Lutfiya MIRZAYEVA: Murojaatnoma bizni fidoyilikka chorladi

0
358
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga  yoʻllagan Murojaatnomasi Biz-Nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlari va xodimlarini ham yanada fidoiy boʻlishga undab, yuksak marralar sari otlantirdi.

Fidoiy boʻlishga, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida bor bilim va kuchimizni sarflab mehnat qilishga chorladi!

 “Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʻl turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oʻzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgaradi”- Davlatimiz rahbarining ushbu daʼvati oʻz ustimizda tinimsiz ishlashga, izlanishga, bilim egallashga va toʻplagan tajribalarimiz, bilimimizni yosh avlodga ham oʻrgatishga undadi.

“Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi”- deydi Prezidentimiz. Haqiqatda ham, xalqimizning, ayniqsa yoshlarimizning kuchli bilim egalari, maʼrifatli, yuksak maʼnaviyat sohiblari boʻlishlari yurtimizning har bir sohasini rivojini taʼminlaydi.   Insonning eng katta boyligi – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlik ekanligini taʼkidlab oʻtdilar. Shunday ekan, biz avvalo yoshlarimizga chuqur bilim va tarbiya bermogʻimiz dardor.

Davlatimiz rahbari turizm iqtisodiyotini rivojlantirish,   ayniqsa, katta imkoniyatlarga ega boʻlgan ziyorat va tibbiyot turizmini yuksaltirish zarurligini aytib oʻtdilar. Zero, bizning dunyolarga koʻz-koʻz qiladigan tarixiy obidalarimiz, oʻlmas sanʼatimiz, beqiyos hunarmandchiligimiz bor ekan, sayyohlar soni yildan yilga koʻpayaveradi. Bu bebaho boylikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, keng miqyosda targʻib qilish barchamizning burchimizdir. Zaminimizdan gʻururlanish, sayyohlarni bu tabarruk zaminga jalb etish uchun uning boy sanʼati, tarixi, muqaddas obidalari, osori aqidalarini keng dunyoga targʻib etmogʻimiz darkor. Tarixni, oʻzlikni bilish esa targʻibot orqali amalga oshadi. 

    Davlatimiz rahbari tomonidan  YUNYeSKOning Umumjahon moddiy madaniy merosi va Nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga Oʻzbekistondagi yangi obyektlarni kiritishni tezlashtirish lozimligini muhim vazifalardan biri etib belgiladilar.  Bizning “Umrboqiy meros” markazi uchun bu ayni muddao boʻldi. Biz Oʻzbek kashtachilik sanʼatini YUNYeSKOning roʻyxatiga kiritishni jahonga koʻz-koʻz qilishni juda-juda istardik.

Murojatnomada  Prezidentimizning Nodavlat notijorat tashkilotlarga qaratgan alohida eʼtibori va gʻamxoʻrligi bizni yanada quvontirdi. Davlat idoralari bilan ijtimoiy sheriklik va hamkorlik ishlarini kengaytirish lozimligini taʼkidladilar. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini takomillashtirish dozimligiga ham urgʻu berib oʻtdilar.

“Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik: biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qoʻrqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz” – degan ilhombaxsh soʻzlari bizlarni yanada ruhlantirib, yangi zafarlarga chorladi.

Lutfiya MIRZAYEVA,

“Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va

sanʼati targʻibot markazi rahbari                                 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.