“Madad” nodavlat notijorat tashkilotining huquqiy maslahat byurolari bilan tanishmisiz?

0
610
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi muassisligidagi aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatadigan  “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti oʻtgan yili may oyida tashkil etildi.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan ADVICE.UZ  huquqiy axborot portali ham ishga tushirilgan boʻlib, “Madad” NNT uning doimiy ishlashini taʼminlaydi va takomillashtirib boradi. Biroq, mamlakatimizning barcha hududlarida  internetdan foydalanish imkoniyati mavjud emas.

Shuning uchun 2019 yil noyabr oyidan “Madad” nodavlat notijorat tashkilotining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bosqichma bosqich huquqiy maslahat byurolari yoʻlga qoʻyildi. Bu esa  elga xizmatning yanada samarali boʻlishini taʼminlamoqda. Kimdir internet orqali maslahat olshni xohlasa, kimdir yuzma yuz gapirishishni maʼqul koʻradi. Bu ikkala usul ham xalqimiz manfaatlarini himoya qilish, huquqiy savodxonligini yuksaltirish maqsadida faoliyat yurityapti

 Masalan, men faoliyat olib borayotgan Toshkent shahar Mirobod tumanida  iyul oyining shu kunigacha 112 ta huquqiy murojaat kelib tushdi. Murojaatchilarning 75tasi erkaklar, 37 tasi ayollardir. Murojaatlarning 17 tasi  ijtimoiy himoya (moddiy yordam, pensiya, nafaqa) masalalariga, 15 tasi  oilaviy munosabatlarga daxldordir. Eng koʻp savol va murojaatlar sud-huquq masalalariga oid boʻlib,  u 22 tani tashkil qiladi. Shuningdek, uy-joy va kommunal xizmatga oid murojaatlar ham tez-tez boʻlib turadi. Shu oyning oʻtgan davrida ushbu masalada 15 ta murojaat boʻldi. Taʼlim, transport, tadbirkorlik va fuqarolik yaʼni migratsiya masalalari boʻyicha ham 7-10 nafar murojaatchini qabul qildik. Eng kam murojaatlar soliq masalalari boʻyicha boʻlib, bittaginani tashkil qiladi.

Bu endi birgina men ishlaydigan  Mirobod tumani boʻyicha dalillar. Endi ularni respublikamiz boʻyicha tassavur qilishingiz mumkin. Bu esa xalqimizning «Elga xizmat — oliy himmat» degan naqlini eslatadi.

Fuqarolardan muntazam ravishda kelib tushayotgan savol va murojaatlar tahlil qilinib, qaysi soxada kamchiliklar mavjudligini va amaldagi qonunlarning ishlamayotgan moddalarini, qonunlarning boʻsh joylarini, mutaxassislarning diqqatini qaratish lozim boʻlgan masalalarni aniqlashtirish mumkin. Shuningdek, dolzarb savollarga chuqur eʼtibor berilsa amaldagi qonunchilikni, qonun osti hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ham tayyorlash mumkin boʻladi.

Avvola shuni taʼkidlash kerak-ki, masʼullar va xalqimiz Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarini yaxshilab oʻrganishi kerak. Ayniqsa, masʼullar Konstitutsiyaga va qonunlarga soʻzsiz amal qilishlari shart! Shunda hozirgi paytdagi tushunarsiz hodisalar boʻlmaydi. Ikki tomonlama bahs va mojarolarda kim aybdor yoki aybsizligi qonunlarda aniq belgilab qoʻyilgan.  Faqat uni oʻrganish va qonun orqali baho berish kerak, halos. Masalan, yengil avtomashinani kreditga olayotgan fuqarolar maslahat soʻrab kelishdi. Murojaatchi mashinani yaxshi tushinar ekan. Shartnomada belgilangan baʼzi narsalar qoʻyilmaganligini, ehtiyot qismlar ham  talab darajasida emasligini taʼkidladi.  Xullas, bizga masʼullarimizning ehtiyot qismlarni tejash maqsadida yaratgan mojarosi qiziq emas. Bizga ularning Konstitutsiyaga va qonunlarga toʻliq rioya qilmayotgani ajablantirdi. Masʼullar qounlarni hurmat qilsagina jamiyatda tartib boʻladi! Qonun va qonun osti hujjatlarida belgilangan tartibni saqlash kerak!

Ayni kunlarda xalqimiz qiyin vaziyatni boshidan kechirmoqda, koronavirus balosi nafaqat odamlar salomatligiga, balki iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.  Ayrim xizmatchilarning, masʼullarning bir-biri bilan janjallarisiz ham vatanimizda yechimi kutilayotgan muammolar juda koʻp! Xullas, ushbu murojaatlar orqali qonun normalarida belgilangan qoida va tartiblarni ochiqchasiga bajarmagan yoki bajarishni istamagan yoxud bu qoidalar borligini amalda bilmagan shaxslarning saviyasi qanday darajada ekanligini koʻrsatadi.

Jinoyat kodeksida «Mansabga sovuqqonlik bilan qarash» nomli  207 – modda bor. Unda «Mansabga sovuqqonlik bilan qarash, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda boʻlishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa» mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilishi koʻrsatilgan.

Shuningdek, 200 va 500 soʻmlik banknotalarning mazkur yil 1 iyuldan muomaladan chiqarilishi bir qator fuqarolarga noqulaylik tugʻdirgani haqida ham murojaatlar boʻldi. Maʼlumki, Adliya vazirligida 2018 yil 19 mayda 3014-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 soʻmlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 soʻmlik banknotalarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan 1997 yil namunasidagi 200 va 1999 yil namunasidagi 500 soʻmlik banknotalar shu yilning 1 iyulidan qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotdi. Biroq, aholi tomonidan boʻlayotgan murojaatda 200 va 500 soʻmlik banknotalarni savdo va xizmat koʻrsatishda qabul qilinmayotganligi ularga qiyinchilik tugʻdirayotganligi bildirilmoqda. Aholi oʻz eʼtirozlarida xizmat yoki mehnat orqali ega boʻlgan moddiy qiymatga ega mablagʻlarining oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan sabab tufayli moddiy qiymatini yoʻqotganligi va toʻlov sifatida qabul qilinmayotganligidan norozi ekanliklarini bildirishmoqda. Bu ayniqsa, mamlakatning olis hududlarda bank hamda yirik savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari boʻlmagan joylarda kuzatilmoqda. Lekin ularning yaqinlari poytaxtdan  yordam kutmoqda.

Shu munosabat bilan Markaziy bank mutasaddilari bilan bogʻlanib aholiga qulaylik yaratish maqsadida 1997 yil namunasidagi 200 va 1999 yil namunasidagi 500 soʻmlik banknotalarni muomaladan tabiiy yoʻl bilan chiqib ketishi uchun uning qonuniy toʻlov vositasi sifatida qoʻyilgan kuchini yoʻqotish muddatini bekor qilish va muomala vaqtini muddatsiz etib belgilash masalasini koʻrib chiqish haqida taklif tayyorlamoqchi edik. Bu haqida Markaziy bank raisi M.B.Nurmuratovga deputat nomidan tegishli soʻrov xati kelganini ijtimoiy tarmoqlarda ham oʻqidik. Umid qilamizki, Markaziy bank koʻplab fuqarolarni bezovta qilayotgan masalani ijobiy hal etadi.  Albatta, bu munosabatlar ikkala tomon uchun ham foydali boʻlib, mamlakatimiz Prezidentining talablariga – jamoatchilik nazoratining samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshadi, nodavlat notijorat tashkilotlarining ahamiyatini ham oshiradi.

Ravshan SAʼDULLAYEV, Toshkent shahar Mirobod tuman huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.