«HAYOT RANGLARI» – bolalar koʻrgazmasi

0
805
marta koʻrilgan.

Toshkent fotosuratlar uyida «Colibri» rassomchilik maktabi oʻquvchilarining “Hayot ranglari” nomli badiiy koʻrgazmasi namoyish etilmoqda.

Koʻrgazma Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda «Colibri» rassomchilik maktabi bilan hamkorlikda uyushtirildi.

Ekspozitsiyaga 7 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilarning 80 dan ziyod ijodiy ishlari qoʻyilgan. Yosh rassomlarning ijodiy ishlari  turli mavzu va janrlarda yaratilgan. Ona tabiatga muhabbat mavzuidagi suvratlar  ularni bir-biriga uzviy bogʻlab turadi. Olam goʻzalligi, qushlar jozibasi, gullar nafosati, jonivorlarga boʻlgan mehr bolalar nigohi bilan oʻziga xos ifoda etilgan. Ular natyurmort, manzara janrlari, kubizm, modernizm yoʻnalishlarida talqin qilingan.

«Colibri» rassomchilik ijodiy maskani nodavlat xususiy maktab boʻlib, 2018 yilda Maftuna Raximova tomonidan tashkil etilgan. Maktabda rangtasvir, chizmatasvir, grafika, libos tarixi yoʻnalishlarida boshlangʻich saboqlar beriladi.

 Bolalar rassomchilik maktabining nomi oʻziga mos.boʻlib, dunyodagi eng  mitti parranda – kalibri nomli qushga qiyoslangan. Chunki mitti qush olamning turfa ranglarida jozibali tovlanadi. Mitti qushning turli ranglari, goʻzal ohangu harakatlari oʻquvchilar rasmlarining jilvasiga uygʻunlashib ketadi. Maktabda olib borilayotgan nafosat mashgʻulotlaridan maqsad –  goʻzallik va nafosatga oshuftalikni bolalar qalbiga singdirish, halmlik tuygʻularining shakllanishiga koʻmaklashish. ularning maʼnaviy olamini yuksalishiga munosib hissa qoʻshishdan iborat.

Toshkent Fotosuratlar uyida oʻtkazilgan koʻrgazma «Colibri»ning ilk ijodiy taqdimotidir. Ushbu maktabda qoʻshimcha saboq olayotgan – Tojibayev Diyor, Saʼdullayev Muhammadjon, Abdalova Diyora, Sabirova Yanguljan, Husniddinov Azmiddin, Qodirbekova Odina, Poʻlatboyeva Madina kabi yosh ijodkorlarning erkin ijodiy ishlari tomoshobinlarga taqdim etilgan.

 Taqdimot doirasida tanlov ham uyushtirildi va  koʻrgazma qatnashchilari – yosh ijodkorlarga  sertifikatlar topshirildi.

Koʻrgazma 21 maygacha davom etadi.

Suvratlarda:

Saʼdullayev Muhammadjonning  toʻrtta suvrati koʻrgazmadan joy olgan. U murabbiysi Maftuna Raximova bilan.

Iqtidorli yosh rassom Abdalova Diyora esa oʻzining  ikkita suvrati bilan qatnashayapti.

Nodira SAʼDULLAYEVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.