Jamiyatda oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikni kuchaytiradigan savob ishlar

0
379
marta koʻrilgan.

Navroʻz kunlarida jamiyatda oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlarni amalga oshirish milliy qadriyatlarimizdan biridir.

Milliy qadriyatlarimizga monand faoliyat yuritayotgan  Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy  assotsiatsiyasi bilan Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini moddiy, maʼnaviy va gumanitar qoʻllab-quvvatlashda, jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirishda ijtimoiy sheriklikni yuksaltirish borasida munosib hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda ochiq va erkin fuqarolik jamiyati asoslarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan demokratik islohotlar natijalarini xalqaro va mahalliy jamoatchilikning xabardorligini oshirish yoʻnalishlarida “Gujum. uz”  sayti ham ularga yelkadosh boʻlmoqda.

Kecha  OʻzNNTMA Kengashi raisi Nasimjon  Alimov va Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati  boshqaruvi raisi Komil Abdullayev yetakchiligida  Xorazm va Sirdaryodan tushgan murojaatlarga eʼtibor qaratilib, imkoniyati cheklangan kishilarning arizasi asosida nogironlik aravasi armugʻon etildi.  

– Men bugun onaginam uchun juda xursandman. Koʻklam kunlari bayramu shodiyonalarga  toʻla. Yil davomida oʻzini oilasi, bolalari va yana koʻp yaqinlariga fido etib yashaydigan Ayol zoti uchun 8-mart hadyalar kuni! Ushbu bayramda barchamiz onajonlarimizni, qizlarimizni qutlaymiz. Ushbu ayyom onaginam uchun boshqacha boʻldi,  qalbi quvonchlarga toʻldi. Muhtarama volidamiz  adam va biz-farzandlarning, nabiralarning  hamisha  ardogʻida, eʼtiborida. Biz onaginamizning duosini olishga intilamiz. Hukumatimizing gʻamxoʻrligi esa onaginamizning koʻksini yanada  togʻdek yuksaltirdi,– deydi  Urganch shahridagi Boʻston mahallasida istiqomat qiluvchi Qudrat Roʻzmetov.

Dilbar Sharipovaning kasbi vrach.  Maktabni aʼlo bahoga bitirib, oltin medalga sazovor boʻlgan. Maktabda yoshlar yetakchisi boʻlib, faoliyat yuritardi, tashabbuskor, topqir, aqila, eng asosiysi barchaga mehribon edi. Institutni tugatib, viloyat poliklinikasida avval vrach keyinchalik boʻlim boshligʻi boʻlib faoliyat yuritdi. Turmush oʻrtogʻi Soliyjon bilan besh farzandni tarbiyalab oyoqqa turgʻazishdi.

Taqdir taqozasi bilan  tasodifiy hodisa tufayli  oʻtirimli boʻlib qoldi.  Har borganimda  Dilbarxonning ruhiyati balandligiga, shukronasi koʻpligiga tahsinlar aytib kelaman. Yana yaqinlariga, qoʻni-qoʻshnilariga  Ona tabiat neʼmatlarining shifobaxsh xususiyatlaridan saboq berib oʻtiradi.  Dala va uy mahsulotining qay biri qaysi dardga shifoligini oʻrgatadi. Odamlarning dardini yengillatishga intilib yashaydi.  Irodali, aqila ayolning dunyo yangiliklarini, mamlakat siyosatini kuzatib yon-atrofidagilarni xabardor qilib oʻtiririshi ham tahsinga loyiq.

Baʼzibir hayotdan noliyveradigan yoshlarni ana shunday zahmatkash insonlardan ibrat olishini xohlardim. Hayot siylovlarini ham koʻrdi,  sinovlarini ham mardonavor yengayotgan jafokash, dilkash doʻstimimiz Dilbarxonimga sihat-salomatlik, uzoq umr tilaymiz.

«Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoniga tavsiya qilinayotganda tegishli tashkilotlarni ana shunday fidoyi va donishmand ayollarga ham eʼtibor berishlarini tavsiya qilgan boʻlardim.

Raʼno  ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida  xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.