Toshkent shahar hokimiyati hamda Toshkent shahar Fuqarolik jamiyatini monitoring qilish mustaqil instituti hamkorligida “Davlat dasturlarini bajarishda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish” mavzuidagi davra suhbati Oʻzbekiston kasaba uyushmasi oʻquv markazining konferensiyalar zalida boʻlib oʻtdi. Davra suhbatini Toshkent shahar Fuqarolik jamiyatini monitoring qilish mustaqil instituti direktori oʻrinbosari R. Saidov qisqacha kirish soʻzi bilan ochdi.
Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Sh. Turdiqulov Davlatimiz rahbarining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni kelgusida yurtimizning har tomonlama jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilayotganini gapirib, shu yoʻnalishdagi muammolarga toʻxtalib oʻtdi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlari T. Matiboyev, D. Shoumarovlar oʻz soʻzida bugungi kunda shaharda faoliyat koʻrsatayotgan 493 ta NNT jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, qonuniy manfaatlari, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishishda oʻz oʻrniga egaligi va ularning faolligini yanada oshirish maqsadida NNT qoʻllab quvvatlash fondi tashkil etilayotganini gapirib, davra ishtirokchilarining savollariga javob berdilar.
Majlis ishtirokchilari fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari boʻyicha takliflar berib oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
R. Sapayeva