Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir

0
1123
marta koʻrilgan.

 Xususiy mulk huquqi shaxsning qonun hujjatlariga  muvofiq qoʻlga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir.

Mulk huquqining vujudga kelish asoslari quyidagilardan iborat: mehnat faoliyati; mol-mulkdan foydalanish sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati, shu jumladan mol-mulkni yaratish, hamda mulkdor ixtiyoridagi mol-mulkni koʻpaytirish, bitimlar asosida qoʻlga kiritish; davlat mol-mulkini xususiylashtirish; meros qilib olish; egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat; qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa asoslar.

Fuqarolar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, ijtimoiy fondlar va davlatga qarashli boʻlmagan boshqa yuridik shaxslar xususiy mulk huquqining subyektlari hisoblanadilar. Qonun bilan man etilgan ayrim ashyolardan tashqari har qanday mol-mulk xususiy mulk boʻlishi mumkin.

Xususiy mulk boʻlgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi. Davlat xususiy mulkning but saqlanishini taʼminlash va uning koʻpaytirilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi.  Mol-mulkdan xoʻjalik usulida va oʻzgacha usulda foydalanish natijalari, shu jumladan mahsulot, hosil va boshqa daromadlar mulkdorga tegishli boʻladi. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

 Mulkdor oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishiga koʻra hamda oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdor oʻz mol-mulkiga nisbatan qonunga zid boʻlmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli. U oʻz mol-mulkidan xoʻjalik faoliyatini va qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi, uni boshqa shaxslarga egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun tekinga yoxud haq evaziga berishi mumkin. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.  

Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mutlaq huquqlarning egalari va tijorat sirining egalari qonunlar bilan belgilangan huquqlar va kafolatlardan foydalanadi. Xususiy mulk huquqi muddatsizdir. Mulkdorga mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish muddati belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Barcha mulkdorlarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda teng sharoitlar taʼminlanadi. Davlat buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishini va uning sud orqali himoya qilinishini kafolatlaydi.

Xususiy mulk huquqini himoya qilish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi: xususiy mulk huquqini tan olish; xususiy mulk huquqi buzilishidan oldingi holatni tiklash va xususiy mulk huquqini buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tugʻdiradigan harakatlarning oldini olish; bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash; davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish; xususiy mulk huquqini mulkdorning oʻzi himoya qilishi; burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish; zararning oʻrnini qoplash; neustoyka undirish; maʼnaviy ziyonni qoplash; xususiy mulk huquqi munosabatlarini tartibga solishda qonun hujjatlari barqarorligini taʼminlash; davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunga zid boʻlgan hujjatining sud tomonidan qoʻllanilmasligi; mol-mulkning ayrim turlariga boʻlgan xususiy mulk huquqining vujudga kelganligini, oʻzgarganligini va bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish.

Xususiy mulk huquqini mulkdorning oʻzi himoya qilishiga yoʻl qoʻyiladi. Xususiy mulk huquqini mulkdorning oʻzi himoya qilishi usullari huquq buzilishiga mutanosib boʻlishi va huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak. Mulkdorlarga xususiy mulk huquqini himoya qilish uchun davlat tomonidan teng sharoitlar taʼminlanadi.  Xususiy mulk huquqini amalga oshirishga davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.  Mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni uni yetkazgan shaxs tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq toʻla hajmda qoplanishi kerak.

Mulkdorning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarida mulkdor huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qiladi, unga muvofiq qonun hujjatlaridagi xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga qeladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi. Qonunga xilof ravishda xususiy mulk huquqini cheklashga va (yoki) undan mahrum qilishga bevosita yoki bilvosita qaratilgan harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydi.

Nomaqbulligi oldindan maʼlum boʻlgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan undan mol-mulkni, moliyaviy mablagʻlarni yoki boshqa mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish taqiqlanadi. Mulkdorning xoʻjalik faoliyatiga pirovard natijada uning mol-mulki tortib olinishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan yoxud mulkdorni oʻz mulkiga boʻlgan huquqidan voz kechishga majbur qiladigan qonunga xilof ravishdagi aralashuv taqiqlanadi.

Xususiy mulkka tajovuz qilish qonunga binoan taʼqib qilinadi. Mulkdorning majburiyatlari boʻyicha undiruv mol-mulkka qaratilgan taqdirda, uning olib qoʻyilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Xususiy mulk boʻlgan mol-mulk natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Xususiy mulk boʻlgan mol-mulkni, shu jumladan yer uchastkasini natsionalizatsiya va rekvizitsiya qilingan hollarda olib qoʻyish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mulkdorga uning bozor qiymati, shuningdek bunday olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni toʻla qoplanishi sharti bilangina amalga oshiriladi. Mulkdor oʻz mol-mulkini boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olishga haqli. Mazkur huquqni amalga oshirishda davlat organlari mulkdorga koʻmaklashishi shart.

Xususiy mulk huquqini bekor qiladigan qonun qabul qilingan taqdirda, ushbu qonunni qabul qilish natijasida mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni, shu jumladan mol-mulkning bozor qiymati davlat tomonidan toʻla hajmda qoplanadi. Zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolar sud tomonidan hal etiladi.

Xususiy mulk munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjati mulkdorning huquqiy holatini yomonlashtirgan yoki mulkdorga qoʻshimcha majburiyatlar yuklagan taqdirda, orqaga qaytish kuchiga ega emas. Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta koʻrib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi.

Quyidagi koʻchar va koʻchmas mol-mulk davlat tasarrufidan chiqarilgan hamda xususiylashtirilgan korxonalarning mol-mulki deb eʼtirof etiladi (qonunga muvofiq davlat tasarrufidan chiqarilmaydigan va xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno): davlat tasarrufidan chiqarishni va xususiylashtirilgan korxonalarda davlat mol-mulkini xususiylashtirishni amalga oshirish paytida aniqlanmagan koʻchar va koʻchmas mol-mulk; korxona hududida joylashgan, davlat tasarrufidan chiqarishni va xususiylashtirishni amalga oshirish paytida tasarruf etish huquqisiz foydalanishga berilgan koʻchar va koʻchmas mol-mulk.

Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta koʻrib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi.  Xususiy mulk huquqini himoya qilish qonunga muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

 Oxirgi besh-olti yil davomida xususiy mulk huquqini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida qator qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarorlari, Vazirlar  Mahkamasining qarorlari qabul qilindi, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining   jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi ”PF-4848 sonli Farmonida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini taʼminlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadi belgilandi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini taʼminlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻyilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilansin, deb koʻrsatilgani buning yaqqol dalilidir. 

A.XAYRULLAYEV, “Madad”  nodavlat notijorat tashkilotining

Shayxontohur tumani huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi   

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.