18 may – Xalqaro muzeylar kuni

0
791
marta koʻrilgan.

Muzeylar har bir mamlakatning koʻzgusi hisoblanadi. Moziyni oʻrganishda, xalqimizning tarixiga oid moddiy va maʼnaviy yodgorliklar, ashyoviy dalillar, eksponatlar bilan tanishishda muzeylar alohida ahamiyatga ega. Xorijiy sayyohlar ham muzeylarga tashrifi orqali shu yurt tarixi, xalqning turmush tarzi,  urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishadi.

 Bugungi kunda Oʻzbekistonda 100 dan ortiq muzey faoliyat yuritadi. Ular orasida ochiq osmon ostidagi Xiva muzeylari, Buxoro, Samarqand muzeylari, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Igor Savitsskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, Tabiat muzeyi, Tibbiyot muzeyi eng mashhurlari hisoblanadi.

Shu bilan birga muzeylar turli xil tadbirlar tashkil etib, ulugʻvor maʼnaviy-maʼrifiy ozuqa  ham ulashishadi. Masalan, poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi 17 may kuni jaz musiqasi konsertini uyushtirib barchani xushnud qildi. Konsert muzeyning keng hovlisida “Ochiq eshiklar kuni” shaklida oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi «Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-6000-sonli Farmonining 14-bandiga muvofiq “Muzeylarda har oyning birinchi yakshanbasini “ochiq eshiklar kuni” deb eʼlon qilish, shuningdek, fuqarolar muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib koʻrish uchun davlat muzeylariga bepul kirish” vazifalari belgilangan. Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi bayramni inobatga olib, dushanba kuni ham ochiq eshiklar kuni oʻtkazdi. Muzey boʻylab sayohat qilish hamda maʼdaniy hordiq chiqarish imkoniyatini yaratdi.

 Shu bilan birga haftaning har seshanba va juma  kunlari bolalarga davlat muzeylariga bepul kirishi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 19 fevraldagi PQ-2133-son qarori bilan tasdiqlangan «Sogʻlom bola yili» Davlat dasturi 9-bandining ijrosini taʼminlash, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, hurmat ruhida tarbiyalash, ular ongiga xalqimizning boy milliy madaniy merosi va tarixiy oʻtmishini hurmat qilish va eʼzozlashni singdirish hamda aholi dam olishini mazmunli tashkil etish maqsadida haftaning har seshanba va juma kunlari bolalar respublika davlat muzeylariga bepul kirishi mumkin.           Aziz yurtdoshlar, ota-onalar farzandlaringiz bilan birga muzeylarga tashrifingiz kelgusida oʻzingizga ezgulik bagʻishlaydi.

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.