Zulfiyaxonim Isroilova: BAHOR KELDI SENI SOʻROQLAB

0
8905
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripovaning shogirdlik dil izhori: Bugun bahorning birinchi kuni va shuningdek, oʻzbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim Isroilovaning tavallud topgan ayyomi! 

Zulfiyaxonimning bahor va sadoqat nafasi ufurgan sheʼrlari, oʻzbek xalqining sevimli shoiri Hamid Olimjonga bagʻishlagan otashli satrlari qadimiy obidalar kabi  asrlar osha dillarni yorishtiraveradi. Zulfiyaxonimdan saboq olganimiz, hamnafas boʻlganimiz biz shogirdlarni hamisha ruhlantirib turadi. Hamid Olimjonning «Oʻzbekiston» sheʼri bolaligimizda dilimizga qoʻshiqdek oqib kirgan, hamon xotiramizdan koʻtarilmaydi, yodlayotganimizda kayfiyatimiz koʻtarilib,  Vatanimizga ajib va nafis tuygʻuni his etamiz… Shu emasmi xalq sevgan shoirlarning barhayotligi!

Ustozlarning oxirati obod boʻlsin!

Bahor kuychisi, sadoqat va vafo timsoli Zulfiyaxonim 1915 yili Toshkentda, hunarmand oilasida tugʻilgan. U xotin-qizlar bilim yurtida oʻqigan vaqtlaridayoq (1931-1934) adabiy toʻgaraklarga qatnashib, sheʼrlar mashq qiladi. Zulfiya 17 yoshida nashr etilgan «Hayot varaqlari» (1932) nomli birinchi sheʼrlar toʻplami bilan Oydin, Muzayyana Alaviya, Xosiyat Tillaxonovalar safiga kirib keldi. 1935-1938 yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi.1938-1948 yillarda nashriyotlarda muharrir, boʻlim boshligʻi, 1950-1953 yillarda esa «Oʻzbekiston xotin-qizlari» (hozirgi «Saodat») jurnalida boʻlim boshligʻi, 1953-1980 yillarda esa bosh muharrir boʻlib ishladi.

Zulfiyaxonim «Oʻylar», «Shalola» kabi sheʼriy toʻplamlari uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. Hindiston mavzuidagi sheʼrlari uchun Javoharlaʼl Neru nomidagi xalqaro mukofotga, tinchlik va doʻstlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun esa xalqaro «Nilufar» mukofotiga sazovor boʻlgan. Atoqli shoira 81 yoshida, 1996 yil avgustida vafot etgan.

BAHOR KELDI SENI SOʻROQLAB

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor.

Qancha sevar eding, bagʻrim, bahorni,
Oʻrik gullarining eding maftuni.
Har uygʻongan kurtak, hayot bergan kabi
Koʻzlaringga surtib oʻparding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib soʻradi seni,
Ul ham yosh toʻkdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, boʻlib shabboda,
Sen yurgan bogʻlarni qidirib chiqdi.
Yozib koʻrsatay deb husn-koʻrkini,
Yashil qirgʻoqlarni qidirib chiqdi.

Topmay sabri tugab boʻron boʻldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod togʻlaridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi togʻning toshini.

Soʻngra jilo boʻlib kirdi yotogʻimga,
Hulkar va Omonning oʻpdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan zafar yonogʻimga
Sekin xabar berdi menga oʻzidan.

Lekin yotogʻimda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana yel boʻldi-yu, kezib sarsari,
Mendan soʻray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qoʻshigʻi mavjlanib bir daryo oqqan?
«Baxtim bormi deya», yakkash soʻroqlab
Meni sheʼrga oʻrab suqlanib boqqan?

Oʻrik gullariga toʻnmaydi nega
Yelda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan shoʻx naʼshidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qani oʻsha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun koʻzingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu koʻklamda sen parishonxol?»

Qanday javob aytay, loldir tillarim,
Baridan tutdim-u, ketdim qoshingga.
U ham gaming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamdan tutoqib daraxtga koʻchdi,
Kurtakni uygʻotib soʻyladi gʻamnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar gʻunchasini etdi chok-chok.

Gul-u rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qoʻshiq.
Bu qoʻshiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga toʻliq.

Bahorgi burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi joʻshqin zabardast.
Oʻlmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qoʻlimda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

SENSIZ

Mana, bir umrni yashadim sensiz,
Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib,
Tobuting boshida choʻkkanimda tiz,
Farzandlar koʻtardi qoʻlimdan tutib.

Shundan beri tikman. Har nega qalqon,
Baxtga, bahorga ham, qishga, qaygʻuga.
Birov azasida yigʻlayman qon-qon,
Toʻyida yayrayman oʻxshab ohuga.

Lekin qolganimda qalbim-la tanho,
Tuygʻular zoriga solganda quloq.
oʻzni zaif, chanqoq sezganda goho,
Alamdan beraman javobsiz soʻroq:

Tirik ekan nega tashlab ketmading?
Mendan nafisroqning husniga oshiq,
Mendan yoniqrogʻi tortmadi sani,
Edi nigohingga bor jannat ochiq,

Seni majnun etib bir yer goʻzali,
Nega meni tashlab ketavermading?
Tirik ayrilishning dogʻi ogʻirmish,
Xoʻrlik kemirarmish umrni chaynab!

Bu mudhish egovga berardim turish,
Ketsang ham menga jon tuygʻungdan aynab.
Bilardim, qaydadir olasan nafas,
Murakkab bu dunyo sen-chun ham tirik.

Senga yot-noshudlik, tund ruhlik, qafas,
Bugungi qadaming kechadan yirik.
Nega, nega meni tashlab ketmading?
Bilaman, rashk meni etardi halok,

Afzal koʻrganingni qargʻab oʻtardim,
Izingdan yurmasdim soyaday gʻamnok,
Hayotda men uchun qolarding tirik,
Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.

Maʼyus taqdiringga yashab men sherik,
Mushkul boʻlayotir shodlik yaratmoq.
Nega tirik ekan tashlab ketmading,
Tashlab ketmading-da, boshlab ketmading?!

MEN OʻTGAN UMRGA

Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men oʻtgan umrga achinmay qoʻydim.
Tabassum oʻrnida kuldim charaqlab.
Suyish kerak boʻlsa — telbacha suydim.

Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,
Yurak boyligidan qilmabman parvo.
Meni ogʻushlagan hayot naq oftob,
Yangi qoʻshiq talab unda har saboq.

Men oʻtgan umrga achinmay qoʻydim,
Hech kimda koʻrmayin umrimga oʻxshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima — bildim.
Shu-da bir yashash!..

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.