Bugungi kunda oila ahilligi sogʻlom turmush tarziga bogʻligini koʻpchilik yaxshi tushinadi. Sogʻlom oila quvonchini dunyolarga almashtirib boʻlmaydi.
Mamlakatimizda yaqin qorindoshlar nikohi masalasi dolzarb muammolardan biri boʻlib, hamon yaqin qorindoshlar nikohi uchrab turibdi. Oilada qarindosh-urugʻlar munosabati davom etishi, uni yanada mustahkamlash maqsadida aka-ukalar, opa-singillar, opa-ukalar quda boʻladilar. Yoshlarni majburlash ham haligacha davom etib kelayotganining guvohi boʻlamiz. Bugungi kunda qorindosh-urugʻchilik oʻrtasidagi nikohdan tugʻilgan bolalarning aksariyati kasalmand boʻlib tugʻilishi kuzatilmoqda.
Oilada nogiron bolalar tugʻilganidan soʻng oilaviy muhitda halovatning yoʻqolishi kuzatilmoqda. Bu esa oʻz navbatida ota-onaning ruhiyatini oʻzgartirib yuboradi yaʼni ular psixologik depressiyalarni, stresslarni boshidan oʻtkazishadi. Oilaviy muhitda osoyishtalik yoʻqoladi, nosogʻlom munosabatlar vujudga keladi. Bu kabi oiladagi salbiy munosabatlar farzandlarga ham taʼsir koʻrsatadi.
Demak, oilada qorindosh-urugʻchilik oqibatidan tugʻilgan nogiron bolalar ota va onalarning oiladagi vazifalari, masʼuliyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini aniq. Masalan, ota oʻz uyiga ishdan kech kelishi, kelsa ham arzimagan narsalardan janjal chiqarishi oilada nosogʻlom munosabatning hukmronligidan ekanligini his qilishimiz mumkin. Baʼzida qorindosh-urugʻchilik oqibatidan oilada nogiron bola tugʻilganida, oilaviy munosabatlar rad etilayotganini ham guvohi boʻlamiz. Nogironlik keyingi avlodlarda yanada ham kuchayishini biz yaxshi bilamiz, buni rivojlangan meditsinadagi ilmiy izlanishlarda uchratmoqdamiz.
Yuqoridagi koʻrsatib oʻtilayotgan bugungi kun muammolarining qanday qilib bartaraf etishimiz mumkin? degan savol tugʻiladi. Bu kabi savollar koʻpchilikda boʻlishi aniq. Ota-onalar oilaviy qadriyatlariga qorindosh urugʻchilikdagi oʻzaro munosabatlarning sogʻlom saqlab qolishni istasalar, yuqori darajadagi oʻzaro hurmatni asrab davom ettirishlari lozim.
Qurʼoni Karim oyatlari va hadislarida ham bu masalaga alohida eʼtibor berilgan. Bizning shariatimiz nikoh vaqti boʻlsa oila qurishga daʼvat qiladi. Muqaddas Qurʼoni Karimda kimlarga uylanish kerakligi kimlarga uylanish nohaqlik ekanligi haqida batafsil koʻrsatib berilgan. Jumladan, “Niso” surasining 23–oyatida shunday deyiladi: “Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka ukalaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada boʻlgan xotinlaringizning tarbiyangizda boʻlgan qizlariga oʻylanish xarom qilindi. Yana oʻz pushti kamaringizdan boʻlgan oʻgʻillaringizning xotinlariga oʻylanishlaringiz hamda opa-singilni jamlashingiz yaʼni birini taloq qilmay turib ikkinchisiga uylanishlaringiz xarom qilindi. Magar ilgari oʻtgan boʻlsa (Alloh avf etar) Albatta, Alloh magʻfiratli va mehribon zotdir”.
Demak, nikohi harom qilinganlar bir necha toifaga boʻlinishi, yaʼni tugʻishganlar, qudachilik tarafidan yaqinlar va emizish orqali yaqinlik hosil boʻlgan kishilarning nikohi harom qilingan. Yaqin qarindoshlarning nikohda boʻlishining maqbul emasligining sababi, inson naslining buzilishiga olib kelishidir.
Umar roziyallohu anhu “Boshqaga qiz berib, oʻzgalardan qiz olinglar, salomatligingiz yaxshilanadi” deb taʼkidlagan. Bu holat odamlarning sogʻligini yaxshilabgina qolmay, odamlar oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlarni va aloqalarni kengaytirishga, qarindoshlar safining kengayishi va rivoj topishiga ham sabab boʻladi.
Xulosa oʻrnida shuni bildiramizki, yuqoridagi fikrlardan ijobiy xulosa chiqarishni, oilada ahillikni saqlab qolish, qarindosh-urugʻchilikni sogʻlom davom ettirishni, ota-onalar doim farzandlari uchun izlanishlarda boʻlib, oilada psixologik sogʻlomlikni tashkil etishi maqsadga muvofiqdir.
A.Shamshetova,
OʻzDJTU, “Pedagogika va psixologiya”
kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.