Ijtimoiy buyurtma loyihasi amalda: Jizzax viloyati nomoddiy madaniy merosi

0
520
marta koʻrilgan.

Jizzax viloyati Oʻzbekiston Respublikasining markaziy qismida joylashgan ulkan siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy mavqega  ega boʻlgan, fan, madaniyat, turizm ravnaq topgan viloyatlardan biridir.

Jizzax  uzoq yillik tarixi, oʻziga xos madaniyati hayoti faoliyati bilan ajralib turadi. Jizzax viloyatining faxriga, gʻururiga aylangan insonlar har bir sohada koʻplab topiladi.

 Bu tabarruk zamin Nazir Safarov, Shukur Saʼdulla, Toʻra Sulaymon, Oqiljon Husanov, Keldi Qodirov, Sattor Qoraboyev, Sharofat Botirova kabi  adiblarni tarbiyalagan(Olloh ularni rahmat qilsin).

Oʻzbekiston ilm-fani Sarvar Azimov, Oʻktam Oripov, Rahmatilla Qoʻngʻirov, Orifjon Ikromov, Bozorboy Oʻrinboyev, Inoyatulla Suvonqulov singari fidoyi olimlar bilan (Olloh ularni rahmat qilsin)  faxrlanadi.

Jizzax viloyati milliy sanʼatimiz va madaniyatimiz rivojiga ham munosib hissa qoʻshgan va qoʻshmoqda. Oʻzbekiston xalq hofizi Orifxon Hotamov, Oʻzbekiston xalq artisti Eson Lutfullayev singari marhum sanʼatkorlarimizni, Oʻzbekiston sanʼat arbobi Bahrullo Lutfullayev, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artistlar Baxtiyor Xolxoʻjayev, Oliya Eshtoʻxtarova, Joʻra Isroilov, Abduraim Lapasov, Abdusoli Normatov singari ijodkorlarning nomlarini tilga olishimiz tabiiydir.

Barchaga ayonki, milliy gʻurur va daxldorlik hissining asosiy zaminlaridan biri bu – tarixiy xotiradir. Iftixor bilan taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Margʻilon, Andijon va boshqa koʻplab qadimiy shaharlari boy tarix  va koʻhna madaniyatga ega ekanligini jahonning barcha yirik tarixchi olimlari birdek eʼtirof etadilar.

Ularning orasida Jizzax alohida mavqeda turadi. Markaziy Osiyodan oʻtgan deyarli barcha karvon yoʻllarining tutashgan nuqtasida joylashgan Jizzax tarixda juda koʻp suronli voqealarning guvohi boʻlgan.

Jizzax viloyati oʻziga xos moddiy va nomoddiy madaniy merosiga ega.

 Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi buyurtmasiga asosan “Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi tomonidan “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy meros elementlarini muhofaza qilish” mavzusidagi davlat ijtimoiy buyurtma loyihasi doirasida oʻtkazilgan ekspeditsiyada Jizzax viloyati nomoddiy madaniy merosi  oʻrganildi. Joylardagi uch yoʻnalish: ijro sanʼati, pazandachilik, hunarmandchilikga oid bilim va koʻnikmalarni, nomoddiy madaniy merosni saqlovchilar, yetkazuvchilar bilan bevosita uchrashib, ularning faoliyatlari bilan yaqindan tanishildi.          

Jizzax viloyatida  ijro sanʼati yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan “Barlos”, “Marjon”, “Mehrigiyo”, “Zomin sayqali”, “Oypari”  folklor etnografik ansambllari hamda “Oypari” folʼklor etnografik ansambli qoshida tashkil etilgan “Enalar” folklor havaskorlik  jamoasining ijodiy faoliyatlari bilan tanishildi. Ular ijrosidagi  “Alla” qoʻshigʻi, “Tushov kesdi”, “Koʻrpa soldi”, “Chilla uzdi”,  “Qalliq oʻyini”  marosimlari tasvirga olindi.

Har bir folklor jamoasi oʻziga xosligi bilan ajralib turdi.

“Jamoamiz 1996 yildan buyon faoliyat koʻrsatib keladi, -deydi  Jizzax viloyati viloyati Baxmal tumani madaniyat boʻlimiga qarashli “Barlos” folklor etnografik ansambli rahbari Barchinoy Tuliboyeva. Bir muddat toʻxtab qolgan jamoani 1998 yilda yana qayta tiklab xalqimizga xizmat qilib kelmoqdamiz.  Ustozlarimiz- Raxmatillo aka Sarimsoqov, Saidbaxrom aka, Mavlon aka Gʻafforovlarning yordamlari, ularning maslahatlari bilan jamoamiz tomonidan yangi qoʻshiqlar, kuylar, laparlar, oʻlanlar ijro etilmoqda. Ansamblimiz repertuaridan “Tushov kesdi”,    “Surpa soldi” , “Qoʻrqmada” marosimlari ham oʻrin olgan boʻlib, milliy anʼana va urf-odatlarimizni yoʻqolmasligiga, ularni targʻib qilishda oʻz hissamizni qoʻshib kelyapmiz”.

«Oypari» folklor etnografik ansambli  ham oʻz faoliyatini 1993 yilda Zarbdor tumanida boshlagan.  Ansambl 2016 yilda «Oypari» folklor-etnografik xalq ansambli unvonini olgan. Hozirda ansamblda 30 nafardan ortiq ishtirokchilar jalb etilgan. Ular Respublikada oʻtkazilib kelinayotgan turli festival va tanlovlarda faol ishtirok etib kelyaptilar. Toshkent shahrining Abdulla Qodiriy bogʻidagi “Navroʻz sayli” (2018 yil),   Navoiy viloyatida boʻlib oʻtgan «Nurli navolar» xalqaro folklor festivali (2018 yil), Surxondaryo viloyatida oʻtkazilan «Baxshi 2019» Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali (2019 yil), «Bahor taronalari» Jizzax viloyat koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻolibi (2020-2021 yillar). Shular jumlasidandir.

“Mening kasbim asli oʻqituvchilik, 2016 yildan buyon madaniyat markazida ishlab kelmoqdaman-deydi Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani Sharof Rashidov madaniyat markazi qoshidagi “Mehrigiyo” folklor etnografik ansambli rahbari Tojixol Sangirova. Maqsadim hozirgi   yoshlarga yoʻqolib ketgan momolarimizning allalari,  yor-yorlar, unutilib ketgan jaydari soʻzlar, marosimlarni izlab topib  ularga  oʻrgatish. Jamoamiz yosh kelinlar, yosh qizlar, yoshlari ulugʻ momolar, ayollar va boshqa qatnashchilardan iborat. “Vakil ota”, “Qiz yashiruv”,  “Koʻrpa solish”  kabi unutilib ketgan marosimlarini  qayta tikladik”.

– Jizzax viloyatida  xalq amaliy  sanʼati bilan shugʻullanadigan insonlar ham talaygina ekanligining guvohi boʻldik. Ekspeditsiya jarayonida hunarmandchilikning milliy kashta, biserli hunarmandchilik mahsulotlari, temirchilik, egar-jabduq yasash, oʻrmak, urchuqda ip yigirish, quroqchilik, jun titish kabi turlar bilan shugʻullanayotgan hunarmandlar bilan uchrashib, ularning faoliyatlari bilan yaqindan tanishdik, – deydi loyiha koordinatori Gularo Abdullayeva.

Baxmal tumani Novqa qishlogʻida yashovchi temirchi usta-hunarmand Mamatkarimov Jumabek, egar-jabduq yasovchi usta-hunarmand Bobomurod Ochilov,  Gʻallaorollik hunarmand qiz, biserlar tikish ustasi Barno Narzullayeva, hunarmand Gavhar Astanaqulova,  Zarbdor tumanidan oʻrmak boʻyicha hunarmandlar Qoʻchqorova Malika, Satimova Gulsun, urchuqda ip  yigiruvchi hunarmand Ummatova Bahriniso, zominlik oʻrmakchi hunarmand Hayitboyeva Xursandoy,  jun titish boʻyicha  Raximova Gulmira hamda quroqchilik ustasi hunarmand  Hayitboyeva Mohira kabi hunarmandlarning ish jarayonlari video, foto va audio tasvirlarga olindi.

Barchaga ayon, Jizzax viloyati oʻziga xos totli milliy taomlari bilan ham mashhur. Jizzax somsasi, Jizzax patiri, Jizzax “jizi”, Jizzax gʻilmindisi va boshqa taomlari oʻz xoʻrandalarini topib ulgurgan.

 – Jizzax viloyati pazandalari Qulbekova Rayxon ( “Gʻilmindi” taomi),  Normurodova Barno (“Qozon patir”), Murotmusayeva Sharofat, Turdialiyeva Muhabbat (“Goʻja” va “Qurtoba”),  Azamat Tugalov (“Bir qozonda besh xil taom”)  taomlarini tayyorlash jarayonlarini qiziqish bilan tasvirga oldik–deydi loyiha eksperti Oʻktam Hakimov.

 Ekspeditsiya jarayonida Jizzax viloyati ham Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosini saqlab qolishda, uni kelajak avlodga qoldirishda oʻz oʻrni va mavqeiga ega ekanligiga amin boʻldik.

Nargiza Xamrakulova

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.