Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asari milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan. Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan yozma yodgorlikda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jildli ushbu bebaho asarning zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.
Ulamolar orasida bahslar bor: qurbonlikka qoʻyilgan Ismoilmi yoki Isʼhoqmi? Arablar Ismoil desalar, juhudlar oʻzlarining Tavrotlarida Isʼhoq deydilar. Baʼzilar ikkalasi – Ismoil ham, Isʼhoq ham zabih deydilar. Va Rasul alayhissalom hadisini shahodat sifatida «ibni zabihay»ni – ikki boʻgʻizlanmishning oʻgʻliman soʻzini keltiradilar. Aslida Mustafo alayhissalom Isʼhoq emas, Ismoil avlodidir. Shunday ekan, nega unday deyiladi?
Zabihning yana biri Muhammad paygʻambarning otasi Abdullohdir. Abdul Muttalib davrida zamzam suvi quriydi. Shunda u agar Olloh taolo suv bersa, bir oʻgʻlimni qurbonlik qilaman, deb ont ichadi. Abdul Mutallibning toʻqqiz oʻgʻli boʻlib, oxirgi oʻgʻli Abdullohning onasi boshqa edi. U Abdullohni ayri yaxshi koʻrardi. Qurʼa tashlaydi, u qay biriga chiqsa, qurbonlik unga tushishi kerak edi. Qurʼa Abdullohga tushdi. Abdullohning ona tomonidn qarindoshi Temur mahzumning soʻzi barchaga oʻtardi. U bilan maslahatlashib, fol ochuvchiga borib, yoʻl-yoʻriq olishdi. «Oʻn tuya va Abdullohni oʻrtaga qoʻyib qurʼa tashlang. Qurʼa Abdullohga chiqsa, yana oʻnta tuya qoʻyasiz va qurʼa tuyalarga chiqquncha davom etiladi», – oʻrgatdi folbin. Oʻninchi qurʼa tashlanganida, u tuyalarga tushadi va yuz nafar tuya qurbonlik qilinadi.
Shuningdek, yana bir rivoyat mavjud.
Ibrohimga tushida qurbonlik qil, degan farmon beriladi. U yuzta qoʻy qurbonlik qiladi. Ikkinchi kecha yana oʻsha tushni koʻradi. Yana yuzta tuya qurbonlik qildi. Uchinchi kecha yana tush koʻrdi. Yana oʻsha Farmon takrorlanadi. «Meni qurbonligʻim nima boʻldi? Bizdan ortiq kimni sevding, uni qurbonlik qilasan», -degan sado boʻladi. U Ismoilni qurbonlik qilishi lozimligini anglaydi. Hojarga «bir doʻstim bor, u Ismoilni koʻrishni istayapti. Ismoilni yuvintir, tarantir, u yerga olib boray», – deydi. Hojar uni yuvintirib, goʻzal kiyimlar kiydiradi.
Ismoil yanada koʻrkamlashdi. Ibrohim arqon va pichoq olib, toqqa qarab yoʻnaladi.
– Doʻstingni koʻrgani borsang pichoq bilan arqon nega kerak? – soʻraydi Hojar.
– «Qoʻy olib qaytaman», – javob berdi Ibrohim.
Ismoil Ibrohimning ketidan yurdi. Shaytonning sabri chidamadi. Qayga ketayotganini Ismoilga bildirdi. «Otam sevimli oʻgʻlidan voz kechganda, men jondan kechmaymi? – deb javob beradi Ismoil unga.
Shayton Hojarning oldiga keldi.
Unga soʻzladi:
– «Ey, ahmoq, u Tangri yorligʻi boʻlsa jonimiz fido boʻlsin», – deydi Hojar.
Shayton yana Ismoilning yoniga qaytib, vasvasaga ilintirishga harakat qildi.
– Meni bir pir kelib, aynitishga intilyapti, ota, – dedi Ismoil.
Unga qarata yettita tosh ot. U shaytondir, – javob berdi Ibrohim.
Ismoil yerdan yetti toshni terib, unga otdi. Hojilarga tosh otish ushbu kundan sunnat boʻldi. Ibrohim ham yigʻlab yetti tosh otdi.
– Nega yigʻlaysan? – soʻradi oʻgʻli.
– Ey, oʻgʻliginam, tushimda seni soʻyib turibman.
– Ey, otaginam, nimaki, buyurilgan boʻlsa uni bajaring. Inshoolloh, men sabr qiluvchilardan boʻlaman. Faqat yuzimni yerga qarating, koʻzim koʻzingizga tushmasin, – deydi Ismoil.
Har ikkalasi Ollohning hukmiga boʻysundilar va Ismoilni oʻzi aytganidek oyoq-qoʻlini bogʻlab, yuzini yerga qaratib yotqizdi. Biroq, pichoq boʻgʻziga botmadi. Pichoq bilan toshni ursa ikkiga boʻlib, yuboradi, biroq Ismoilning boʻgʻziga botmasdi.
Bir nido keldiki:
– Ey, Ibrohim, tushni haqiqat qildik. Albatta, biz yaxshi amal qilguvchilarni mukofatlaymiz. Biz uning oʻrniga qurbonlikka katta bir qoʻchqor berdik.
Bu gapni eshitganida Ibrohim dedi:
– Olloh ulugʻdir, Olloh ulugʻdir. Bir Ollohdan oʻzga maʼbud yoʻq. Olloh yagona va ulugʻdir.
Ismoil ham «Olloh ulugʻdir va haqiqiy maqtov Ollohga xosdir»-deya qayta-qayta takrorlab shukrona aytdi. Qurbonlik soʻyilayotganda ushbu shukrona aytilsa, Jabroil farishtaning, Ibrohim halilning, Ismoil zabihning ruhlarini rozi qilgay.
Ulamolar otami yoki oʻgʻilmi juvonmard, deya bahslashishadi.
Aslida bu rivoyatda sabr-toqat, Qadir Ollohga ishonish, imon-eʼtiqod mujassamlashgan boʻlib, bir-biriga sadoqat, mehr-oqibat bilan yashashga daʼvat etiladi. Insonlar qanchalik mehr-oqibatli boʻlsa, shuncha Ollohning oʻzi yorlaqashini koʻrsatadi.