor yigʻlab ushbu kuni oʻzidan ketdi. Uch yuz oltmish kun behush boʻldi. Oʻziga kelgach, yana yigʻladi. Oʻgʻillari otasining holini koʻrib, “Birodarimiz Yusufni zoya qildik va otamizni oʻz qoʻlimiz bilan oʻldirdik”, deb bir-biriga yigʻladilar.
– Ota, Yusuf uchun oʻzingni oʻldiryapsan. Nima qilaylik. Uni yegan boʻrini tutib kelsak, tinchlanarmisan? – deyishdi ogʻalari.
– Boring keltiring, – dedi yalavoch.
Bari choʻlga chiqdilar. Bir boʻrini tutib ogʻzini qonga bulgʻab olib keldilar. Yoqub boʻrining ogʻzidagi qonni koʻrib, yana hushidan ketdi. Oʻziga kelganida Olloh taologa yalvordi. Ushbu boʻriga dilizuvon berishini soʻradi. “Soʻramoq sendan, javob bermoq mendan” degan karomat sado keldi.
– Ey, boʻri, aytgil, Yusufimni qanday yeding?
– Ey, Rasululloh, bilmaysanmi, yalavochlar eti harom boʻladi. Men Yusufni koʻrganim yoʻq. Uch kun boʻldi ochman. Koʻzimning yorugʻi oʻgʻlimni yoʻqotib, ogʻzimga yemish olmadim. Oʻgʻlimni izlab yuragimda, bular meni tutib ogʻzimni qonga bulgʻab olib kelishdi. Ey, Yoqub, duo qil, men oʻgʻlimni topa olay.
Yoqub duo qildi.
Undan keyin ogʻalari, “Yusufdan xabar olaylik, bosh-oyogʻini kesib otamizga keltiraylik, toki otamiz tinchlansin” – dedilar. Yahudo unamadi.
Yusufni quduqdan tortib olishganida, u qullarni koʻrib qoʻli bilan ularning yuzlarini siladi. Ularning yuzlari, tanlari oppoq boʻldi. Ular sevinishib, Yusufga sajda qildilar.
– Ey yigitlar, jonzotga, mahluqqa sajda qilmanglar, sizu bizni yaratgan Ollohga sajda qilinglar. – dedi Yusuf.
– Bizni, sizni yaratgan kim? – soʻradi Bushro.
– Olamni, jami jonzotni yaratgan yagona Ollohdir. Mulkini ichida sherik yoʻq, mulkiga zavol yoʻq, – javob qildi Yusuf.
– Imon keltirishni oʻrgat, – soʻradi qullar.
Yusuf imon keltirishni oʻrgatdi. Ular musulmon boʻldilar. Yusufni quduqdan chiqarmoqlikning hikmati shu edi.
(Davomi bor).