Jamiyatda nodavlat sektorining roli qanday?

0
269
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasida hamkorlik, aʼzolar safini kengaytirish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishni  OʻzNNTMA  Kengashi raisi N. Alimov qisqacha kirish soʻzi bilan ochib, Nodavlat notijorat tashkilotlari Oʻzbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, demokratiyani qaror toptirishda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda juda muhim bunyodkorlik rolini oʻynayotganligi, bu yilgi saylovlar jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va masʼul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishgani, jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun normativ-huquqiy asoslar yaratilgani  haqida gapirdi. NNT tashkilotlarini aʼzolikka jalb etish, ular bilan hamkorlikni kuchaytirish, volontyorlar faoliyatiga alohida eʼtibor qaratish lozimligini  taʼkidladi.

Tadbirda  Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” markaziga  aʼzolik guvohnomasi topshirildi. Shu munosabat bilan tabirda soʻzga chiqqan markaz boshqaruvi raisi, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist R. Zaripova markaz tomonidan  amalga oshirgan loyihalar va markaz muassisligidagi  gujum.uz  elektron gazeta faoliyati bilan tanishtirdi. Joriy yilda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi jamoasi bilan hamkorlikda amalga oshirishni koʻzlayotgan  rejalari, loyihalari haqida gapirib berdi. 

Oʻzbekistondagi islohotlar dunyo hamjamiyati eʼtiborida ekani, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xususan, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlagan OʻzNNTMA Kengashi raisi oʻrinbosari  Feruza Muhammadjonova shunday dedi:

«Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ijtimoiy taraqqiyotda nodavlat sektorining ahamiyatini yaqqol koʻrsatmoqda. Yaqinda boʻlib oʻtgan siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatlarning 21 nafari yoki 14 foizi jamoatchilik va nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ekanligini ham nodavlat sektorining roli koʻrsatib turibdi».

Kengaytirilgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi  huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi D. Bekchanova qatnashib, tgan yil qabul qilingan “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik oʻzgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori mazkur tarmoqni rivojlantirishda salmoqli qadamlardan biri boʻlganligi haqida  gapirdi.

–Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan fuqarolik jamiyati institutlari bilan bir qatorda har bir fuqaro mamlakatimizda soʻnggi yilda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu avvalambor, fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali taklif va mulohazalari bilan bir qatorda tanqidiy fikrlarini baralla bildirayotganliklarida ham koʻrinadi. Bu esa oʻz navbatida, prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “davlat organlarining xalqqa xizmat qilishiga” omil boʻlib xizmat qilmoqda – dedi D. Bekchanova. 

Soʻzga chiqanlar  fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish boʻyicha yuritilayotgan siyosatning asosiy maqsadi – insonlarning shu jamiyatda munosib hayot kechirishini, barcha hayotiy orzu-maqsadlarini  amalga oshirilishini taʼminlashdan iboratligini taʼkidlashdi.

R. Sapayeva

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.