Xorazmda Gurlan, degan goʻsha bor,
Qarich yeri, odamlari moʻtabar.
Moʻtabarlik oʻz-oʻzidan boʻlmaydi,
Sababidan qilay jindek boxabar.
Bu goʻshada turli millat yashaydi,
Ogʻa-ini, opa-singil boʻlishib.
Nizo, nifoq nimaligin bilishmas,
Yeyishadi mehnat nonin boʻlishib.
Bu goʻshaning odamlari mehnatkash,
Toʻy-hashardan qolmas mutloq birisi.
Mahtumquli, Berdaq, Abay, Pushkinni
Oʻgʻil-qizi oʻz tilida oʻqiydi.
Bu goʻshaning odamlari mehmondoʻst,
Qalblarida yuksak mehr olovi.
Mehmoniga manzur boʻlgay hamisha,
Novotli choy, goʻshtli patir, palovi.
Bu goʻshaning bogʻlari koʻp, togʻi yoʻq,
Dovrugʻining oʻzi bir togʻ, dogʻi yoʻq.
Bu goʻshani beklar eli deydilar,
Beklar marddir, nomardlikka chogʻi yoʻq.
Qartayganda sherlar bilan olishib,
Yengilmagan bu goʻshaning chollari.
Yuz yoshida xamir qorib, non yopib,
Kampirlari hind qizidan chiroyli.
Yigitlari Manguberdi izdoshi,
Yurt sarhadin tinchligini saqlaydi.
Xoʻshroy, xushroʻy, hurliqodir qizlari,
Oʻz yoriga bevafolik qilmaydi.
Shoir Ziyo, bek Gurlanning farzandi,
“Eshim Jurjon” mahallasi dilbandi.
Butkul bitsa, bu goʻshaning taʼrifin,
Yetmas qogʻoz-qalamining siyohi.