Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan 2018 yilning 28 noyabr kuni Urganch tumani Turkmanlar mahallasida joylashgan “Ulli-hovli” majmuasida “Xorazm durdonalari” mavzusida xalq amaliy sanʼati va milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazma-savdosi oʻtkazildi.
Koʻrgazma-savdoning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, turli vazirlik va idoralar xodimlari, respublikamizning viloyatlaridan kelgan mehmonlar shu bilan birgalikda yurtimizda mehmon boʻlib turgan chet ellik sayyohlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Farmonda xalqimizning madaniy merosi va tarixiy anʼanalarini saqlab qolish, xalq badiiy va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish, hunarmandchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maqsadli va kompleks chora tadbirlarni amalga oshirish, shu asosda aholi, ayniqsa yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasiga bir qator vazifalar yuklangan.
Olib borilgan keng targʻibot va tashviqot ishlari natijasida “Hunarmand” uyushmasidan roʻyxatdan oʻtgan aʼzolarlar soni ikki barobarga ortdi. Ushbu sohani rivojlantirish natijasida 2018 yil boshidan respublika boʻyicha 45071 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etildi, jumladan Xorazm viloyatida 1781 ta yangi ish oʻrni yaratilishi aholi daromadlarining oshishiga turtki boʻldi.
“2018-2019 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga amalga oshiriladigan loyihalarning yigʻma dasturi” tasdiqlangan boʻlib, unga koʻra respublikada 105 449 mln soʻmlik 3 015 ta loyihalarni amalga oshirish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqilgan.
2018 yilning yanvar-noyabr oylarida respublika hududlarida 102 ta turli darajadagi tadbirlar, xususan 21 ta festival, 38 ta koʻrgazma, 15 ta savdo-koʻrgazmalari va 12 ta boshqa turdagi ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Xorazm viloyatida esa 25 ta tadbirlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston dunyoda xalq amaliy sanʼatining eng qadimiy turlari, anʼanalari, oʻziga xos uslub va maktablari saqlanib qolgan mamlakat sifatida alohida oʻringa ega.
Uyushma tomonidan hunarmandchilik mahsulotlarini chetga eksport qilish va ularning faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Italiya, Koreya, Malayziya, Ozarbayjon, Latviya, Finlyandiya, Hindiston, Fransiya, Gretsiya, Turkmaniston, Eron, AQSH, Ukraina, Turkiya, Xitoyda 113 ta koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazilishi rejalashtirildi va bugungi kungacha 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmalarda 50 nafardan ortiq hunarmandlar ishtirok etdi.
“Xorazm durdonalari” tadbirida 60 nafardan ortik amaliy sanʼat ustalarining mahsulotlari koʻrgazma-savdosi namoyish etildi. Mohir usta-hunarmandlar tomonidan amaliy sanʼatning barcha yoʻnalishlari boʻyicha mahorat darslari uyushtirildi..
Oʻzbekiston “Hunarmand” uyushmasi Axborot xizmati