“Buning uchun mamlakat va hududlar darajasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni keng yoʻlga qoʻyib, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni koʻpaytirishimiz kerak.
Vazirlik va idoralar ham bir chetda tomoshabin boʻlib oʻtirmasdan, bunday ijtimoiy hamkorlik ishlarini kengaytirishi lozim. Shuning uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini takomillashtirish darkor” deb, qatʼiy vazifalarni belgilab berdilar.
“Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish majburiyligini aniq belgilash kerak”ligi aytildi.
Murojaatnomada “Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlik oʻrnatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish” taklif qilingan edi. Mana oradan koʻp vaqt oʻtmasdan Murojaatnomada belgilangan “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish, aholining jamoat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki koʻlamini kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar, jamiyat va davlatning oʻzaro yaqin hamkorligini oʻrnatish, davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmon eʼlon qilindi.
Ushbu Farmonga koʻra:
(1) davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy shakldagi tizimli hamda samarali muloqotini yoʻlga qoʻyish hamda ularning ijtimoiy manfaatlari kelishilishini taʼminlash;
(2) fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga koʻmaklashish;
(3) aholi fikrini tizimli oʻrganib borish, joylarda va sohalarda aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini hamda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ularning yechimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalariga va Hukumatga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritib borish;
(4) ilmiy-ekspert guruhlari ishtirokida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish yuzasidan tashabbus koʻrsatish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganish, umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etish;
(5) fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlar ini himoya qilishga qoʻshayotgan hissasini baholovchi koʻrsatkichlarni ishlab chiqish hamda ular asosida fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari toʻgʻrisida yillik milliy maʼruzalarni tayyorlash;
(6) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy va samarali hamkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish hamda mazkur masala boʻyicha jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish;
(7) davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini kuchaytirish, ularga uslubiy va boshqa amaliy yordam koʻrsatish;
(8) qonun ijodkorligi sifatini tubdan yaxshilashga, jumladan, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta dolzarb masalalarga oid normativ-huquqiy hujjat loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazish, ularni jamoatchilik bilan maslahatlashuv va eshituvlari asosida takomillashtirishga koʻmaklashish;
(9) fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlarni ommaviy axborot vositalarida soʻz erkinligi, fuqarolarning axborot olish va tarqatish huquqini amalga oshirish, axborot erkinligi kafolatlarini taʼminlash boʻyicha muhokamalarga jalb etish hamda mazkur masalalarga oid amaliy takliflar ishlab chiqish;
(10) jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish, “jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik monitoringi” kabi taʼsirchan zamonaviy nazorat shakllarini amalda joriy etish;
(11) islohotlar va davlat dasturlarining joylarda, shuningdek, sohalarda amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik monitoringini tashkillashtirish, ularni sifatli bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqish, erishilgan koʻrsatkichlar, ijobiy oʻzgarishlar, mavjud muammolar toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalari va Hukumatga muntazam kiritib borish;
(12) “xalq diplomatiyasi” institutini rivojlantirish, jumladan, mamlakat tashqi siyosatining ustuvor vazifalarini hayotga tatbiq etish, uning nufuzli xalqaro reytinglarda egallagan oʻrnini yaxshilashda fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan keng foydalanish hamda xorijdagi vatandoshlar bilan yaqindan aloqalar oʻrnatish, nodavlat notijorat tashkilotlariga xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yordam koʻrsatish = kabi 12ta muhim yoʻnalish Jamoatchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi.
Farmonga koʻra, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi. Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar aʼzodan iborat boʻlib, uning tarkibi quyidagi tartibda shakllantiriladi:
Jamoatchilik palatasining 18 nafar aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan jamiyat rivoji, huquqiy davlatni shakllantirish va milliy qonunchilikni takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatni oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, Oʻzbekiston ilm-fani, sporti, madaniyati, iqtisodiyoti rivoji, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga katta hissa qoʻshgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor boʻlgan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari orasidan tayinlanadi;
Jamoatchilik palatasining 18 nafar aʼzosi respublika miqyosida faoliyat koʻrsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan chet el nodavlat notijorat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallari bundan mustasno), ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari taqdim etgan nomzodlar orasidan tanlov asosida Jamoatchilik palatasi qaroriga asosan aʼzo etib qabul qilinadi;
Jamoatchilik palatasining 14 nafar aʼzosi hududiy jamoatchilik palatalari vakillari boʻlib, ular lavozimi boʻyicha hududiy jamoatchilik palatalari raislari hisoblanadi.
Hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar aʼzodan iborat boʻladi. Hududiy jamoatchilik palatalari tarkibi jamoatchilik forumlarida tavsiya etilgan hududlarda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan chet el nodavlat notijorat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallari bundan mustasno), ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalarining tuzilmalari belgilangan tartibda shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, “Yuksalish” umummilliy harakatining “Mening fikrim” veb-portali Jamoatchilik palatasi tasarrufiga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlarida Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan jamoatchilik uchun dolzarb boʻlgan masalalar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlil natijalarini har chorakda koʻrib chiqish amaliyoti joriy etiladi.
Jamoatchilik palatasi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari toʻgʻrisida yillik milliy maʼruzalarni taqdim etadi.
Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolari har bir davlat organining ochiq hayʼat majlisida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida, “Hukumat soati”da, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari majlislarida ishtirok etishga haqli hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish hamda tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim va dolzarb masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Jamoatchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari davlat organlari va tashkilotlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan Jamoatchilik palatasi soʻrovini yuborish huquqiga ega.
Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari har bir davlat organi, jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi jamoatchilik kengashlari (huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoatchilik kengashlari bundan mustasno) tarkiblarini shakllantirishda ishtirok etadi.
Davlat hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz faoliyatini nodavlat notijorat tashkilotlarining mustaqilligi va ular faoliyatiga aralashmaslik prinsiplariga qatʼiy rioya qilgan holda Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikda amalga oshiradi.
Davlat organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari ishining tashkil etilishi va amalga oshirilishida zarur shart-sharoitlar yaratadi va har tomonlama koʻmaklashadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini jonlantirish, ularga har tomonlama uslubiy koʻmak berish ham yangi palata faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan boʻladi.
Umuman olganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmonga koʻra Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarning vakolatlari va masʼuliyati ham yanada oshiriladi. Biz, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, ushbu vakolatlardan samarali foydalangan holda “Yangi Oʻzbekiston”ni barpo etishda oʻzimizning munosib hissamizni qoʻshamiz.
Nasimjon Alimov,
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari
milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi