NNTlarning huquqiy kafolatlari va masʼuliyatini yanada yuksaltirish yoʻlida

0
168
marta koʻrilgan.

Yangi Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari va ular oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Xususan, oxirgi toʻrt yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1 270dan ortiq loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan 117 milliard soʻm miqdorida mablagʻlar ajratildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini taʼminlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi. Buning natijasida 20ga yaqin qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Huqumatning qarorlari qabul qilindi. 

Joriy yilning mart oyida imzolangan “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmon va “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori shular jumlasidandir.

Ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida Toshkent shahar hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi Parlament komissiyasi va Jamoat fondi vakillari tomonidan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyasi va jamoat fondi, Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy Assotsiatsiyasi Toshkent shahar boʻlimi va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillar uchun tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar, “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar, “Yoʻl xaritasi”, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar, joriy yilning 1 aprelidan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini joriy qilinganligi va unga koʻra har yili yil yakunlari boʻyicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi va boshqa muhim faoliyat koʻrsatkichlariga asosan ularning reytingi tuzilishi yuzasidan batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi. Shu bilan birga, ochiqlik indeksini ishlab chiqish va toʻliq amaliyotga joriy qilish boʻyicha adliya organlariga vazifalar yuklatilgani taʼkidlab oʻtildi.

Yigʻilish davomida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik boʻyicha Jamoat komissiyasining 2021 yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, komissiyaning Ishchi guruhlar tarkibi, davlat granti va 2022 yil uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi yoʻnalishlarini ishlab chiqish toʻgʻrisida xamda ajratilgan mablagʻlarni davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida taqsimlash va mahalliy byudjetdan ajratilgan mablagʻlarni davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida ajratish boʻyicha Nizomlarini ishlab chiqish boʻyicha maʼlumotlar berib oʻtildi.

Tadbir soʻngida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari tomonidan oʻzlari qiziqtirgan savollarga javoblar olindi.

H. QOʻChQOROVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.