Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil uchun davlat byudjetining asosiy yoʻnalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat byudjeti daromadlarini koʻpaytirish, xarajatlarini optimallashtirish boʻyicha har bir soha, tarmoq va hududlar kesimida mavjud zaxira va imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi.
Avvalo, yirik sanoat tarmoqlarida xarajatni qisqartirish orqali tannarxni kamaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Masalan, joriy yilning birgina toʻrtinchi choragida 349 ta yirik sanoat korxonasida 2,1 trillion soʻm xarajatlarni kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu ishlarni tizimli davom ettirish uchun hukumatga kelgusi yilda yirik tarmoqlarda tannarxni 15-20 foiz kamaytirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Hududlarning daromad bazasini kengaytirish masalasiga toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, past quvvatda ishlayotgan korxonalarga koʻmak berib, ularni toʻliq quvvatga chiqarish choralari belgilandi. Tadbirkorlikni rivojlantirib, soliq bazasini kengaytirish, afzalliklar berish orqali “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish muhimligi aytildi.
Qishloq xoʻjaligida “katta sakrash”ga faqat ilm orqali erishish mumkinligi taʼkidlandi. Bu borada yer sifati, nav va agrotexnologiyaga zamonaviy ilmiy yutuqlarni keng tatbiq etish orqali bir gektarda paxta hosildorligini 50 sentnerga, gʻallada 100 sentnerga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Mintaqamizda suv muammosi kun sayin dolzarb boʻlib bormoqda. Soʻnggi ikki yilda suv xoʻjaligiga byudjetdan 22 trillion soʻm, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga qariyb 1 trillion soʻm subsidiya ajratilgan.
Shu bois kelgusi yillarda sugʻorish kanallarini betonlash, suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatish ishlariga ajratiladigan mablagʻ koʻpaytirib boriladi. Jumladan, kelgusi yilda markazlashgan investitsiya hisobidan 1,7 trillion soʻmlik va xalqaro moliya tashkilotlaridan 300 million dollarlik suv infratuzilmasi loyihalari amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bu masalaga kengroq toʻxtalib, sugʻorish kanallarini betonlash boʻyicha uch yillik dastur qabul qilinishini taʼkidladi.
Yaqinda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalarni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu bois 2024 yil uchun davlat byudjeti loyihasida bu sohalarga katta eʼtibor qaratilgan.
Xususan, kelgusi yil inson kapitalini rivojlantirish uchun 102,5 trillion soʻm yoʻnaltirish moʻljalanmoqda. Bu joriy yilgiga nisbatan 15 foiz koʻp.
Masalan, dastlabki loyihada 317 ta maktab qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan edi. Prezidentimiz bu masalaning muhimligini va joylardagi talabni inobatga olib, yana 150 ta maktab qurilishiga mablagʻ ajratishni taklif qildi.
Maktabgacha taʼlim, professional va oliy taʼlim tizimi uchun nazarda tutilgan mablagʻlarni ham koʻpaytirish boʻyicha fikr bildirildi.
Shu bilan birga, ushbu mablagʻlardan oqilona foydalanish, ajratilayotgan mablagʻlarning natijadorligini oshirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi toʻliq joriy qilinadi. Bu – har bir mahallaning 100 million soʻmgacha mablagʻi boʻladi, degani.
Davlatimiz rahbari bu mablagʻlarni mahallada ish oʻrni yaratadigan, aholining ogʻirini yengil qiladigan loyihalarga yoʻnaltirish zarurligini taʼkidladi. Ushbu yangi tizim boʻyicha mahalla raislarini oʻqitish, mablagʻlarning hisobini yuritish va nazorat qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Shu bilan birga, byudjet intizomini kuchaytirish boʻyicha qonunchilikka takliflar kiritish zarurligi aytildi. Bu borada byudjet mablagʻlari hisobidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga yoʻl qoʻymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar oʻtkazish amaliyotini kengaytirish qatʼiy koʻrsatib oʻtildi.
Tarmoq, soha va hududlarga kelgusi yil 32 milliard dollar investitsiya jalb etish, eksportni 19 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda bildirilgan fikrlar asosida 2024 yil uchun byudjet loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid boʻldi. Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyati misolida yil yakunigacha boʻlgan ishlarni maksimal darajada bajarish, kelgusi rejalarni belgilashda aholi talabi va muammodan kelib chiqish yoʻlini koʻrsatib berdi. Bunda hokimliklar bilan vazirliklar tengma-teng masʼul ekani, oʻzaro muvofiq ishlab, soha va joylardagi masalalarni hal etish zarurligi taʼkidlandi.