Shoxida Sultanovadan telefon orqali xushxabar oldik: 2021 yil 30 noyabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahrida «Xonobod tarixiyati» va «Xonobod — turizm gavhari» nomli anjuman oʻtkazildi.
Tadbirda «Hamkor Simul Servis» Innovatsion loyihalar ilmiy tadqiqot markazi rahbari Shoxida Sultonovaga Respublika «Oltin meros» jamgʻarmasining «Oltin meros» nishoni hamda Qirgʻiziston Respublikasi delegatsiyasi tomonidan «Chingiz Aytmatov» nomidagi davlat muofoti topshirildi.
Quyida Shoxida Sultonovaning oʻz markazi faoliyati haqidagi tahririyatimizga joʻnatgan qiziqarli maqolasi bilan tanishasiz.
2020 yil avgust oyida markazimiz tashabbusi bilan Andijon viloyati Xonobod shahrida «Xonobod kompleks ekspeditsiyasi» tashkil qilinib, ushbu ilmiy tadqiqot ishlariga yetakchilik qilayotgan edim. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda ilm-fanga suyanish toʻgʻrisidagi yoʻl-yoʻriqlaridan ruhlanib, «Xonobod rekreatsion sogʻlomlashtirish turistik majmualarini yaratish» loyihasini ilgari surgandim.
Xonobod qir-adirlari yon bagʻirlarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordik. Ushbu loyihaga Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniy meros obyektlari davlat deportamentining maxsus ruxsatnomasini oldik. Oʻzbekiston Respublikasi. Milliy arxeologiya instituti arxeologlari, Respublika Geologiya-minerologiya davlat koʻmitalari xodimlarini jalb qilgan holda Xonobod geologik tuzilishi va landshaftini, qiru daralarini oʻrgandik.
Natijada 2020 2021 yillari ekspeditsiyamiz 18 ta shifobahsh buloq suvlari, Oʻrta Osiyoda qayd qilinmagan qadimiy dengiz osti maʼdanlaridan noyob shifobahsh argillit konini topishga muvaffaq boʻldik.
Shuningdek, ekspeditsiya arxeologik qazilma ishlari ham olib bordi va qadimiy tosh davriga oid qurol aslahalar, xoʻjalik buyumlari topildi. Miloddan avvalgi VII va miloddan keyingi XII asrlarda madaniyati rivojlangan xalqlar yashab oʻtgan manzilgohlarni topdik.
Qadimgi davrlardayoq Oʻrta Osiyo xalqlarining madaniyati rivojlanganligini tasdiqlovchi xoʻjalik buyumlari va ayollar taqinchoqlari tufayli xalqimiz tarixiyatida yangi sahifa ochishga erishdik.
Anjumanda ana shu tarixiy tilsimlar haqida gapirildi va Xonobodda sogʻlomlashtirish turistik majmualarini yaratish borasida fikr almashildi.
Shoxida Sultonova, «Hamkor Simul Servis» Innovatsion loyihalar ilmiy tadqiqot markazi rahbari