22 – mart mamlakatimizda Mahalla tizimi xodimlari kuni

0
88
marta koʻrilgan.

Bugun, 22 – mart mamlakatimizda Mahalla tizimi xodimlari kuni. U navroʻz ayyomiga uzviy bogʻlanib ketgani bejiz emas. Mamlakatimiz boʻylab barcha mahallalarimizda bayram shukuhi kezib yuribdi.

Jumladan, navruz tantanalari Gurlan tumanidagi Guliston qishlogʻida ham keng  nishonlandi. Qishloqning 33- maktabida boʻlib oʻtgan Navruz bayramida dasturxon milliylik asosida bezash bilan birga xalqimizning qadimiy anʼanalariga, qadriyatlariga alohida eʼtibor berildi. Maktabning yuqori  sinf oʻquvchilari oʻrtasida milliy taomlar bilan dasturxon bezash, arqon tortish, tosh koʻtarish,  qoʻl kurashi boʻyicha bellashuvlar oʻtkazildi. Bu musobaqada 11a sinf oʻquvchilari 1-oʻrinni, 11b sinf  2- oʻrinni, 7b sinf oʻquvchilari 3-oʻrinni egallashdi.

Maktab maʼmuriyati gʻoliblarni qimmatbaho sovgalar bilan takdirladi. Tadbirda ota – onalar va  oʻqituvchilar juda faol qatnashdilar. Maktab tadbiri mahalla bayramiga aylanib ketdi. Zero, maktab mahalla yettiligi bilan mustahkam aloqada faoliyat yuritadi.

Qiziqarli tashkil etilgan, koʻtarinki ruxda  oʻtkazilgan tadbir soʻnggida maktab direktori M. Rajabov qoʻsh bayram – navroʻz va Mahalla tizimi xodimlari kuni  bilan barcha maktab jamosini, mahalladoshlarini, jonkuyar va fidoyi mahalla faollarini chin yurakdan tabriklab, ularning ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Ota-onalar ham maktabga ahliga, yurtimizga ezgu tilaklar bildirishdi: “Ilohim, har kunimiz Navroʻzdek goʻzal, Navroʻzdek fayzli va mazmunli boʻlsin. Yurtimiz tinchligi,osmonimiz musaffoligi bizning baxtimiz va u bardavom boʻlsin”, – deb dillaridagini izhor qilishdi.

Jumagul ROʻZMETOVA, faxriy oʻqituvchi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.