AHOLI OSOYISHTALIGI – YURT TINCHLIGI

0
376
marta koʻrilgan.

Zamonaviy sivilizatsiyani shovqinsiz tasavvur qilish qiyin. Biz shu shovqin sharoitida ishlaymiz, yashaymiz va dam olamiz. Shovqin megapolislar – katta shaharlarning jiddiy muammolariga aylangan. U nafaqat inson organizmiga salbiy taʼsir qiladi, balki fauna va floraga ham oʻzining zararli oqibatlarini yetkazadi.

Katta shovqin taʼsirida insonning asab tizimi zoʻriqadi, eshitish qobiliyati pasayadi, baʼzilarning qon bosimi koʻtarilsa, baʼzilarning hattoki oshqozon-ichak tizimi ishdan chiqadi. Shovqin darajasi 140 DB dan oshsa, inson sogʻligʻi uchun xavfli hisoblanishi olimlar tomonidan aniqlangan boʻlib, bunday sharoitda ishlash umuman taqiqlanadi.

Shovqinning ishlab chiqarishda ham, aholi yashash joylarida ham inson organizmiga zararli taʼsir koʻrsatishini oldini olish va uning darajalarini pasaytirish aniq belgilangan chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taqozo etdi. Shundan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining  “Turar joylarda, jamoat binolarida, aholi yashash hududlarida va dam olish zonalarida ruxsat etilgan shovqin darajasining sanitariya qoidalari va meʼyorlari” qarori qabul qilindi.

Texnikaviy shartlari O’z DSt 0008-20 boʻlgan ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 29 dekabrda 5-sonli raqam bilan hisobga olindi.

Mazkur qaror sanitariya normalari va meʼyorlaridan iborat boʻlib, ular aholi turar joylarida, jamoat binolarida, aholi yashaydigan xududlarda tashqi va ichki manbalardan hosil boʻladigan shovqinning ruxsat etilgan darajalarini, shuningdek tekshirilayotgan obyektda shovqin darajasini oʻlchash, uning uslublari va uni gigiyenik baholashga boʻlgan umumiy talablarni belgilab beradi. Lekin shu tarafini ham inobatga olish kerakki, ushbu normalar maxsus binolarda (radio, telestudiyalar, teatr va kinoteatr zallari, konsert va sport zallari), shuningdek, aholi yashash hududlarida samolyot va vertolyotlar parvozi vaqtida, uchganda, qoʻnganda va aeroportda dvigatellarni sinab koʻrganda chiqadigan shovqinlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ahamiyatli tarafi shundaki, ushbu qarorda oʻlchov va meʼyorlashtirish birliklari batafsil jadval koʻrinishda keltirilgan boʻlib, hattoki yopiq konsert zallari, diskoteka va tungi klublar, restoran, kafe, barlar va boshqa umumiy ovqatlanish shaxobchalari, ochiq joylardagi konsert va raqs maydonlari, istirohat bogʻlari, bogʻlar va dam olish zonalarida tovushni kuchaytiruvchi va tovush chiqaruvchi qurilmalar joylashtirilganda tovushning ekvivalent darajalari keltirib oʻtilgan.

Tovush chiqaruvchi qurilmalar istirohat bogʻlari, bogʻlar va dam olish zonalarining ochiq konsert va raqs maydonlarida joylashtirilganda tovush chiqaruvchi qurilmalar kolonkalarini turar joy binolariga qarama-qarshi tomonga oʻrnatish, turar joylarda shovqin darajasini kamaytirish uchun shovqindan himoya qilish boʻyicha hisoblangan chora-tadbirlar majmui ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi, chunki aholi turar joylari tadbirlar oʻtkazilayotgan joyga yaqin joylashgan boʻlishi mumkin.

Injener-texnik chora-tadbirlar (tovushni izolyasiya qilish, binolarni akustik jihatdan oqilona loyihalashtirish, ventilyasiya va konditsionerlash tarmoqlarida shovqinni pasaytirishni joriy etish, xonalarga akustik ishlov berish) va nazariy hisobga koʻra, 2.01.08-96-son «Shovqindan himoya» QMKga muvofiq, obyektlarda shovqinni kamaytirish boʻyicha shovqinni himoyalovchi maxsus ekranlar oʻrnatish va daraxtzorlar tashkil etish boʻyicha amalga oshirilishi koʻzlangan.

Ayniqsa xalqimizga urf boʻlgan holat – konsert, toʻy, yubiley va boshqa tantanalarda tovush chiqaruvchi va tovushni kuchaytiruvchi qurilmalardan foydalanilganda ansambllar va boshqa guruhlar musiqa asboblarining tovush darajalarini ushbu tadbir oʻtkazilayotgan obyektlarda (restoran, kafe, tantana uylari yoki aholi yashash (mahallalar) hududlari) kunduzi va tungi vaqtlar uchun ruxsat etilgan darajalardan oshib ketadi. Bunga endi uzil-kesil nuqta qoʻyildi. Endilikda konsertlarda, toʻylarda, yubileylarda va boshqa tantalarda ovozni takrorlaydigan va ovozni kuchaytiradigan asboblardan foydalanilganda belgilangan meʼyorlardan oshib ketmaslik kerakligi qatʼiy belgilandi.

R. SAʼDULLAYEV,  “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotining Mirobod  tumani huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi                    

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.