Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi konferens-zalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Maslahat kengashining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 4 oktyabr sanasida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik oʻzgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida vazifalar belgilab olindi.
Xususan, qarorda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash maqsadida Maslahat kengashining Nizom va reja loyihalarini tayyorlash uchun manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillaridan iborat Idoralararo ishchi guruhini tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Maslahat kengashi rahbari A. Saidov ushbu Qarorga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi kodeksi loyihasini tayyorlash boʻyicha Ishchi guruh tuzish lozimligini, uning asosiy vazifasi ilgʻor xorijiy tajribani va shakllangan milliy huquqni qoʻllash amaliyoti asosida nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish va tizimlashtirishdan iboratligi haqida gapirdi.
Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining loyihalarini davlat tomonidan davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklida Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjeti, shuningdek, tuman va shaharlar byudjetlari mablagʻlaridan koʻllab-quvvatlash orqali moliyalashtirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi E. Basitxanovaning Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Maslahat kengashi huzuridagi Xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, oila institutini mustahkamlash komissiyasi tomonidan Maslahat kengashining 2019 yilga moʻljallangan ”Yoʻl xaritasi”ning 26-bandi ijrosini taʼminlashda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi.
Ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish Komissiyasi raisi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisi K Rafiqov Maslahat kengashining 2019 yilga moʻljallangan ”Yoʻl xaritasi”ning 14-bandini bajarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Tadbirda mahalliy “Ayol tadbirkorlik markazlari”ni tashkil etish va Oʻzbekiston Respublikasi “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining yangi tahrirda ishlab chiqilayotgani va tegishli tashkilotlar uni yanada takomillashtirishda faol qatnashishi lozimligi masalalari muhokama qilindi.
Temur Akimniyazov, Maslahat kengashining masʼul kotibi