Yakksaroy tuman hokimiyati nodavlat notijirot tashkilotlari bilan hamkorlikda Yunus Rajabiy nomidagi mahallasida yashovchi “Ayollar daftariga” kiritilgan ishsiz xotin qizlar va tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ayollar bilan uchrashuv tashkil qildi.
Mahallaning Oila, xotin qizlar va ijtimoiy – maʼnaviy ishlar boʻyicha rais oʻrinbosari Muazzam Hasanova oʻz soʻzida tadbir ishtirokchilarini markaz faoliyati bilan tanishtirib, “Mehr Ko`zda” markazining 2020-2021 yillarda “Oʻzbekistonda ayollarning xuquq va imkoniyatlarini kengaytirish va himoya kilish maqsadida fuqarolik jamiyatini kuchaytirish” loyihasi boʻyicha amaliy ishlarni davom ettirayotganligi xususida gapirdi. Ushbu loyiha doirasida Toshkent shahrining Bektemir, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnaobod tumanlaridagi 40 ta mahallalarda ishsiz, turmush sharoiti ogʻir xotin-qizlarga, yoshlar va fuqarolarga huquqiy, psixologik, tibbiy, ijtimoiy va biznes maslahatlar markaz mutaxassislari tomonidan bepul amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Mazkur loyiha Yevroittifoq tashkiloti tomonidan moliyalashtirilganligi, Fransiyaning Oʻzbekistondagi AKTED Agentligi bilan hamkorlikda faoliyat olib borilayotganligini alohida taʼkidladi.
– Ushbu yigʻilishni oʻtkazishimizdan maqsad – dedi G.Habibulina, – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xotin qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan va ularga berilayotgan imtiyozlar boʻyicha farmon va qarorlarining mazmun — mohiyatini mahallada istiqomat qiluvchi ayollarga yetkazishdan iborat. Shu bilan bir qatorda yigʻilishda ishtirok etayotgan xotin-qizlarimizga “Mehr Ko`zda” markazining mutaxassislari yurist, psixolog, vrach, biznes konsultant, ijtimoiy xodim tomonidan bepul xuquqiy, psixologik, tibbiy, ijtimoiy va biznes maslahatlar bilan koʻmak berish nazarda tutilgan.
Yigʻilish davomida tadbirkorlikni boshlash maqsadida boʻlganlarga imtiyozli kredit olish uchun biznes reja tuzish, marketing izlanishlarni oʻtkazish boʻyicha va bank tomonidan ajratiladigan kredit mablagʻlarini maqsadli ishlatish kabi mavzularda maslahatlar berildi.
Shuningdek, Yakkasaroy tumani Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi mutaxassisi oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumoti bor boʻlgan,ammo mutaxassislikka ega boʻlmagan ishsiz xotin-qizlar uchun tashkil etilgan bepul qisqa muddatli kasb- hunarga yoʻnaltirilgan kurslar haqida maʼlumot berdi. Mazkur kurslarda oʻqiydigan ayollarga beriladigan stipendiya boʻyicha tushuntirdi. Kurslarni muvaffaqiyatli tugatganlarga boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirish masalasida ham yordam berilishi xususida gapirdi.
Ishtirokchilar muammolari boʻyicha guruhlarga boʻlinishdi va ularga yana alohida maslahatlar berildi. Jumladan, oilasi bilan ajralish arafasida turgan ayol bilan yakka suhbat oʻtkazildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan uch nafar xotin-qizlar kredit olish masalasida murojaat etish uchun bank xodimiga, ikki nafari ayol ishga joylashish masalasida tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi xodimiga biriktirildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan 1 nafar va nogiron farzandi bor boʻlgan 2 nafar ayollarga “Mehr Ko`zda” markazi mutaxassislari tomonidan psixologik, yuridik va ijtimoiy maslahatlar berildi.
Zilola Hasanboyeva, Yunus Rajabiy nomidagi mahalla mutaxassisi