“Doʻstlik va NNTlar uyi” respublikamizda birinchi boʻlib Urganch shahrida ochildi. Bu yerda milliy madaniy markazlari hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining yanada samarali faoliyat yuritishi uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Urganch shahri markazida foydalanilmay turgan inshoot 1 milliard 300 million soʻmlik mablagʻ evaziga qayta taʼmirlandi.
Ayni paytda ushbu binoda viloyatda faoliyat olib borayotgan tatar, koreys, rus va qozoq milliy madaniy markazlari hamda 20 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari ish boshladi. Shuningdek, binoda turli madaniy tadbirlarni oʻtkazishga moʻljallangan zal, til oʻrgatish markazlari, raqs xonasi, kompyuter toʻgaragi xonasi, tibbiyot va dam olish xonalari hamda koreys milliy madaniy markazi tomonidan tashkil etilgan muzey joylashgan.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 30 ga yaqin millat vakillari ahil-inoq istiqomat qilmoqda. Milliy madaniy markazlar millatlararo doʻstlik va hamjihatlik, oʻzaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida jamoat tashkilotlari faolligini oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorligini mustahkamlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Hamkorlik samarasida nodavlat notijorat tashkilotlari yordamida baʼzi yoʻnalishlarda kuzatilgan muammolar joyida hal etilmoqda.
“Doʻstlik va NNTlar uyi” ochilishiga bagʻishlangan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Oʻzbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati NNTlariga berilgan grantlar gʻoliblariga sertifikatlar topshirildi.
Manzil: Xorazm viloyat hokimligining rasmiy veb- sayti