15 may – Xalqaro oila kuni!

0
1846
marta koʻrilgan.

Oila asrlar davomida shakllanib kelayotgan jamiyatimizning mustahkam poydevori va uni harakatga keltiruvchi qudratli kuch hisoblanadi. Oilaning ijtimoiy-maʼnaviy barkamolligi esa davlat va jamiyat farovonligining asosiy negizini tashkil etadi.

“Oila – kichik Vatan, oila tinch boʻlsa, baxtli boʻlsa, yurt tinch boʻladi”. Tinch oilalarda buyuklar yetishib chiqadi.  Jahon madaniyati xazinasiga al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Ahmad al-Fargʻoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Mahmud az-Zamaxshariy kabi yuzlab allomai zamonlar, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik kabi vatanparvar qahramonlar, bir qoʻlida farzand, bir qoʻlida maʼnaviyat beshigini tebratgan Bibixonim, Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Zebunnisobegim, Uvaysiy, Nodirabegim kabi oqila, fozila momolarimiz, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Mahmudxoʻja Behbudiy, Usmon Nosir, Elbek kabi millat ozodligi kurashchilarini dunyoga keltirgan, tarbiyalagan ham oʻzbek oilasidir.

Darhaqiqat, ildizi baquvvat, poydevori mustahkam, avlod-ajdodlari shaʼnini pok saqlovchi, milliy qadriyatlar, urf odatlarimizni oʻrganib avlodlarga yetkazuvchi sadoqatli oila xamisha mustahkamdir.

Shuning uchun ham Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida: “Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega” ekanligi belgilab qoʻyilgan.  

Oilada maʼnaviy sogʻlom barkamol shaxsni shakllantirishda kitobning oʻrni nihoyatda kattadir. Kitob bergan maʼnaviy ozuqani biron bir vosita beraolmaydi.

Maʼlumki, kitobga mehr qoʻygan insondan yomonlik chiqmaydi, boʻsh vaqtini samarali oʻtkazadi, teran fikrlaydi, badiiy asarlardagi ijobiy obrazlar taʼsirida tarbiyalanadi, salbiy obrazlardan tegishli xulosa chiqaradi. Shu bois har bir shaxs oʻzini oʻzi maʼnaviy sogʻlom qilib tarbiyalab boradi.

15 may – Xalqaro oilalar kuni! Ushbu bayram BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993 yil 20 sentyabridagi Xalqaro oila yili toʻgʻrisidagi rezolyusiyaga muvofiq 1994 yilning 15 mayidan buyon muntazam jahon miqyosida keng nishonlanadi. Xalqaro oilalar kuni munosabati bilan Toshkent shahar «Bilim» axborot- kutubxona markazi oʻz foydalanuvchilariga onlayn xizmat tashkil etgan holda  «Oilam- faxrim» nomli aksiya eʼlon qildi.

Loyihani amalga oshirishdan maqsad — yoshlarda oila tushunchasini shakllantirish, kattalarga hurmat,  kichiklarga gʻamhoʻrlik qilishni oʻrgatish, oila munosabatlarida muomila odobini shakllantirishdan iboratdir.

Loyiha shartlari asosan yoshlarimizni oʻzini ustida ishlashga, ijodiy izlanishga chorlaydi. «Oilam – faxrim» mavzuida istalgan koʻrinishda oʻzlarining ijodiy ishlarini havola qilish bilan kuchli bilimi, iqtidorini namoyon etishlari mumkin.  Bunda sheʼr,  qoʻshiq,  oila haqida chizilgan surat yoki applikatsiya ishlari bilan loyihada ishtirok etishlari mumkin. Loyiha ishtirokchilari yoshi  cheklanmagan.  @bilimaksiya_bot orqali oʻzlarining ijod namunalarini foto yoki videorolik koʻrinishida havola qilinib, markazimiz xodimlari tomonidan yaratilgan ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali keng kitobxonlar ommasiga taqdim etib borilmoqda.

Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak maʼnaviyatga erishib boʻlmaydi. Kitob oʻqimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yoʻq. Eng muhimi, farzandlarimizda yoshlik chogʻidan boshlab kitobga mehr qoʻyish, mustaqil fikr yuritish, murakkab hayotiy vaziyatlarda toʻgʻri javob topish koʻnikmasini shakllantirishimiz, buning uchun tegishli tashkiliy ishlarni amalga oshirishimiz darkor”.

Hafiza KARIMOVA, Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.