Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish bilan birga ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish xamda jamiyatda faol pozitsiyasini shakllantirishga koʻmaklashish borasida davlat va nodavlat tashkilotlarning hamkorligi kuchaymoqda.
Bu borada Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasi va NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan manzilli ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2021 yil davomida eʼlon qilingan davlat grantlari tanlovlarida Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati Toshkent shahar hududiy boʻlinmasining Olmazor, Yunusobod, Bektemir va Chilonzor tuman boʻlinmalarining loyihalari gʻolib boʻlib, ajratilgan mablagʻlar manzilli yoʻnaltirildi.
Joriy yilning 3-4 noyabr kunlari Toshkent viloyatining “Layner” sihatgoxida Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati Toshkent shahar hududiy boʻlinmasi tomonidan “Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashda nodavlat tashkilotlarning oʻrni” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasining “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiya va boshqa huquqiy-normativ xujjatlar boʻyicha tushunchalar xamda malakali shifokorlar tomonidan tavsiyalar berildi.
H.KOʻChQAROVA, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi direktori