Agentlik jamoasi YUNYeSKO rahbarlari bilan uchrashdi

0
172
marta koʻrilgan.

 Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi masʼul vakillari  Fransiyada xizmat safarida boʻlib, ular  YUNYeSKO Bosh direktori Odri Azule va direktor oʻrinbosari Moez Chakchuk bilan uchrashuv oʻtkazdilar

Uchrashuvda media sohasida hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Odri Azule YUNYeSKOning Xalqaro universal axborot olish kuniga bagʻishlangan konferensiyasini Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha Agentlik taklifini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi va Toshkent shahrini 2022 yilda «Jahon kitob poytaxti» deb eʼlon qilinishi borasidagi tashabbusga ijobiy baho berdi.

Muloqotda xalqaro loyihalarda oʻzbek jurnalist va blogerlarining ishtiroki, ularning tajribasini oshirish masalasida ham suhbatlashildi. YUNYeSKO rahbariyati Oʻzbekiston bilan barcha yoʻnalishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. 

Suhbat chogʻida Oʻzbekistonda OAV sohasini rivojlantirish, soʻz erkinligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani, gender tengligi masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

YUNYeSKO rahbari  uchrashuv haqida «Tvitter»dagi sahifasida fikr bildirdi. «Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva bilan samarali uchrashuv. Bizning tashkilotimiz Oʻzbekistondagi soʻz va media erkinligi, maʼlumot olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tarixiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi», — deb yozadi Azule. 

YUNYeSKO rahbarlari Oʻzbekistonda tashrif bilan boʻlish istagini bildirdi. Unga Fransiyaning «Assouline Publishing» nashriyoti bilan hamkorlikda tayyorlangan Oʻzbekiston haqidagi kitob-albom sovgʻa qilindi. 

Manbaa: AOKA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.