Rossiyaning Sankt-Piterburg shahrida butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan Nikolay Ivanovich Vavilovning 130 yilligiga bagʻishlangan konferensiya mazkur yilning noyabr oyida Butun Rossiya oʻsimlikshunoslik institutida (VIR) boʻlib oʻtdi. Olimning tavalludiga bagʻishlangan anjumanga dunyoning 24 mamlakatidan genetik, seleksioner, agrotexnik va tarixchi vavilovshunos olimlar qatnashdi.
Ular safida mamlakatimizdagi Turon akademiyasining akademigi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova ham qatnashib, oʻzbekistonliklar nomidan soʻzga chiqdi. Olima N.Vavilovning oʻz vaqtida Oʻzbekistonda olib borgan tadqiqotlariga qiziqib oʻrganib chiqdi. Olimning “ Pyat kontenentov” nomli kitobini oʻzbek tiliga tarjima qildi.
Quyida Dilorom Yormatovaning olim faoliyati va unga bagʻishlab oʻtkazilgan anjuman haqidagi mulohazalarini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Insonning umrni juda qiziq. Kimdir nom-nishonsiz oʻtib ketadi. Shunday insonlar ham borki, hayotida u oʻzini emas, yurtini, odamlarni ularning yaxshi turmush kechirishini orzu qilib yashaydi, har bir daqiqasini ishga yana ishga, ilmiy kashfiyotlarga bagʻishlaydi. XX asrda yashab oʻtgan, buyuk inson akademik Nikolay Ivanovich Vavilov ana shunday igna bilan quduq qazigan insonlardan edi. N.I.Vavilov oʻta kuchli qobiliyat egasi boʻlib, 23 tilda soʻzlashgan va 26 mamlakatning akademigi boʻlgan. Jahondagi 65 mamlakatning oʻsimliklar olamini oʻrgangan hamda ularning madaniy va yovvoyi turlarini topish uchun piyoda kezib chiqqan hormas-tolmas inson edi. Fidoyi olim tomonidan yigʻilgan 46555 ta oʻsimliklarning yovvoyi shakllarining urugʻlari Oʻsimlikshunoslik institutida saqlanmoqda.
Olimning tavalludiga bagʻishlangan mazkur yilning noyabr oyida boʻlib oʻtgan konferensiyada har kuni uchta zalda yigirma beshdan ortiq turli mavzudagi maʼruzalar tinglandi. Olimlar bugun XXI asrda ham N.I.Vavilov olib borgan ishlarning barhayotligi, hali olimning kashfiyotlari toʻliq oʻrganilmaganligi haqida soʻzlashdi.
“Olimning olib borgan ilmiy ishlari shunchalik son-sanoqsiz edi-ki, uning amalga oshirgan ishlarini bir necha institut xodimlari bajara olmasdi”,-deya taʼkidlashdi. 1929 yilda Vavilov sobiq SSSR Fanlar Akademiyasining akademigi etib saylanadi . 1929 -1935 yilda VASXNIL prezidenti vazifasi unga ishonildi. Sobiq SSSRda genetikaga oid barcha kashfiyotlar unga tegishli boʻlgani uchun 1930 yilda birinchi marta tashkil etilgan SSSR Fanlar akademiyasi genetika institutining direktori lavozimi ham shu olimga topshirildi. Olimning tashabbusi bilan mamlakat boʻylab, bir qator ilmiy tekshirish muassasalari tashkil etildi. Vavilov agronomiya, seleksiya, genetika fanlarining isteʼdodli asoschisi va tashkilotchisi edi. 1923 – 1940 yillarda N.I. Vavilov va Butun Ittifoq oʻsimlikshunoslik institutining tadqiqotchi ilmiy xodimlari jami 180 ekspeditsiyada ishtirok etishdi. Institutning jahon kolleksiyasi 1940 yilda 250000 ta namuna, shundan 66 ming bugʻdoy namunasi, 10000- makkajoʻxori, 23000 ming oziqabop oʻsimliklar va hokazodir. Hozir bu kolleksiyadagi urugʻlarning bahosi yoʻq, chunki Vavilov davrida terib olingan koʻpgina oʻsimliklarning ayrimlari bugun dunyo florasidan mutlaqo yoʻqolib ketgan.
Ushbu kolleksiyadagi urugʻlar nihoyatda ehtiyotlik bilan saqlanadi, chunki ular yangi navlar yaratishda otalik yoki onalik oʻsimlik vazifasini bajarib keladi. Faqatgina Rossiya seleksionerlari emas, dunyo seleksiyasida yangi navlar yaratish borasida qimmatbaho material boʻlib qolmoqda.
N.I.Vavilov 1926 -1927 yillarda katta ekspeditsiyada boʻldi. U Afrika, Oʻrta yer dengizi mamlakatlari va Yevropa, Aljir, Tunis, Marokko, Yegipet, Suriya, Falastin, Gretsiya, Kipr orollari va Italiya, Ispaniya va Portugaliya, Oʻrta yer dengizidan Qizil dengizga, Somali va Efiopiyaga bordi. Xuddi shu orada Mrkaziy Osiyo respublikalarida ham N.I.Vavilov bir necha marta boʻldi. Shu ekspeditsiya tufayli Vavilov monografik tavsifga ega boʻlgan hamda genetikaning asosi yotgan gomologik qator nazariyasi uchun katta material toʻpladi.
Dushmanlari tomonidan qilingan tuhmatlar, chaquvlar tufayli olimning chet ellarga chiqishi taqiqlandi, ishlardan olib tashlandi, keyinchalik esa 1940 yilning iyun oyida Ukrainaga qilgan safarida buyuk olim qamoqqa olinadi. Ana shu vaqtda qilingan tintuvda olimning qanchadan qancha qoʻlyozmalari yoʻqolib ketdi. NKVD xodimlari shafqatsizlik bilan qoʻlyozmalarni olib ketishgan va yoʻq qilib yuborishgan. Lekin Vavilovning kotiba –stenografisti urush yillari va evakuatsiya boʻlishiga qaramasdan asarning koʻlyozmalarini ehtiyot qilib asrab qolgan. Bugungi kunda chop etilgan nashrlari oʻsha paytda yarmi saqlanib qolgan asarlari asos boʻlgan.
Oʻzbekiston va N.I.Vavilov
Genetika fanining asoschisi boʻlgan olimning ishlari bugungi kunda ham Oʻzbekistonda katta ahamiyatga egadir, chunki olim mamlakatimiz uchun iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan olamshumul ishni bajarib ketgan. Oʻzbekiston juda qadimdan paxta tolasi yetishtirib beruvchi mamlakatlardan biri boʻlib keladi. 1920 yillargacha Oʻzbekistonda kalta tolali kam hosilli Afrika gʻoʻzasi ekilgan. Respublikamizda 1925 yillardan keyin N.I.Vavilovning aralashuvi bilan hosildorligi yuqori, oʻrta tolali Amerika gʻoʻzasi ekila boshlandi.
Amerikalik professor Xarland bilan ham 1925 yilda Toshkentda paxtachilikni rivojlantirish uchun uchrashuvlar oʻtkazdi. Olim ushbu uchrashuvdan soʻng paxta seleksiyasi va urugʻchiligini yuksaltirish uchun qator tavsiyalar berdi. Olim dunyo boʻylab sayohatida 6 mingdan ortiq gʻoʻzaning turlarini yigʻib kelgan edi. Qaysi paxta ekadigan mamlakatda boʻlsa eng yaxshi paxta navlari va turlarining urugʻlarini oʻzi bilan olib kelar edi. N.I.Vavilov oʻzbekiston pahtachiligining rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshgan yirik olimlardan biri hisoyublanadi.
Oʻzbek dehqoni avval sitrus oʻsimliklar, kartoshka, pomidor, makkajoʻxori, soya, smorodina, malina va yana qancha ekinlarni bilmas edi. Olimning Butun Ittifoq boʻyicha 115 xududda olib borgan “Geografik ekishlar”idan soʻnggina oʻsimliklarni biologik xususiyatlariga qarab joylashtirish boshlandi. Ana shunda Oʻzbekistonga biologik xususiyatlariga koʻra mos kelgan bir qator yangi ekinlarni moslashtirish masalasi koʻrib chiqildi.
N.I.Vavilov hayoti va ijodini oʻrganganimizda olimning Oʻzbekiston boʻylab bir necha marta safarda boʻlganini yozib qoldirgan, chunki Markaziy Osiyo dehqonchiligi uni juda qiziqtirgan. 1918 yil fevralda oʻz safarlarida yigʻib kelgan urugʻlardan bir yilda ikki marta hosil olish uchun Samarqand viloyatidagi Kattaqoʻrgʻon tumani hududida joylashgan Zarafshon tajriba dalasiga bugʻdoy urugʻlarini joʻnatdi. Va uning hosildorligini kuzatib, samarasini isbotlab asarlar yozdi. Bir yilda ikki marta hosil olish tajribalarini kuzatib, xulosalarini qoldirgan edi.
1918 yil yoz oylarida birinchi marta marta Qizil shaloladagi Turkiston tajriba qoʻrgʻonida boʻlib, bu yerda ekilgan kuzgi don ekinlarining zararlantirilgan lalmi maydonlari bilan tanishdi.
1933 yil olim Oʻzbekiston paxtachiligini oʻrganish uchun kelgan Amerikalik olim S. Xarland sharafiga berilgan ziyofatda boʻlib mazmunli nutq soʻzladi va paxtachilikda olib boriladigan ishlarni bir-bir belgilab berdi. Shu yili Oʻzbekistondagi Paxtachilik tajriba qoʻrgʻonida boʻldi. Oʻzbekistonga buyuk olim oxirgi marta 1937 yilda kelib Oʻrta Osiyo oʻsimliklarini himoya qilish institutida G.D.Ugryumov bilan uchrashdi.
N.I.Vavilov doimo kelajakni koʻra olgan olimlardan edi. Haligacha hech kim ekmagan subtropik oʻsimlik zaytunni Markaziy Osiyo respublikalarida oʻsha paytdayoq ekib koʻpaytirishga eʼtibor bergan. 1929 yilda Qrimdagi Nikitskiy nomli Botanika bogʻida yetishtirilgan zaytun koʻchatlarini iqlimi issiq boʻlgan hududlarga joʻnatgan.
Bu yil yoz oyida Sochidagi subtropik ekinlar insititutining kutubxonasida boʻlganimda juda qiziq maʼlumotlarni oʻqidim. Unga koʻra bir qator ilmiy tekshirish institutlar bilan bir qatorda Andijon oʻrmon xoʻjalik tajriba qoʻrgʻoniga 12 dona va Samarqanddagi tajriba boqqa 5 dona zaytun koʻchatlari joʻnatilgan. Olimning shaxsiy topshirigʻiga koʻra 1933 yilda Suxumidan mamlakatning 53ta tajriba qoʻrgʻoniga zaytun koʻchatlari joʻnatilganligi haqida maʼlumotlarga duch keldim. Mana bugungi kunda Oʻzbekistonda ham zaytun koʻchatlarini moslashtirish boʻyicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Ushbu ishlarning natijasi sifatida Turkmaniston davlatida zaytun plantatsiyalari tashkil qilindi va zaytun sanoatini yuksaltirish asosida ishlar olib borilmoqda.
1916 yilda birinchi marta olim Shimoliy Eron, Fargʻona vodiysida boʻladi va yasmiq va fista oʻsimliklarining vatani Oʻzbekiston ekanligini aniqlab berdi.
Olimni qadimgi Xorazm dehqonchiligi juda qiziqtirib kelgan, hamma tomoni sahrolar bilan oʻralgan, ammo oʻrtada goʻzal, yam-yashil oʻsimliklar makoni boʻlgan vohani oʻrganishga harakat qilgan. 1923-1924 yillarda birinchi marta injener agronom D.D.Bukinich bilan birgalikda Buxora va Xorazmga bordi. Ikkinchi marta bir oʻzi 1925 yilda Xiva dehqonchiligini oʻrganib chiqdi va juda qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldi. Xorazm vohasi Vavilovdan oldin tarixchi arxeolog olim V.V.Bartold tomonidan oʻrganilgan edi. Olim Xorazmning eramizgacha boʻlgan yillardagi dehqonchiligi haqida V.V.Bartold maʼlumotlarini oʻzining izlanishlari bilan taqqosladi. 1925 yilda Xorazmda olib borgan agrobotanik tadqiqotlarini toʻrt yildan soʻng chop etdi. Olgan maʼlumotlari toʻgʻriligiga oʻzi ishonch hosil qildi. Olgan maʼlumotlariga koʻra u paytda Xorazmda asosan kuzgi bugʻdoy (Triticum uulgare Vill.) ekilgan, bugʻdoyning bahorgi navlari deyarli uchramagan. Oʻsha paytda ekilgan kuzgi bugʻdoylar 8 turga mansub boʻlib, kuzgi yumshoq bugʻdoy boʻlib, oddiy xalq tilida “Buxor-bugʻdoy” deb nomlangan.
Sholining (Oryza sativa L.) turi Xorazmda keng tarqalgan Urganch, Gurlan i Xazorasp tumanlarida katta maydonlarda ekib kelingan, Vavilov ekspeditsiyasiga koʻra sholining 7 turi ekilgan. Olimning Xorazm dehqonchiligi haqidagi asarida Xorazm qovunlarining shirinligi va taʼmi haqida eramizgacha boʻlgan 11 asrda Xitoyliklar maʼlumotlar qoldirgan deb yozadi. Xiva dehqonchiligi tarixini oʻrgangan olim, undagi oʻsimliklar turi Sharqiy va Janubiy Afgʻoniston va Sharqiy Hindiston dehqonchiligiga oʻxshashligini yozib qoldiradi. Shuningdek, Xorazm dehqonchiligining Amudaryo quyilishida yoyilib joylashishini Nil daryosining Misrga quyilishidagi oʻzani bilan tenglashtiradi. Har ikki oʻzanda bir xil oʻsimliklar dunyosi mavjudligini taqqoslaydi.
Ilm ahliga dunyoda tengi yoʻq boylik qoldirgan, kelajakni oldingan koʻra olgan inson qamoqda ochlikdan va kasallikdan 56 yoshida oʻlib ketadi, oradan koʻp yillar oʻtib oqlanadi. Bugun uning nomiga qancha ilm dargohlari, koʻchalar qoʻyilgan, uning ishlarini minglab shogirdlari asarlarini oʻqib davom ettirishmoqda. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda ham buyuk olimninig izlanishlari hamon asqatadi va yosh olimlarimiz uchun ham katta maktab boʻlishi tabiiy! Shuning uchun ham asarlari qayta – qayta chop etilib oʻrganilmoqda.
D.Yormatova,
Oʻzbekiston Davlat jahon
tillari universiteti professori