Xotin-qizlar murojaati: tahlil va muammolar

0
312
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Jurnalist ayollar kengashining «Xotin-qizlar murojaati: tahlil va muammolar» mavzuidagi yigʻilishi oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari Xolmurod Salimov, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Gulnora Marufova, Uyushma qoshidagi Jurnalist ayollar kengashi raisi Feruza Odilova,  Xotin-qizlar qoʻmitasining Fuqarolar murojaati bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Ozoda Islomova va boshqalar soʻzga chiqib, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, ilgʻor gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yillar davomida yigʻilgan muammolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻz samarasini berayotganini alohida taʼkidlab, Jurnalist ayollar, xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, jurnalist ayollar kengashi faoliyatini yanada jonlantirish zarurligi haqida soʻz yuritdi.

Yigʻilishda Xotin-qizlar tomonidan qoʻmitaga boʻlayotgan murojaatlar, ularning koʻrib chiqilishi, murjaatlarda koʻtarilgan masalalar tegishli tartibda hal etilayotgani,  Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi tegishli tashkilotlar bilan birga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolganlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish, erta nikoh va ajrashish, xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bandligini taʼminlash jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayollarning ijtimoiy reabilitatsiyasi boʻyicha yordam berish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berildi.

Xotin-qizlar qoʻmitasi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, 2018 yilda tashkil etilgan ishonch telefoniga shu kunga qadar 12 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Bundan tashqari, joylarda 150 dan ortiq Ijtimoiy moslashuv markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻmita va hududlardagi markazlarga boʻlayotgan murojaatlar oʻz vaqtida oʻrganilib ayollarga zarur yordam koʻrsatilyapti.  Shuningdek, yigʻilishda aksariyat hollarda xotin-qizlarimiz oʻz haq-huquqlarini yaxshi bilmasliklari ortidan katta muammolarga duchor boʻlayotganlikni aytib oʻtildi.  Bu borada xotin-qizlar oʻrtasida huquqiy savodxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishga eʼtiborni kuchaytirish, bunda ommaviy axborot vositalari faolligini yanada oshirish  kerakligi qayd etildi.

Bugungi kunda, respublikada 60 ga yaqin oila, xotin-qizlar hayotiga oid jurnal va gazetalar faoliyat yurityapti.  “Oila va jamiyat”, “Oila davrasida”, “Saodat”, “Bekajon”, “Sugʻdiyona”, “Ledi”, “Tadbirkor ayol”, “Oʻzbekoyim” “gujum. uz”kabi  bosma va internet nashrlar bu borada asosiy minbar boʻlib kelmoqda.  Nashrlarda ayollar murojaati va haq-huquqlari taʼminlash bilan bogʻliq koʻplab materiallar chop etilyapti. Binobarin ayollar jurnalistikasini yanada takomillashtirish va mavzuni chuqur tahlil etish jurnalistdan chuqur bilim hamda tajribani talab etadi. Anjumanda xotin-qizlar murojaatlarni yoritishga jiddiy  eʼtibor qaratilishi boʻyicha  mutaxassislar oʻz tavsiyalarni bildirdilar.

Yigʻilishda mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar,  Oʻzbekiston Davlat jahon tillari va Oʻzbekiston Milliy universiteti  talabalari ishtirok etdilar.

Tadbir soʻngida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.