Umr taʼbir joiz boʻlsa, muhtasham binoga oʻxshaydi. Uni taʼmirlamasang, buyoq bermasang, tezda ishdan chiqadi, nuraydi. Inson hayoti davomida oʻz ustida ishlamasa, izlanmasa qulashi hech gap emas.
Umr karvonining har lahzasini isloh qilish, ezguliklarga toʻldirish muhim hodisa. Qadrli ustozim Soliyajon Rahimberganova umrini ana shu tartibda bezayotgan, kasbidan hurmat va baraka topayotgan ayollardan biri.
Oʻz kasbining qadriga yetgan ustoz qanchadan-qancha shogirlar tarbiyaladi. Ular orasida men ham borman. Ustozning oʻziga xos talabchanligi, ishga boʻlgan masʼuliyati barchamizga ibrat maktabi. Men oʻzimni har soniyada ustozimning nazoratida ekanligimni xis qilib turaman. Negaki, ustoz hamisha maqolalarimiz haqida fikr beradilar, yoʻl koʻrsatadilar.
Hali esimda. 7-sinfda oʻqib yurgan paytlarimda opam- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ranojon Zaripovaga oʻxshab jurnalist boʻlishni orzu qilganman. Maktab devoriy gazetasiga maqolalar yozardim. Yozganlarimni qachonki, Toshkentdan kelsalar, koʻrsatardim. Bir kun opam “Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyatida ishlayotgan hamkasbi Soliyajon Rahimberganovaga uchrashimni, uning oldiga tez-tez borib turishimni tayinladilar.
Rahmatlik otam “Matbuot uyi” ga olib bordilar, ammo ichkariga kirmadilar. Hozir oʻylab qarasam, oʻzim harakat qilishim, odamlar bilan gaplashishni oʻrganishim uchun shunday qilgan ekanlar. Oʻshanda shaharning hashamatli imoratlaridan biri boʻlgan binoning uchinchi qavatiga chiqdim. (Hozirgi Urganch shahar soliq idorasi) Qoʻlimda ikki varaqlik kichik bir hikoyamni mahkam ushlab, chala ochiq qolgan baland eshikdan iymanibgina moʻraladim. Uzun xonada besh erkak va birgina ayol oʻtirishardi. Hammasi birdek, boshi egik, ish bilan band, nimalarnidir yozishyapti. Xonada esa jimlik. Mening hayajonim ichimda. Kirsammi, kirmasammi, degan hadik bilan yoʻlakda uzoq turib qoldim. Shu mahal boʻylari baland, shaxdam qadamlar tashlab, bir ayol “Hoy qiz, kimning oldiga kelding”, deya shu xonaga kirdi. Bu mashinkachi Sorajon Egamberganova edilar. Oʻtirganlar yalt etib, eshik tomon qarashdi.
– Men, men Soliyajon apikam yoniga keldim, – dedim arang.
– Kir, kir ichkariga, – dedi Sorajon opa. – Qoʻlida mashinkada yozilgan qogʻozlarni avval ikki kishiga, soʻngra Soliyajon Rahimberganovaga uzatdi. Men yana kirmay, ostonada turib qoldim.
– Soliyajon, bir qiz sizni soʻrayapti, – dedi opa.
– Kir, kiraver, – dedi ustoz ham.
– Assalomu alaykum, — dedim, soʻngra sekingina stol oldiga keldim. Qolgan besh nafar kishi boshini ishdan koʻtarmay ishlashardi.
– Men Raʼno opaning singlisiman. Ismim Dilbarjon, dedim.
– Ha, Raʼno opam bilan gaplashgandim. Nimalar yozding. Qani ber-chi?
Ustoz ishini qoʻyib, yozganlarimni qunt bilan oʻqib chiqdilar. Hayajonim juda kuchli edi. Yuragimni hapqirtirgan xis-hayajonlarimni yashirish mushkul boʻldi. Negaki, maʼqul boʻlarmikan, degan fikr ongimni butkul qamrab olgan edi.
– Xoʻp, yaxshi. Jumlalarda uzun-uzun ifodalardan foydalanma. Fikrlaringni qisqa, loʻnda qilib yozishga harakat qil. Dastlab shunday qilmasang boʻlmaydi. Mana qara, shu gapni uchga boʻlib ifodalaysan. Uzundan uzoq gapingdan qisqa jumlalar tuzamiz…
Ustoz ikki varaqlik hikoyani bir pastda tahlil qilib, maslahatlarini ham berib boʻldilar. Soʻngra maktabim haqida xabar yozib kelishimni tayinladilar. Gazetalarni koʻproq oʻqishimni, oddiy xabarning qanday yozilishini ham tushuntirdilar.
Topshiriq juda jiddiy. Payshanba kuniga hali vaqt bor. Soat nechada kelishimni ham aytdilar. Oradan oʻtgan kunlar fikrimni butkul “xabar” egallab oldi. Kutubxonaga kirib, bir nechta gazetalarni, jumladan, “Xorazm haqiqati” gazetasini ham varaqlay boshladim. Oʻqib-oʻrganganlari natijasida bir emas, ikkita xabar tayyor boʻldi. Biri- fan olimpiadasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchi va yana biri “Quvnoq startlar” respublika musobaqasida faxrli oʻrinni olib qaytgan maktabimiz oʻquvchilarining faoliyati haqida boʻldi. Payshanba borsam, ustoz shoshilinch topshiriq bilan tumanga chiqib ketgan ekanlar. Ertasiga sal dadilroq boʻldim. Yozganlarimni yana tahlil qildilar, kamchiliklarni tagʻin tushuntirdilar. Xabarlarim navbatdagi sonlarida chop qilindi. Shu taxlit kichkinagina xabarim kattakon bir gazetada chop qilinganidan qush misoli uchdim. Oʻsha paytdagi quvonchimni taʼriflashga ojizman. Bunday hursandchiliklar insonga kamdan-kam beriladi. Shu tariqa jurnalistikaga boʻlgan qiziqishimni yanada ortishida Soliyajon Sapayevnaning oʻrni beqiyos boʻldi…
Ustoz hozir ham oʻsha dorilfununda, anirogʻi hammamiz uchun sevimli boʻlgan tahririyatda, samarali mehnat qilyaptilar.
Bizning “Xorazm haqiqati” gazetamiz chin maʼnoda ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy hayotni aks ettiruvchi asosiy vosita sifatida jamiyat, insoniyat taraqqiyotida yuz yillik muhim tarixiy vazifalarni bajarib kelmoqda. Nafaqat vohada, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi ishlarning, xalqimizning tinch hayoti va ijodkorona mehnatining solnomachisi boʻlyapti.
“Xorazm haqiqati” gazetasining har bir soni qoʻlimizga yetib kelguncha intiqlik bilan kutamiz. Chunki, bu gazeta axborotlarga, yangiliklarga boʻlgan ehtiyojlarimizni qondiradi. “Xorazm haqiqati” gazetasi har birimiz uchun qadrli. Jumladan, menga ham. Bu dargohda Soliyajon Sapayevna kabi tajribali jurnalistlar, ustozlar bilan yelkama-yelka birga oʻn yil davomida ishlash nasib qilganidan baxtiyorman. Gazeta tahririyati hozirgacha yosh jurnalistlar uchun katta maktab, dorilfunun vazifasini bajarib kelmoqda. Qancha-qancha insonlar, yoshlar ushbu universitet saboqlarini olib kam boʻlmadilar, sinovlarda toblandilar.
Gazeta chop etilayotganiga bir asr boʻldi desam haqiqatni aytgan boʻlaman. Yuz yil aytishga oson, ammo oʻtgan yillarning oʻziga xos bosqichlarida tamal toshini qoʻygan, mehnatda pishgan, oʻtkir qalami bilan elda aziz va mashhur boʻlgan insonlarni, jurnalistlarni eslaymiz, albatta.
Maʼlumki, XIX asrning oxirlarida Muhammad Rahimxon II-Feruz tashabbusi bilan saroy kutubxonasida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma asarlarni kitob shaklida nashr qilish uchun Erondan toshbosma (tipografiya) anjomlari Xivaga keltirilgandi. Vohada tashkil etilgan ilk davriy nashr “Xorazm haqiqati” (“Inqilob quyoshi”) ning dastlabki sonlari ham Xivada Otaxon Obdalov va uning shogirdlari tomonidan toshbosma usulida bosila boshlangan. Ana shunday boy tajriba va tarixga ega soha xodimlari bugun ham ulkan ishlarni amalga oshirayotganining guvohi boʻlasiz.
Bugun gazeta tahririyati Soliyajon Sapayevna rahbarligida oʻz faoliyatini zamon darajasiga koʻtarishda, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlashda, internet tarmogʻining rivojlanishi jarayonlarida muhim vazifalarni bajarib kelmoqda. Aholining siyosiy va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishda, fuqarolarning mamlakatimiz taraqqiyotiga qoʻshadigan hissasini yanada yuksaltirishda, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan avaylab-asrab tarbiyalashda, oilalarda sogʻlom muhitni qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etishi bilan odamlar fikr va oʻylarini, jamiyatda boʻlayotgan voqea va hodisalarga munosabatlarini erkin va mustaqil ifodalay oladigan minbar vazifasini ham oʻtayapti.
Keyingi uch yil ichida sohaga doir bir qancha qonunlar va qonunosti hujjatlarining qabul qilinganligi ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish, soʻz erkinligini taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etdi. Bu esa soha xodimlari-jurnalistlarning jamiyat oldidagi burchlarini yanada teran his qilishga, zamon bilan hamnafas boʻlib, voqealarni xolis va toʻgʻri tahlil qilgan holda yoritishga undayapti. Mamlakatimizda soha rivojiga qaratilayotgan siyosat ommaviy axborot vositalarini samarali rivojlantirish, uni fuqarolik jamiyatining muhim bir instituti sifatidagi oʻrni va rolini yanada oshirishga xizmat qilyapti. Hech mubolagʻasiz aytish mumkin, bugun tahririyat faoliyatida ham tizimli ravishda bozor mexanizmlari shakllanmoqda. Buni eng avvalo oʻqimishli rang-barang maqolalar, oʻzaro ijobiy raqobat va samarali hamkorlikda koʻrish mumkin. Jonajon “Xorazm haqiqati” gazetasi ham ana shu bosqichda sobitqadam bilan bormoqda. Negaki, oʻquvchilarning birdek mehrini, eʼtiborini qozonish oson emas. Bugun axborot globallashuvi jarayonlarida oʻquvchi oʻzi xohlagan axborot resurlaridan istaganicha maʼlumotlarni bir zumda olish imkoniyati mavjud.
Gazeta sahifalarida chop qilinayotgan tanqidiy-tahliliy maqolalar, jamoatchilik fikrni uygʻotadigan muammoli chiqishlar fikrimizning yaqqol dalili. Fikrlar xilma-xilligini rivojlantirishda gazetaning alohida xizmatlari bor. “Dolzarb mavzu”, “Qaror va ijro”, “Gazetada bosilgach…”, “Bozorlarda ahvol qanday”, “Shu kunning mavzusi”, “Sayyor qabullarda”, “Toʻylar haqida oʻylar”, “Xalq qabulxonalarida” kabi sermazmun va rang-barang ruknlar ostidagi maqolalar shular jumlasidan.
Sir emas, bugun zamonaviy axborot makonida jurnalist kasbi vazifasi, mohiyati oʻzgarmoqda. Jurnalist nafaqat axborot beruvchi, balki tezkor jarayonlar surʼatiga taʼsirini oʻtkazuvchi, jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi, lozim paytlarda boshqaruvchi vazifalarini ham oʻz zimmasiga olmoqda. Jurnalist xalq manfaatlarini himoya qilayotgan shaxs sifatida jamiyatning haqiqiy koʻzi va koʻzgusi. Gazeta xodimlarining jamoatchilik fikrini shakllantirishga, oshkoralik va xolislikka qaratilgan publitsistik tahliliy materiallari, intervyu va muammoli chiqishlari natijasida vohada qator masalalar oʻz yechimini topmoqda.
Ustozim hamisha “Professional jurnalist boʻlish oson, ammo ishda xalol boʻlish muhim. Shuningdek, jurnalistikada xolislik katta ahamiyatga ega. Ijodkor voqea va hodisalarga adolat mezonlari asosida yondoshishi lozim. Aks holda nafaqat oʻzining, balki tahririyatning ham obroʻsiga putur yetadi”, deganlarida naqadar haq gapni aytdilar.
Gazeta sahifalarida paydo boʻlayotgan rang-barang ruknlar, bir-biridan oʻqimishli maqolalar yangligʻ ustoz ularning dolzarbligiga, tezkorligiga, xolisligiga alohida urgʻu beradilar. Ayniqsa, yangi islohotlarning hayotga keng tatbiq etilishi, aholiga yaratib berilayotgan sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasiga yoʻnaltirilgan dasturlar, ayollar, bolalar salomatligini himoya qilishga xizmat qilayotgan rejalar maqolalarning tub mazmun-mohiyatini ifodalaydi.
Jurnalist degan tabarruk maqomni yanada ulugʻlab, oʻz burchini vijdonan bajarayotgan, tahririyatda samarali qalam tebratayotgan barcha ustozlarga, hamkasblarimizga, xususan Soliyajon Sapayevnaga Ustoz va murabbiylar bayrami munosabati bilan cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Jurnalist ustoz-opajonimga masʼuliyatli va sharafli, dolgʻali va zarvorli ishlarida ulkan omadlar yor boʻlsin. Farzandi-Otaxonning erishgan yutuqlariga, baxtiga quvonib, uzoq umr koʻrsinlar. Boshingiz omon, martabangiz ziyoda boʻlsin, qadri baland ustozim!
Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist