Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimiz hayotidagi ishtiroki tabora yuksalmoqda.
2017-2021larda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar qatorida, bevosita fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, shu jumladan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklikning samaradorligini taʼminlashga eʼtibor berilgan.
Respublikamizda fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshib borayotganini qabul qilinayotgan normativ huquqiy xujjatlar misolida ham koʻrish mumkin. Jumladan, 2019 yil 4 oktyabrdadagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik oʻzgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori fikrimiz dalilidir.
Mazkur qarorda bevosita ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va shakllangan milliy huquqni qoʻllash amaliyoti asosida nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni kodlashtirish va tizimlashtirish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi kodeksi loyihasini tayyorlash boʻyicha vazifalar belgilab oʻtilgan edi.
Ayni kunlarda mazkur kodeks loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni umumlashtirish, bu boradagi ishlarni tahlil qilish hamda sohada mavjud normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish va ixchamlashtirish maqsadida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Oʻzbekiston NNT Milliy assotsiatsiyasi hamkorligida barcha viloyatlarda tadbir oʻtkazilmoqda. Barcha viloyatlar oʻz hududlaridan kelib chiqib takliflar taqdim etishmokda.
Tadbirda respublikamizda samarali mehnat qilib kelayotgan taniqli nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Maslahat kengashi aʼzolari xam ishtirok etishmoqda. Kelgusida ushbu taklif va mulohazalar respublika miqyosidagi tadbirda koʻrib chiqiladi, umumlashtiriladi.
Hayotxon QOʻChQOROVA