Mustaqil Oʻzbekiston ahli uchun 10 dekabr kuni Davlat gimni qabul qilingan kun sifatida tarixga muhrlangan. Konstitutsiya shodiyonalariga gimn quvonchlari qoʻshilib ketishi tasodif emas. Yurtga baland shuhratu shukuh tilab uyushtirilgan goʻzal, eʼzozli anʼanadir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning XI sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Xuddi shu sessiyada 10 dekabr kuni Mustaqil respublikaning Davlat gimni haqidagi Qonun ham tasdiqlandi. Mana shunga yigirma besh yil boʻlyapti. Ayni kunlarda mamlakatimizda ushbu shodiyonalar keng nishonlanmoqda.
Mutal Burxonov musiqasi, Abdulla Oripov sheʼridan iborat gimn. xalqimizning faxriga, gʻururiga aylandi. Zero, “Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy gʻururimizni, yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri-katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir”, deydi mamlakatimiz birinchi prezidenti I. Karimov. Bu ayni haqiqat! Mamlakatimiz bosh Qomusi va gimni qabul qilingan ushbu sessiyada deputat sifatida qatnashgan bolalarimning otasi, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Namoz Saʼdullayevning uyga quvonch bilan kirib kelganligini hamon eslayman. U hayajon bilan shunday degan edi: ”Mustaqillik tom maʼnoda mustahkamlandi. Kecha Konstitutsiyamiz qabul qilingan boʻlsa, bugun madhiyamiz tarix sahifalariga muhrlandi. Endi u mamlakatimizning ramzi sifatida jahon siyosat maydonlarida jaranglaydi. Vatan mustaqilligi, tinchligi, farovonligi, taraqqiyoti abadiy boʻlsin. Endi yagona Vatan, yagona taqdirmiz” degan edi. Va u zavq-shavq bilan Choʻlponning yillar davomida taʼqiqlangan olovli sheʼrini jaranglatib oʻqigan edi.
Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir.
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq oʻchdir
Xalq qoʻzgʻolsa kuch yoʻqdirkim toʻxtatsin,
Quvvat yoʻqkim, xalq istagin yoʻq etsin.
Milliy gʻurur, millat iftixori u kishini ruhlantirgan edi. Milliy gʻurur shunday kuchli ruhiy holatki, u tufayli tarixiy yaxlitlik, til, madaniyat, maʼnaviyat, iqtisodiy hayot va kelajak birligi millat vakillarining qalbida chuqur oʻrin olib, milliy birdamlik tuygʻusini uygʻotadi. Milliy birdamlik esa yetuk va mukammal maʼnaviy fazilat sifatida qadrlanadi.
Mustaqil Oʻzbekiston gimnining maqsad-muddaosi murgʻak jondagi shaxsni uygʻotish, yuksak ijtimoiy murod-maqsadlar mezonlariga muvofiq ravishda kamol toptirishdan iboratdir.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist