Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi “Aholining huquqiy ongi, inson huquqlari va muloqot madaniyatini yuksaltirishda jamoatchilik nazoratini tashkil etish” mavzuida Davlat grantlari ajratish uchun 2-tanlovni EʼLON QILADI
Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari qabul qilinadi:
- Davlat organlarida jamoatchilik kengashlari faoliyatining samaradorligini oshirishga koʻmaklashish;
- Xalqaro reyting va indekslar, ularning tarkibiy indikatorlarida baholanadigan sohalarida davlat va jamiyat hayotini keng yoritish;
- Aholining maʼnaviy-ahloqiy bilimlarini oshirish, oilada ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish;
- Jamiyatda xotin-qizlarning oʻrni va nufuzini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash;
- Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini, har bir shaxsning qadr-qimmatini eʼzozlash haqidagi tafsilotlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish;
- Xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish;
- Fuqarolar oʻzini-oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, aholining kundalik muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
- Mahallalarda qonun ustuvorligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarida ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlash;
- Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda ommalashtirish;
- Aholi uchun bepul kafolatlangan tibbiy xizmat koʻrsatish ustidan jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini va innovatsion usullarini joriy etish;
- Ayollar va bolalarni ijtimoiy-huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy qoʻllab-quvvatlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;
- Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishning innovatsion shakllarini amaliyotga kiritish;
- Sohalar boʻyicha oʻtkazilgan jamoatchilik nazoratining natijalari haqida maxsus tele koʻrsatuv va radio eshittirishlar tayyorlab efirga uzatish, internet va bosma nashrlarda yoritish;
- Nizoli vaziyatlar, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatish holatlarini va oʻz joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni erta bartaraf etishda davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlikni shakllantirish.
Davlat granti ajratish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;
- Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondininu t.me/group_jamoat_fondi telegram kanalida joylashtirilgan shaklda toʻldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;
- Oxirgi oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan davlat roʻyxatidan oʻtgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;
- Tashkilotning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
- Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi;
- Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya hamda qoʻllab-quvvatlash xatlari.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 40 million soʻmgacha.
Hujjatlar 2021 yil 26 martidan 30 apreligacha qabul qilinadi.
Hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi nomiga “Oʻzbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil boʻyicha qabul qilinadi: 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor koʻchasi, 1-uy.
Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining t.me/group_jamoat_fondi telegram kanalida tanishish mumkin.
Maʼlumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.