“Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni topshirildi

0
345
marta koʻrilgan.

 Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi zalida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi  mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining qaroriga muvofiq davlat granti tanlovlarining gʻoliblariga sertifikatlar topshirishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish  boʻyicha maslahat kengashi aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirni  Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi, Maslahat kengashi rahbari Akmal Saidov qisqacha kirish soʻzi bilan ochib, NNTlar  mamlakatimiz ijtimoiy – madaniy hayotida faol ishtirok etayotgani va bu sektorni kuchaytirishga mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev alohida eʼtibor berib kelayotgani haqida gapirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va unga asosan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni taʼsis etilgani  buning yaqqol dalilidir, deya taʼkidladi.

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga munosib hissasi qoʻshib kelayotgan ushbu sohaning bir guruh  vakillariga “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni va guvohnomasi topshirildi. Ular safida “Tadbirkor ayollar” uyushmasi rahbari Gulnora Mahmudova, “Umid” tashkiloti rahbari Nilufar Ibrohimova, “Ekomaktab” rahbari Natalya Shivaldova kabi sohaning jonkuyarlari bor.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi  mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining qaroriga muvofiq davlat grantlarining yettinchi va sakkizinchi tanlovlari gʻoliblariga sertifikatlar ham  topshirildi.

Ikkala tanlovga koʻra ellik beshta tashkilot grant olishga muvaffaq boʻldi. Jumladan, ular safida OʻzMU huzuridagi “Fransuz markazi” yetakchisi Raxima Shirinova, “Mehmondoʻstlik va axborot xizmati” markazi rahbari Adolat Nosirova kabi fidoyilar bor.­

Hayotxon Qoʻchqorova

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.