Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mamlakatimiz siyosiy hayotidagi eng muhim voqea hisoblanadi. Chunki, bunda tugayotgan yildagi asosiy koʻrsatkichlar, yangi yilga moʻljallangan rejalar, maqsad va vazifalar eʼlon qilinadi.
Bu yilgi Murojaatnomada ham 2020 yil yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar va vazifalar belgilandi. Albatta, Murojaatnomada taʼkidlanganidek, “ana shu oʻta muhim vazifalarni amalga oshirishda asosiy talab davlat va jamiyat institutlari oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash, bu jarayonda natijadorlik va sifatni oshirishdan iborat” boʻladi. Bugun Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarini isloh qilish bosqichidagi muhim vazifalardan hisoblanadi.
2021 yilda NNTlar zimmasidagi vazifalar
“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlangan 2021 yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish boʻyicha, yaʼni taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, yoshlar oʻrtasida bandlikni taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, talab yuqori boʻlgan ishchi kasblar boʻyicha fuqarolarning malaka darajasini tasdiqlash tizimini joriy etish, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish – aholi salomatligini taʼminlash yoʻnalishlari boʻyicha ham nodavlat notijorat tashkilotlar davlat organlarining asosiy ijtimoiy hamkori va qoʻshimcha imkoniyatlar manbai sifatida xizmat qiladi.
Shuningdek, boy tariximiz durdonasi boʻlgan madaniy merosimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazish, madaniy meros obyektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish, kambagʻal aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli taʼminlash, “Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha “motivatsiya, koʻnikma va moliyaviy koʻmak” tamoyili asosida yangi mexanizmlarni joriy etish, kambagʻallikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish, bu illatga qarshi kurashish, qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yoʻlga qoʻyish, jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimi joriy qilishda NNTlar qoʻshimcha imkoniyat va ishlatilmagan rezervlar hisoblanadi.
Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlarning oʻrni va vazifalari
Maʼlumki, bugungi demokratik rivojlanish yoʻlidagi barcha mamlakatlar va fuqarolik jamiyati taraqqiyotida “uchinchi sektor”ning ishtiroki va salmogʻi, uning rivojlanganlik darajasi hamda qoʻllab-quvvatlanishi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy barqarorlikni taʼminlashning asosiy omillaridan biri sifatida namoyon boʻlmoqda. Ushbu yoʻnalishda mamlakatda faoliyat yuritayotgan NNTlarning (vakillarining) ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijtimoiy sheriklikni har tomonlama rivojlantirish orqali joylardagi davlat dasturlari va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni bajarishda ularning toʻliq (keng) ishtirokini taʼminlash muhim ahamiyatga egadir.
Prezidentimiz tomonidan Murojaatnomada erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda NNTlar va OAVlarni qoʻllab-quvvatlash davom ettirilishi taʼkidlandi. Shuningdek, qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil qilishda jamoatchilik nazorati va ishtiroki keng yoʻlga qoʻyilishi, jumladan, jamoatchilik eshituvlari va jamoatchilik monitoringi tizimi joriy qilinishi, bu jarayonlarga fuqarolik jamiyati institutlari, OAV va fuqarolar ham jalb etilishi taʼkidlandi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining faoliyati joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratiladi. Chunki, bugungi kunda mamlakatni yanada ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish uchun innovatsion gʻoyalarni taklif etadigan faol, tashabbuskor NNTlarning faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati va fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlat organlari va biznes boshqaruvi organlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar samaradorligini taʼminlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Murojaatnomada NNT va boshqa jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish mexanizmi taklif etildi. Bunda NNTlar turli sohalar boʻyicha jamoatchilik nazorati tadbirlarida ishtirok etadilar. Bu ijtimoiy buyurtma asosida taʼlim, tibbiyot, madaniyat, ekologiya, qurilish, transport, bandlik, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish kabi bugungi kunda jamiyatda eng koʻp muammolar uchrayotgan sohalarda jamoatchilik nazoratini olib borishda koʻmakdosh boʻladilar va bu maqsadlar uchun 2021 yilda davlat byudjetidan 60 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishi belgilandi. Endi fuqarolik jamiyati institutlari davlat tomonidan ishlatilayotgan mablagʻlar, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni bevosita kuzatib borayotganliklari hamda muammolarni olib chiqayotganliklari uchun ularni ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy etiladi. Murojaatnomada bildirilgan ushbu takliflar NNTlarga katta bir ishonch, masʼuliyat va vazifa yuklasa, moliyaviy jihatdan esa ularga ragʻbat va motivatsiya beradi.
Prezidentimiz tomonidan yana bir muhim gʻoya ilgari surildi, bu ham boʻlsa Oliy Majlis Qonunchilik palatasida NNTlarning doimiy vakili boʻlishi. Endilikda Qonunchilik palatasida NNTlar manfaatlarini ilgari suruvchi, himoya qiluvchi doimiy vakil boʻlishi va u yalpi majlislarda, Qonunchilik palatasida boʻlayotgan majlislarda faol ishtirok etishi, NNTlar tomonidan oʻrganilgan, olib chiqilgan muammolar, tahlillar, takliflarni deputatlarga doimiy ravishda taqdim etib borishi mexanizmi yaratiladi.
NNTlar fuqarolik jamiyatining drayveriga aylanadi
Ushbu taklifning asosida chuqur maʼno bor albatta. Chunki, NNTlar demokratik islohotlarning lokomotivi va akseleratori, erkin fuqarolik jamiyatining drayveri hisoblanadi. Mamlakatimizdagi yirik jamoat tashkilotlaridan biri boʻlgan Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi respublikamizdagi NNTlarni intellektual, moddiy-texnikaviy resurslarini davlat va jamiyat qurilishining ustuvor masalalarini amalga oshirish, erkin va ochiq, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish, jamiyat hayotini yanada erkinlashtirish va demokratlashtirish maqsadida birlashtiradi.
NNTlarning darajasi va samaradorligini oshirish, nodavlat sektori davlat qurilishida kuchli mavqega ega boʻlishini taʼminlash kerak, chunki nodavlat sektor hukumatning toʻlaqonli sherigi va mamlakat aholisi va davlat oʻrtasidagi aloqani amalga oshiruvchi ijtimoiy koʻprik hisoblanadi. NNTlar milliy dasturlarni amalga oshirishda muhim rol oʻynaydi va mamlakatning har tomonlama rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi. Bu fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri, chunki ularning aksariyati odamlarni ijtimoiy himoya qilish masalalarini hal etishga qaratilgan.
Mamlakatni barqaror rivojlantirish maqsadida davlat, biznes va NNTlarning birgalikdagi harakatlari uchun sharoit yaratish, uch taraflama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlarini ishlab chiqish zarurligi bildirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari yoʻnalishidagi belgilangan vazifalar jamoatchilikka ham ishonch, ham muhim vazifa va masʼuliyat yuklaydi. Oʻzbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlar ushbu masʼuliyatni chuqur his qilgan holda demokratik islohotlar jarayonida munosib ishtirok etishlariga ishonamiz.
Nasimjon Alimov, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi