Kavkaz togʻlarida — Oʻzbekiston turkumidan. Toʻqson sakkiz yoshli Mahamadi bobo Xoʻjabekov oʻgiti:  uzoq umr koʻrishning siri oila ahilligida

0
236
marta koʻrilgan.

Sirdaryo viloyatining Xavas tumanidagi Abdulla Qahhor koʻchasida istiqomat qilayotgan Mahamadi bobo Xoʻjabekov el eʼzozida, hukumatimiz gʻamxoʻrligida hayotidan mamnun boʻlib, nurli kunlarga yetganiga shukrona bildirib  yashayotgan insonlardan biri. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mahamadi bobo 1942 yili Belorussiya frontida jangga kirganida oʻn sakkiz yoshida edi. 

Urush tugaganidan keyin ham bir yil xizmat qildi. Vatanga qaytgandan keyin ham harbiy sohadan uzoqlashmadi. Harbiy qismlarda, ichki ishlar boshqarmasida ishlab, el-yurt tinchligini asrashda munosib xizmat qilib nafaqaga chiqdi.

 Urush dahshatlarini boshidan kechirgan otaxon tinchlikni, sogʻliqni, oilani qadriga yetdi. Turmush oʻrtogʻi sakson toʻqqiz yoshli  Sapargul momo bilan yetmish yilki umriguzoronlik qilib kelishadi.  Sakkiz nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Nevara, chevara, evaralarini sanashga qoʻrqadi. Har birining boshi toshdan boʻlsin. Yomonlik koʻrishmasin deya alqaydi.

 Ayni kunda yuz bilan yuzlashib turgan boʻlsa ham el orasida yuradi. Harbiy qismlarga, mahalla va oʻquv maskanlariga  koʻpni koʻrgan inson, ahil oila yetakchisi deya maʼruzalarga taklif qilishadi.

Otaxonning oʻgitlaridan:

Ahil,  namunali oila boʻlish uchun avvalo erkak kishi fidoyi boʻlishi kerak. Ayol kishining oilasiga jonfidoligi qonida boʻladi.

Topganini koʻchaga sarflab, roʻzgʻorning bor- yoʻqiga qaramasdan, faqat oʻzini oʻylab koʻchada oʻrtoqlari bilan ichib yuraversa, avvalo oʻzining sogʻligini yemiradi, oilasidan osoyishtalik ketadi.

Oilaning sirini koʻcha chiqarish yaxshi emas. Er-xotin qoʻshqanot boʻlib, bir-biriga qayishib yashasa, oʻrtadan mehr-oqibat koʻtarilmaydi. Oilaviy harorat inson umrini uzaytiradi.

Darhaqiqat, otaxon oʻz oʻgitlariga amal qilib namunali hayot kechirgan. Aroq ichgan emas, sigaret, nos chekkan emas. Faqat ishni, oilani, farzandlar tarbiyasini oʻylagan. Shuning uchun ham qarilik gashtini surib, eʼzoz- eʼtiborda yashayapti.  Har yili Toshkentdagi “Nuroniy” sanatoriysida  Sapargul momo bilan birga dam olib ketishadi.

“Yaqinda mamlakatimiz Prezidenti oʻzlari shaxsan yoʻqlab besh million pul berdilar. Tillo soat sovgʻa qildilar, mana uni  bu yerga ham taqib keldim.  Qarilik nafaqam bir million ikki yuz ming.  Bayramlarda yoshlar uyimga yoʻqlab, sovgʻa-salomlar olib kelishadi. Ularni alqab duo qilaman. Undan ortiq menga nima kerak! Yoshlarga maslahatimizni berib, uzoq umr kechirish sirlarini oʻrgatib, el orasida eʼzozda yuribmiz. Shuning oʻzi eng katta baxt. El eʼzozi, hukumatimizning eʼtibori bu Ollohning menga yuborgan nuri deb tushinaman. Yurak-yurakdan shukrona bildiraman. Bu yerga men bilan birga kelgan oʻgʻlim Xoʻjabekov Raxmon ham pensiyada. U bilan koʻplab odamlar orzu qiladigan Kislovodskdagi “Oʻzbekiston” sanatoriysida dam   olayotganimni katta bir quvonch bilan qabul qildim. Shu yerlarga davlatimiz hisobidan kelib davolanayotganimiz ham Ollohning marhamati. Yurtboshimiz yaratib bergan imtiyoz va imkoniyatlar samarasi deb bilaman. Sanatoriyning dasturxoni toʻkin, shifobaxsh suv yonimizda, hamshiralarning mehribonligi, hamma yoqni ozoda, saranjom –sarishta tutishlari  menga maʼqul keldi.

Shifo maskani direktori Saidaziz Agzamxoʻjayev bizga alohida eʼtibor berib, suhbatlashdi, talab va istaklarimizni, fikr-mulohazalarimizni eshitdi. Bizga gʻamxoʻrlik qilayotgan barcha kishilarga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Bu haqida,  qizim, albatta yozing” deydi otaxon biz bilan suhbatda.

Mahamadi boboning soʻzlarini tinglab oʻtirib, xalqimizning “qari bilganni pari bilmaydi”, degan hikmati xayolimdan oʻtadi. Qarilar borki, turmushimiz fayzli, ularning duolari bilan zamon yaxshi, el omon!

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston  Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.