Keyingi yillarda mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ahamiyati hamda ijtimoiy faolligi oshib bormoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishish, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, ularning maʼnaviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faollik koʻrsatmoqda.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida “Fuqarolik jamiyati institutlari” uchun alohida bob (13-bob) ajratilib, fuqarolik jamiyatining asosi konstitutsiyaviy meʼyor bilan belgilandi.
Davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlari yoʻlga qoʻyilib, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlarini tizimli tahlil qilish hamda davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashish uchun maydon yaratildi.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatning har tomonlama va jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish boʻyicha tizim yaratildi.
Joriy yilning 26 avgust kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 124-son Farmoni bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Farmonning ahamiyatli jihati shunda-ki, u bilan fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “strategiya” tasdiqlandi desak har taraflama toʻgʻri boʻladi. Yaʼni, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning oltita eng muhim yoʻnalishlari hamda ularning qay tartibda amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.
Davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy va gumanitar sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish belgilanmoqda.
Buni nimada koʻrishimiz mumkin?
Eng avvalo davlamiz rahbari Sh.Mirziyoyevning “jamiyat islohotlar tashabbuskori” degan gʻoyasini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Mazkur gʻoyadan kelib chiqqan holda milliy davlatchiligimiz boshqaruvida tub islohotlar amalga oshirildi. Bugun jamiyat tom maʼnoda islohotlar tashabbuskoriga aylandi. “Jamoatchilik maʼqul desa maʼqul, nomaʼqul desa nomuqul boʻladi” degan ezgu tashabbus davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida oʻz ifodasini topmoqda.
Yurtimizda qabul qilinayotgan Qonun, Farmon qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar jamoatchilik bilan bamaslahat qabul qilinishi, kerak boʻlsa “jamoatchilik ekspertizasi”dan oʻtkazish tizimi joriy qilindi. Bu oʻz navbatida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning birinchi navbatda xalq manfaatlariga asoslangan holda qabul qilinishiga zamin yaratadi.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlab oʻtish joiz-ki, Farmon bilan Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari (komissiyalar) majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida ishtirok etish huquqi, shuningdek ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini joriy qilish, ularni amaliyotga toʻgʻri qoʻllash yuzasidan takliflar kiritish hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini ifoda etish vakolati berilmoqda.
Mazkur amaliyotning joriy etilishi yuqorida aytib oʻtganimizdek, jamoatchilik nazoratining maqbul shakllaridan biri — jamoatchilik ekspertizasining sohaviy yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilishi hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini koʻzlagan, joylarda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish borasida ham qator qulayliklar belgilanmoqda.
Yaʼni, endi fuqarolik jamiyati institutlari tegishli soha va tarmoqlarda mavjud muammolarning taʼsirchan yechimini nazarda tutuvchi tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish toʻgʻrisida manfaatdor davlat organiga takliflar kiritish huquqi ega boʻladi. Oʻz navbatida ularning tashabbusli loyihalari belgilangan tartibga muvofiq tegishli davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdorda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish yoʻli bilan ijtimoiy buyurtma berilishi mumkinligi belgilab qoʻyilmoqda.
Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish uchinchi asosiy yoʻnalish sifatida belgilanib, unga koʻra vazirliklar, idoralar, Qoraqaopogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan har yili kamida bir marotaba ochiq muloqotlar oʻtkazilishi, vazirlik va idoralarga har yili fuqarolik jamiyati institutlariga byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ijtimoiy buyurtma berish boʻyicha tanlovlar tashkil etish majburiyati yuklanmoqda.
Qayd etib oʻtish kerak-ki, mamlakatimizda “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyiliga mos holda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Oʻzbekiston 2030 strategiyasi”da ham bu masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik koʻrsatkichlarida “Ijtimoiy sheriklikda amalga oshiriladigan loyihalar sonini kamida 3 baravarga koʻpaytirish”, “Davlat dasturlarida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini kamida 80 taga yetkazish” ustuvor vazifalar sifatida Strategiyaning 83-maqsadida oʻz ifodasini topgan.
Farmon bilan beligilanayotgan uchinchi asosiy yoʻnalish Strategiyaning mazkur maqsad va vazifalari ijrosining oʻz muddatlarida va sifatli amalga oshirilishida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Yana bir muhim masala, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga koʻmaklashish yoʻlida taʼsirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini ragʻbatlantirish toʻrtinchi yoʻnalish sifatida belgilanmoqda.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqda-ki, dunyoda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali boʻlgan nazorat tizimi yoʻq! Jamoatchilik nazorati bor joyda taraqqiyot boʻladi! Jamoatchilik nazoratidan jamiyat ham davlat ham
Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasida “Jamoatchilik nazorati subyektlari” belgilangan boʻlib, unga koʻra “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati subyektlaridir” deb belgilangan.
Yaʼni, har bir inson birinchi navbatda oʻzini oʻzi nazorat qiladigan boʻlsa, undan keyin yon atrofida boʻlayotgan voqea xodisalarga befarq boʻlmasa albatta hech qanday boshqa nazoratga ehtiyoj sezilmaydi.
Maʼlum-ki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3837-son qarori bilan davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari tashkil qilingan boʻlib, ularning aksariyatida Kengash raisi davlat organi vakillari edi.
Endilikda davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raislari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlanishi, ular faoliyatining samaradorligi har yili baholanishi va natijalari eʼlon qilinishi, shuningdek jamoatchilik kengashlarining faol aʼzolari davlat organining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantirib borilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Farmon bilan fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyish hamda ularning xorijdagi uyushmalari bilan hamkorligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni oʻtkazib borish, uning doirasida Oliy Majlis, Adliya vazirligida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar oʻtkazish, fuqarolik jamiyati institutlarini ragʻbatlantirish boʻyicha tadbirlar tashkil etish, shu jumladan, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, har ikki yilda taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofotini taʼsis etish, jurnalistlar oʻrtasida har yili anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yoʻnalishida nominatsiya tashkil etish ham fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan tizimli qoʻllab-quvvatlashning amaliy ifodasi desak hech ham mubolagʻa boʻlmaydi.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, jamiyat islohotlari mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz turmush tarzini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Dilmurod IZZATOV, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Toshkent shahar hududiy boʻlinmasi boshligʻi