Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Unga muvofiq, 2024 yilda quyidagi kunlar qoʻshimcha dam olish kunlari deb belgilandi:
barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qatʼi nazar):
22 mart — juma, 11 aprel — payshanba, 18 iyun — seshanba, 3 sentyabr — seshanba, 31 dekabr — seshanba;
olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun:
2 yanvar — seshanba, 23 mart — shanba, 12 aprel — juma, 31 avgust — shanba, 30 dekabr — dushanba.
Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi «1 sentyabr -Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillik kuni», «8 dekabr — Konstitutsiya kuni» bayramlari 2024 yilda yakshanba — dam olish kunlariga toʻgʻri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2024 yil 2 sentyabr va 9 dekabr — dushanba kunlariga koʻchirilishi;
bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmaydi.
2024 yilda besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kunlari quyidagi tartibda koʻchiriladi:
6 yanvar — shanba kunidan 2 yanvar — seshanba kuniga;
13 aprel — shanba kunidan 12 aprel — juma kuniga;
14 dekabr — shanba kunidan 30 dekabr — dushanba kuniga.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishi munosabati bilan respublika aholisining maroqli dam olishi uchun turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari, sanatoriylar va sogʻlomlashtirish muassasalari, «Uzbekistan Airways» AJ, «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar beriladi va aksiyalar oʻtkaziladi.
Gujum.uz