Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatining tahlili, mavjud muammolar va ularning yechimi

0
680
marta koʻrilgan.

Soʻnggi yillarda davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sherikligini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari hamda davlat organlari faoliyati ochiqligini taʼminlashning huquqiy asoslari shakllantirilib, ularning fuqarolar bilan yaqin hamkorligini yoʻlga qoʻyish, ochiq, shaffof va oshkora faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, davlat organlari faoliyati ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish yuzasidan kompleks va izchil ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

 “Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatining tahlili, mavjud muammolar va ularning yechimi” mavzusidagi seminar-trening  “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan  oʻtkazildi.

Tadbirda vazirliklar, idora va tashkilotlar, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari, Toshkent shahar Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyasi aʼzolari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Seminar-treningda FJSHMQMI direktori  R.Kamilov, soʻzga chiqib joriy yilning  aprel oyida FJSHMQMI tomonidan 21 ta vazirlik, 11 ta davlat qoʻmitasi va 8 ta agentlik hamda maxalliy hokimiyat organlarida Jamoatchilik kengashlarini tashkil etish holati boʻyicha monitoring ishlari olib borilganligi xaqida batafsil toʻxtalib oʻtdi. 

Monitoring natijalariga koʻra, bir qator davlat organlari huzurida ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik qilish mexanizmlari yoʻlga qoʻyilmagan. Xususan, baʼzi tashkilotlarda Jamoatchilik kengashini shakkllantirish jarayoni boshlangʻich bosqichda, baʼzilarida bu jarayonni yoʻlga qoʻyish borasida biror-bir amaliy ish qilinmagan, qolaversa aksariyat davlat organlari va mahalliy xokimliklar monitoring jarayonida jamoatchilik kengashlari faoliyati yuzasidan zarur maʼlumotlarni taqdim etmaganligi qayd etildi. Shuningdek, bir qator organlar huzuridagi Jamoatchilik kengashlari tomonidan tasdiqlangan ish rejada belgilangan yigʻilishlar va tadbirlar oʻtkazilmaganligi, oʻtkazilgan tadbirlarning aksariyati esa tashkiliy-maʼrifiy ahamiyatga egaligi taʼkidlandi. Shu bilan birga bir qator vazirliklar, qoʻmitalar va agentliklarning rasmiy veb-saytlari tahlil etilganda, ularda joylashtirilgan maʼlumotlar Kengashning muhim masalalari boʻyicha faoliyati yuzasidan jamoatchilikni axborot bilan taʼminlashda kamchiliklarga ega ekanligi aytib oʻtildi.

Oʻtgan 2018 yilda amalga oshirilgan Jamoatchilik kengashlari faoliyati monitoringi bilan taqqoslash natijalari tahliliga koʻra, deyarli oʻzgarishlar boʻlmagani, maʼlumotlar yetarli emasligi, yoki umuman yoʻqligi,  davlat organlari veb-saytlari ishi samaradorligi pastligi taʼkidlandi. Maʼruzachi oʻz soʻzida, joylarda ushbu sohada samaradorlikka erishishda toʻsiq boʻlib turgan holatlardan biri davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasida uslubiy koʻrsatmalar va amaliy mexanizmlarning mavjud emasligi, buning natijasida amalga oshirilayotgan tadbirlar yuzaki va umumiy xarakterga ega boʻlib qolmoqda deb taʼkidladi.

Soʻz yakunida R.Kamilov, monitoring natijalari boʻyicha keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator taklif va tavsiyalarni berib oʻtdi.

Tadbir soʻngida, davlat tashkilotlari va FJSHMQMI oʻrtasida Jamoatchilik kengashlari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan oʻzaro xamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha kelishib olindi. 

Seminar-trening ishtirokchilar uchun muloqot shaklida hamda davlat va nodavlat tashkilotlarining hamkorlik munosabatlarini yanada mustaxkamlanishiga xizmat qildi.

Hayotxon QOʻChQOROVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.