Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlashga koʻmaklashish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda AQSHning USAID xalqaro rivojlantirish agentligi oʻrtasida hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu Memorandumning imzolanishi hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida davlatimiz rahbarining AQSHga rasmiy tashrifi doirasida Adliya vaziri Vashington shahrida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Boʻlib oʻtgan tadbir sud-huquq sohasida davlatlarimiz oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish borasida yangi imkoniyatlarni ochib berish uchun mustahkam zamin yaratishga imkon beradi.
Memorandum yangi oʻzaro manfaatli dastur va loyihalarni ishlab chiqishga turtki boʻlib, sud-huquq sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasini qoʻllab-quvvatlashga asos boʻlib xizmat qiladi.
Ushbu hujjatning maqsadi 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining ikkinchi “Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish” yoʻnalishini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasini qoʻllab-quvvatlashdir. Xususan, ushbu Memorandum doirasida 3 yil davomida 12 mln AQSH dollarigacha boʻlgan mablagʻlar yangi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik kadrlarni kasbiy mahoratinini oshirish, shuningdek, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarining rivojlanishiga qulay huquqiy zamin yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish moʻljallangan.
AQSHning USAID xalqaro rivojlantirish agentligi bilan imzolangan Memorandum ham qonun ustuvorligi borasida Oʻzbekiston – AQSH hamkorligining yangi bosqichi boʻlib xizmat qiladi.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi