Mamlakatimizda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sogʻlom bola tugʻilishi, jismoniy va maʼnaviy rivojlangan avlodni shakllantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan erta va qarinoshlar oʻrtasidagi nikohlar oqibatida oʻlimlar qayd etilmoqda, nogiron bolalar tugʻilmoqda.
Bu muammoni faqat tibbiyot sohasini rivojlantirish bilangina hal qilib boʻlmaydi. Aholi orasida sogʻlom avlod tarbiyasiga oid targʻibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish lozim. Ammo, u yetarli emasdek. Odamlarning tibbiy savodxonligini yanada yuksaltirish kerak deb oʻylayman. Yoshlar orasida, shuningdek, yaqin qarindoshlar oʻrtasida oila qurish holatlari ham kamaymayapti. Bu esa, nogiron bolalar tugʻilishini keltirib chiqarmoqda.
Bir sinfdoshim ukasining qiziga uni kelin qilmoqchi ekanini aytganida: “Ammajon, biz oʻgʻlingiz bilan yaqin qarindoshmiz-ku, kelajak avlodni oʻylamaysizmi? Maktabimizda “Qarindoshlar orasidagi nikohning salbiy oqibatlari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Shundan angladimki, yaqin qarindoshlar turmushi xayrli boʻlmaydi”, – deb javob beribdi. Afsuski, oramizda ushbu qizchadek mustaqil fikr yuritadigan yoshlar kam. Kattalar esa begonadan koʻra oʻzimizniki maʼqul deb qarindosh-urugʻlar oʻzaro quda boʻlishadi.
Xorazm viloyati matbuot va axborot boshqarmasi viloyatdagi “Rivoj”, “Mehrigiyo” “Istiqbolli avlod”, “Taraqqiyot” nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda qator tadbirlar oʻtkazib kelmoqda. Nogiron farzandlari mavjud oilalarga kirib boriladi. Biz kitob sovgʻa qilamiz. Ziyoli inson, shifokor sifatida qarindosh-urugʻlar orasidagi nikohlarning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar toʻgʻrisida suhbatlar oʻtkaziladi.
Urganch tumanidagi oilalardan biriga kirganimizda uch nafar bolasining nogironligiga guvohi boʻldik. Opa-ukalarning farzandlari turmush qurgan boʻlib, bu qarindosh-urugʻchilik oqibatida kasalvand bolalar dunyoga kelgan.
Inson ne-ne orzu-umidlar bilan oila quradi. Ezgu niyatlar bilan bir yostiqqa bosh qoʻyadi. Nogiron farzandni dunyoga keltirgan ayolning va buning shohidi boʻlgan erning hayotini, afsuslarini tasavvur qilish qiyin emas. Birin-ketin uch homilasi tugʻilmay nobud boʻldi. Toʻrtinchi farzandi esa nogiron boʻlib tugʻildi.
Togʻasining oʻgʻliga turmushga chiqqan bir ayolni taniyman. Bolalarining aqlda, salohiyatda kamchiligi yoʻq. Biroq, ikkala qizining ham koʻzi yaxshi koʻrmaydi. Ikkalasi ham bolaligidan koʻyoynak taqishadi. Yaqinda esa qirq yoshli devdek oʻgʻli onkologik kasallik bilan vafot etdi. Qarindoshlar nikohlangan oilalarda irsiy kasalliklar ham kuchayib ketar ekan.
Yana bir oilaga kirdik. Birin-ketin uch homilasi tugʻilmay nobud boʻlgan. Ayolning koʻzlaridagi yoshni toʻxtatib boʻlmaydi. Bu nadomat va afsuslardan ne foyda. Toʻrtinchi farzandi esa nogiron boʻlib tugʻildi. Aka-singillar quda boʻlishgan. Topgan-tutganim begonaga emas, oʻzimizga boʻlsin, degan niyatda bolalarining taqdirini osongina hal qilib qoʻyaqolishgan.
-Mening turmush oʻrtogʻim esa uyimizdagi muhit sabablimi, sabrsizligi va barcha koʻrgiliklarni yengishga bardoshi yetmaganidanmi, koʻngli boshqa yor istab, “oʻtlab ketgan”, deya davom etadi, yana bir ayol oʻz taqdiridan nolib. Bolalarimiz turmaganidan, nobud boʻlaverganidan boshini qayoqqa qoʻyishni bilmayotgan erimni tushunishga harakat qilaman. Biroq menda nima ayb…
Kelin dardini bilib turibdi, biroq kech angladi. Aka dardini hech kimga ayta olmaydi. Singlisining raʼyini qaytara olmaganidan qiz berganidan xunob, farzandining baxtsizligidan onaning dili vayron, kuyib ado boʻldi. Qaynota va qaynonasining ham dardi ichida. Yana ham qarindoshlik rishtasini uzmaslik uchun harakat qilishadi. Kelinchak birovlarning nikoh toʻylarida emin-erkin ishtirok eta olmaydi. Oʻynab-kulib yura olmaydi. Bolasi tushadigan ayolni chimildiriq ilingan xonaga kirishi mumkin emas. Bunday gap ochiq aytilmasada shunga ishora boʻladi. Irim qilib ayrimlar, bolasi turmagan kelinga begona va yot koʻz bilan qarashadi.
Eh odamlar, odamlar! Keling, bir chuqur oʻylab, bu dunyoda koʻngli yarim, dili vayron kishilar boʻlmasligi, farzandlarimiz sogʻlom va albatta aqlli boʻlib dunyoga kelishi uchun kurashaylik! Nikoh masalasida yoshlarimiz taqdirini koʻr-koʻrona, osongina hal qilib qoʻyishdan oʻzimizni tiyaylik. Qarindoshlar oʻrtasidagi nikoq ikki oila va ikki inson taqdirini vayron qilishini unutmaylik. Shariatda ham, tibbiyotda ham bunday nikohlar mustahkam boʻlmasligi qayta-qayta uqtiriladi. Hurmatli ota-onalar, oʻzingizni oʻylab farzandlarning guldek umrini xazon qilmang.
Dilbar Bekchanova,
Xorazm viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.