Doʻstlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari

0
253
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida «Doʻstlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzusida onlayn seminar boʻlib oʻtdi. 
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi  va Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida oʻtkazildi.

Unda Qoʻmita masʼullari, milliy-madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoat fondi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Adliya vazirligi va boshqa tashkilotlar vakillari, deputatlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Onlayn seminarda bunday tadbirlar oʻtkazilishining ahamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2019 yil 22 fevraldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan «Milliy-madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari rolini yanada oshirish va ularning aholi hayotidagi ishtirokini kuchaytirish hamda xorijiy davlatlar bilan madaniy-gumanitar va doʻstlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi»ni amalga oshirilishi milliy madaniy markazlarning faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlashida xizmat qilishi haqida soʻz bordi.

– Bugungi kunda Doʻstlik jamiyatlarining faoliyatini yanada takomillashtirishga ehtiyoj bor, – dedi OʻzNNTMA Kengashi raisi Nasimjon Alimov. – Chunki jamiyatlar yurtimiz madaniyatini butun dunyoga keng targʻib etib, mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy, gumanitar aloqalar yoʻlga qoʻyilishida oʻz hissasini qoʻshadi. Ularga oʻzbek tili, urf-odati, tarixi va adabiyotini butun dunyoga olib chiqishdek yuksak vazifalar yuklangan. Biz Oʻzbekistondagi koʻpming sonli nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari sifatida fuqarolik jamiyati institutlari, eng avvalo milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlarining mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millatlar va elatlarning oʻziga xos milliy anʼanalari, urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish borasidagi ulkan salohiyatini eʼtirof etamiz va xorijiy davlatlar bilan millatlararo munosabatlar va doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirishga munosib hissamizni qoʻshamiz. Shu maqsadda 2019 yilda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi va Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolagan edik.

Onlayn seminarda jamiyatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, ularning bugungi sinovli kunlardagi faoliyatiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Jamiyatlarning iqtisodiy, huquqiy asoslari oʻrganildi, kamchiliklarni barham etish boʻyicha takliflar berildi.

gujum.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.