Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bugungi tojdor virus pandemiyasidan himoyalanish boʻyicha shifokorlar tavsiyalariga hamda belgilangan karantin tartib-qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda onlayn tarzda faoliyat yuritib, yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimiz aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadidagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni hamda “Koronovirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan oʻz tizimidagi barcha nodavlat notijorat tashkilotlarini onlayn tarzda tanishtirdi. Ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari haqida xabardorlikni taʼminlash uchun ularga yetkazdi.
2020 yil 24 mart soat 00.01 dan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilganligini taʼkidladi.
Jumladan, koronavirus infeksiyasi asosan Toshkent shahri hududida aniqlanganligini inobatga olib va ushbu infeksiya respublikaning boshqa hududlariga tarqalishining oldini olish maqsadida boshqa hududlardan Toshkent shahriga avtobus, mikroavtobus, yengil avtotransport, aviaqatnovlar va temir yoʻl transporti vositalari orqali kirish toʻxtatilganligini tushuntirdi.
Xodimlarni mehnat taʼtiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib, yaʼni “onlayn” rejimda yoki masofaviy tarzda tashkil etish choralarini koʻrish lozimligini taʼkidladi.
Ushbu farmon va qarorning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalari hamda Internet jahon axborot tarmogʻida keng tushuntirishga, koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat hamda joriy etilgan tartib toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotlarni keng jamoatchilikka onlayn tarzda muntazam ravishda yetkazib borilishiga munosib hissa qoʻshishga chaqirdi.
– OʻzNNTMA «Men karantin qoidalariga toʻliq rioya qilaman. Siz-chi?» deb nomlangan aksiyani eʼlon qiladi. Unga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati va maqsad-vazifalarini keng tushuntirish, shuningdek, koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat hamda joriy etilgan Tartib toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotlarni keng jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazib borilishini taʼminlashda faol boʻlgan NNT vakillari alohida eʼtirofga sazovor boʻladilar– deya taʼkidladi Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar Milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Nasimjon Alimov.
Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati rahbari Komil Abdullayev aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini moddiy, maʼnaviy va gumanitar qoʻllab-quvvatlashda, tibbiy niqob va tibbiy vositalarni tarqatib tojdor virusni oldini olishga munosib hissa qoʻshayotganini aytib oʻtdi.
Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” markazi boshqaruvi raisi R. Zaripova ham gujum. uz sayti orqali targʻibot-tashviqot ishlariga munosib hissa qoʻshayotganligini taʼkidladi. Jumladan, oilada tibbiy himoya vositalarini qoʻllash va jamiyatda bir-birlari orasida masofani saqlashga qatʼiy rioya qilish, xullas tojdor virus profilaktikasida jamoatchilikning xabardorligini oshirish yoʻnalishlarida “Gujum. uz” sayti ham ularga yelkadosh boʻlayotganligini gapirdi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish hamda uning iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida aholi oʻrtasida tizimli ravishda axborot-maʼrifiy ishlarni yuritayotganligini taʼkidladi.
R. ZARIPOVA