Oʻtgan 2017 yil universitetimiz hayotida unutilmas va quvonchli yil boʻldi. Mamlakat Prezidentii 2017 yil 15 martdagi qarori bilan Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Muhammad Al Xorazmiy nomi berildi. Taʼlim dargohimizda ulugʻ alloma nomini abadiylashtirish hamda uning buyuk va bebaho merosini chuqur oʻrganish bilan bogʻliq qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Men ushbu dargohga oʻqishga kirishni juda orzu qilgan edim. Bu yerda tajribali ustozlar, professor-oʻqituvchilar taʼlim berishayotgani hamisha eʼtiborimni tortar edi. Taʼlim muassasamizda isteʼdodli talabalar juda koʻp, tengdoshlarimiz bilan faxrlanamiz. 2017-2018 oʻquv yilida filialning 4 bosqich talabasi Doniyor Xoʻjamov Muhammad Al Xorazmiy nomidagi stipendiyaga sazovor boʻldi. 2017 yilning 17-21 noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida boʻlib oʻtgan Dasturlash boʻyicha ochiq chempionatda Oʻzbekistonimiz nufuzini himoya qilgan oliy oʻquv yurtimiz isteʼdodli talabalari- Muhammad Al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialining “TUIT Uugench Branch” jamoasi munosib oʻrinni olishdi.
Filialimizda oʻtgan 2005-2017 yillar mobaynida 6 nafar talaba Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasini qoʻlga kiritgan. 2006 yilda Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasiga Otabek Xoʻjayev, 2008 yilda Shaxnoza Matchanova, 2010 yilda Muhabbat Rahmanova, 2011 yilda Akbar Xadjayev, 2013 yilda Quvandiq Otajanov, 2016 yilda Yoʻldosh Sultonovlar sazovor boʻlishgan. Oʻzbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnik jamiyati stipendiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining stipendiyasiga 10 dan ortiq talabalar sazovor boʻlganlar.
Oliygohimiz talabalari bir qator olimpiada va tanlovlarda qatnashib, faxrli oʻrinlarni egallab kelishmoqda. Jumladan, 2010-2017 yillarda Temur Yusupov, Ozod Yusupov, Temur Saʼdullayev, Quvondiq Otajonov, Temur Qutliboyev, Jonibek Xojiboyev, Yoʻldosh Sultonov, Qudrat Ibodullayev kabi yoshlar respublika fan olimpiadalarida faxrli oʻrinlarni egallashgan. Sarvar Ollaquliyev Oliy Majlis Senati tomonidan tashkil etilgan “Parlamentarizm bilimdoni — 2013” tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
Har yili oʻtkazilayotgan Dasturlash boʻyicha jahon chempionatining chorak va yarim finallarida filial talabalari munosib qatnashib kelmoqdalar. Shuningdek, viloyat miqyosida oʻtkaziladigan koʻrik tanlovlarda ham talabalar faxrli oʻrinlarni olib kelmoqdalar Filial talabasi Sarvar Ahmedov 2013 yilda “Software” dasturlash xalqaro olipiadasining mutlaq gʻolibi boʻlib, tashkilotning stipendianti boʻlgan. Filial talabalari 2014-2015 yillarda “Yurt kelajagi” iqtidorli yoshlar Respublika tanlovining “Dasturiy taʼminot” nominatsiyasida gʻolib boʻlishgan.
Yutuqlar oʻzi-oʻzidan qoʻlga kiritilmaydi, albatta. Bu muvaffaqiyatlar ortida filialimiz profeesor- oʻqituvchilarining katta mehnatlari yotibdi. Chunki, oʻz tajribasini yoshlardan ayamayotgan va butun kuch- gʻayratini biz bilan baham koʻrayotgan ustozlarimiz bilan qanchalar faxrlansak arziydi. Professor-oʻqituvchi Pirnafas Yusupov, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Qudrat Mamedov, Dilmurod Saidov, Shavkat Ismoilov, Iroda Hajiyeva kabi ustozlarimiz fanlardan puxta saboq bermoqdalar.
Guruhimiz rahbari, tabiiy fanlar kafedrasi katta oʻqituvchisi Komiljon Bobojonov dars jarayonlarini noanʼanaviy uslubda oʻtkazib, fizika faniga boʻlgan qiziqishimizni yanada oshirmoqda. Eng muhimi, talabalarning mustaqil bilimini samarali tashkil qilish maqsadida virtual taʼlim yaxshi yoʻlga qoʻygan. Darslarimiz audio, video, animatsiyalarga boy, multimediya materiallari yordamida oʻtmoqda. Bular esa fanga boʻlgan qiziqishimizni yanada oshiryapti. Virtual taʼlim tizimiga ulanib, fan boʻyicha maʼruza matni, amaliy mashqlar va ayniqsa laboratoriya mashgʻulotlari uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanishimiz ushbu fanni yanada chuqurroq oʻrganish imkoniyatini yaratmoqda. Shuningdek, savollar va testlar orqali oʻzimizning bilimimizni baholash, monitoring qilish imkoniyatiga ham egamiz.
Mana bugungi kunda mamlakatimizning oliy taʼlim dargohlarida tahsil olayotgan yuzlagan yoshlar xorijda oʻqib-oʻrganib, el koriga yaraydigan mutaxassis boʻlib qaytmoqdalar. Koreya, Germaniyada oʻqigan tengdoshlarimiz juda koʻp. Tanlagan sohamni yanada mukammal oʻzlashtirish, ertaga tajribali soha xodimi boʻlish maqsadim bor. Hozir ingliz tilini mustaqil oʻrganyapman. Koreya davlatida oʻqishni niyat qildim. Buning uchun yanada koʻproq oʻz ustimda ishlashim, fan saboqlarini puxta egallashim zarur. Bunda menga tajribali ustozim Komiljon Bobojonov yaqindan yordam bermoqda.
Oliygohimizda biz yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxasis boʻlib yetishishimiz uchun barcha sharoitlar mavjud. “Kompyuter injiniring”, “Dasturiy injiniring”, “Telekommunikatsiya texnologiyalari” va “AKT sohasida kasb taʼlimi” va “Axborot xavfsizligi” (sohalar boʻyicha) kabi 5 ta taʼlim yoʻnalishlari hamda “Kompyuter injiniring” kabi 1 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.
2013 yil TATU Urganch filialining yangi binosi jahon talablari asosida jihozlanib foydanishga topshirilgan edi. Hozir oʻquv auditoriyalari soni 30 taga, 750 nafar talabaga moʻljallangan laboratoriya xonalari 5 taga, lingofon sinflari 1 taga, kompyuter sinflari soni 7 taga va axborot-rusurs markazidagi umumiy kitoblar fondi 16020 taga yetgan. Bugungi kunda filialda jami 792 nafar bakalavr va 5 nafar magistrlar tahsil olishmoqda. Ularga 58 nafar professor-oʻqituvchilar taʼlim- tarbiya berishyapti.
160 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyida yoshlar yashashi va taʼlim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yotoqxonada turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, savol-javob kechalari tez-tez oʻtkaziladi. Bu tadbirlar talabalar oʻrtasida oʻzaro ahillik, hamkorlik doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga yordam bermoqda.
Yaqinda filialimizda Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti tashabbusi bilan “Eng faol va tezkor dasturchi” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Ushbu bellashuvda birinchi bosqich talabalari oʻzaro kuch sinashdilar. Dasturiy injiniring yoʻnalishi talabasi Alisher Razzoqberdiyev gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin dasturiy injiring yoʻnalishi talabasi Shohruh Saʼdullayevga, uchinchi oʻrin esa kompyuter injiniring yoʻnalishi talabasi Abdulla Abdullayevga nasib qildi.
Buyuk va benazir olim, fan olamida mashhur alloma Al Xorazmiy merosini davom ettirish va munosib yashash uchun astoydil harakat qilayotgan tengqurlarimiz mehnatlari ertaga oʻz natijasi va samarasini koʻrsatishiga ishonaman.
Gulyor Palvanova, Al Xorazmiy nomidagi TATU Urganch filiali 1 bosqich talabasi